VAHIMA

16:43 18 Mart 2020 Madaniyat
321 0

Qiziq odamlar bor:

Ishi – vahima,

Ogʻizdan quloqqa qarab chopadi.

Xaridor axtarib ohu-vohiga,

Sodda kimsalarni izlab topadi.

Mabodo koʻrsa ham biror yomon tush,

Taʼbirin qiyomat qoyimga yoʻyar:

“Yo yer qimirlaydi, yo boʻlar urush...” –

Ahvol chatoq, deya, bosh chayqab qoʻyar.

Siz yangi oy yoki Zuhroga boqib,

Samoviy husndan zavqlangan mahal –

U der: “Meteorit kelar uloqib...

Zaminga urilsa – taqdirimiz hal!”

Oʻzi-ku koʻrmagan xaritani ham,

Xalqaro ahvolni qilar qizgʻin sharh:

“Neft qiymati oʻynab turibdi shu dam,

Demak, qon bosimi kabi oshar narx...”

Ne badbin xayollar kelar oʻyiga,

Shuuri – xavotir va hadik koni.

Yaxshiyam, boy emas... Yoʻqsa, uyiga

Koʻchirib kelardi butun doʻkonni.

Xullas, ishi ogʻir –

Kun boʻyi qop-qop

Vahima urugʻin dilma-dil tashish.

Kimdir kulib qoʻyar, kimdir deydi lof,

Kimningdir koʻksida nishlaydi tashvish.

Men-chi, na kulaman,

Na chekaman gʻam,

Ne qilay, anglayman uning holini.

Talabgor, ishqiboz borki unga ham –

Oson oʻtkazmoqda elga molini.

Birodar,

Uyingiz bugʻdoyga toʻlsin,

Bozor-oʻchar qilib hech qachon tolmang.

Lekin olganingiz faqat fayz boʻlsin,

Tekinga boʻlsa ham vahima olmang!

 

Nodir Jonuzoq


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?