Valyuta toʻgʻrisidagi qonun avvalgisidan nimasi bilan farqlanadi?

15:24 24 Oktyabr 2019 Iqtisodiyot
275 0

Illyustrativ foto

Bugun bankomatlardan istagan vaqtimizda naqd pul yechib olishimiz mumkin. Buning uchun kecha-yu kunduz ishlovchi bankomatlar mavjud. Zarurat tugʻilganda xorij valyutasini banklar orqali sotishimiz yoki xarid qilish imkoniyatiga egamiz. Vaholonki, ilgari bu kabi imkoniyatlarni tasavvur qilishimiz ham mushkul edi. Bu keyingi yillarda mamlakatimizda moliya-bank tizimini takomillashtirish, valyutani tartibga solish, valyuta siyosatini liberallashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi, albatta.

Qayd etish joizki, kuni kecha yangi tahrirda qabul qilingan “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bu boradagi ishlarni yanada jadallashtirishga xizmat qiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan ushbu qonun mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan matbuot anjumanida shular xususida soʻz yuritildi.

— Maʼlumki, Prezidentimizning 2017-yil 2-sentyabrdagi “Valyuta siyosatini erkinlashtirishga doir birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga koʻra, Oʻzbekistonda erkin valyuta oldi-sotdisi amaliyoti joriy qilingan edi, — deydi Markaziy bank raisi oʻrinbosari Bobir Abubakirov. — Shuningdek, mazkur hujjatda Markaziy bank zimmasiga ilgʻor xorijiy tajribani oʻrgangan holda, “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi qonunni yangi tahrirda ishlab chiqish vazifasi yuklangandi.

Qonun ustida qariyb ikki yil vaqt ichida Markaziy bank, umuman, respublikamizdagi iqtisodiy blok mutaxassislari ish olib borishdi. Mahalliy olimlar, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Jahon banki kabi xalqaro ekspertlar xulosalari, jamoatchilik fikrlari inobatga olindi. Bundan tashqari, qonun keng omma muhokamasiga ham qoʻyilib, jarayondagi fikrlarga ham eʼtibor qaratildi.

Umuman olganda, yangi tahrirdagi qonun avvalgisidan bir qator meʼyorlar va mexanizmlar bilan toʻldirilgani bilan ahamiyatlidir. Xususan, unda valyutani taritbga solish hamda valyutani nazorat qilish tizimining yagonaligi belgilab qoʻyildi. Bu borada davlat siyosatini amalga oshirishda iqtisodiy choralarning ustuvorligi aks ettirildi.

Milliy valyutaning mavqeini kuchaytirish maqsadida davlat bojlari, yigʻimlar va boshqa majburiy toʻlovlar faqat soʻmda undiriladigan boʻldi. Shuningdek, tovar va xizmatlar uchun narxlar hamda jamiyatlarning ustav kapitaliga qoʻyiladigan minimal talablar ham faqat milliy valyutada oʻrnatiladi.

Rezident va norezidentlar tomonidan chet el valyutasidagni mablagʻlar ekin tasarruf etiladi. Valyuta operatsiyalari bilan bogʻliq bir qator ruxsat berish tartibotlari bekor qilindi. Masalan, jismoniy shaxslar tomonidan xorijda cheklovlarsiz hisobvaraqlar ochishga ruxsat berildi. Yaʼni endilikda siz biror bir davlatda hisobvaraq ochmoqchi boʻlsangiz, buning uchun Markaziy bankdan ruxsat olishingiz shart emas.

Shu bilan birga, jismoniy shaxslar oʻrtasida nosavdo valyuta opratsiyalari boʻyicha 100 million soʻm ekvivalentigacha miqdordagi pul oʻtkazmalarini amalga oshirishlari mumkin. Qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasidan shuncha soʻm ekvivalentidan oshmagan miqdordagi naqd pul mablagʻlarini erkin olib chiqa oladi.

Yana bir eʼtiborga molik jihati, yangi tahrirdagi qonunda havola qiluvchi normalar maksimal darajada qisqartirildi. Yaʼni endilikda u toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi hujjat hisoblanadi.

Dilshod ULUGʻMURODOV


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?