UzAuto Motors yangi modeli Trailblazer Tailanddan olib kelinadi

11:44 04 Noyabr 2019 Iqtisodiyot
353 0

UzAuto Motors (sobiq GM Uzbekistan)ning yangi modellar qatoridan joy olgan Chevrolet Trailblazer avtomobili Tailand olib kelinadi. Bu haqda General Motors rasmiy saytida maʼlum qilingan.

Trailblazerʼni Oʻzbekiston uchun ishlab chiqarish GM Thailand tomonidan oktyabr oyining soʻngida boshlab yuborilgan. Kompaniyaga koʻra, uning sotuvi tez orada boshlanishi rejalashtirilgan.

GM kompaniyasining Janubiy-Sharqiy Osiyodagi vakili Ektor Vilyarrealning ishonch bildirishicha, “oʻzgaruvchan yoʻl sharoitlari mustahkam va ishonchli, ammo ayni paytda qulay toʻliq gʻildirakli SUV talab qiladigan Oʻzbekistonda Trailblazer ommabop mashinaga aylanadi”.

Uning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston jahon standartidagi avtomobilga ega boʻladi, chunki Tailandda avtomobil va dvigatel ishlab chiqarishda GM zavodlari ishlab chiqarish sifati boʻyicha dunyodagi eng yaxshi koʻrsatkichlarga ega zavodlardan biri hisoblanadi.

Eslatib oʻtamiz, yil boshida “GM Uzbekistan”ning uchta yangi modeli — “Chevrolet Trailblazer”, “Equinox” va “Traverse” modellarini ishlab chiqarishni oʻzlashtirish rejalari haqida xabar berildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?