“Ustama — bu sadaqa, ragʻbatlantirish esa — kamsitish emas”

09:45 03 Oktyabr 2020 Siyosat
789 0

Oʻqituvchilar, murabbiylar, tarbiyachilar, ustozlar haqida gap ketar ekan, ularga nisbatan “ilk” soʻzini ishlatgim keladi. Zero, qoʻlimga qalam ushlatib, ilk “asar”larim guvohi, menga harflar oʻrgatib, ilk talaffuzim kuychisi, mehnatga jalb qilib, ilk “pishir-kuydir”imning mehmoni, yuragimga qoʻl solib, qalbimning ilk malhami, koʻzimdagi yoshni toʻgʻri tushungan mehribonim ham mana shu insonlardir.

Ular biz bilgan, tanigan, eʼzozlagan va hurmat qilgan insonlar ichida eng azizi, qadrlisi, tabarrugi. Ushbu kasb egalarining mehnati shunday bardavom zanjirki, ustozlarning sizga bergan tarbiyasi davomini oʻz farzandlaringizda koʻrasiz. Demak, oʻgʻil-qizlaringiz qanchalik tarbiyali, bilimli, mehnatsevar, vatanparvar boʻlishi, bundan bir necha yillar oldin olgan sizning taʼlim-tarbiyangiz mevasidir.

Bir soʻz aytganda, oʻqituvchi, murabbiylarning taʼlim-tarbiyasi avloddan-avlodga oʻtib, millat va xalq rivojiga, jamiyat va davlat taraqqiyotiga taʼsir koʻrsatadi.

Aynan shu fikrlar respublika Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida oʻz aksini topgan. Davlatimiz rahbari yigʻilish ishtirokchilarga murojaat qilar ekan, farzandlarimiz maktabdan qanchalik bilimli boʻlib chiqsa, yuqori texnologiyalarga asoslangan iqtisodiyot tarmoqlari shuncha tez rivojlanadi, koʻplab ijtimoiy muammolarni yechish imkoni tugʻiladi. Shunday ekan, Yangi Oʻzbekiston ostonasi maktabdan boshlanadi, deb katta ishonch bildirdi.

Darhaqiqat, ustozlarning zimmasida juda ham buyuk masʼuliyatli vazifa yuklangan. Bu ham boʻlsa, kelajagi buyuk davlat uchun komil, har tomonlama yetuk va barkamol, maʼnan va axloqan pok, vatanparvar va insonparvar insonlarni tarbiyalab chiqarish vazifasi. Abdulla Avloniy taʼkidlaganidek, tarbiyachining oʻzi tarbiyali boʻlishi lozim.

Yuqorida keltirilgan masʼuliyatli majburiyatni faqatgina or-nomusli, oʻz shaʼnini himoya qila oladigan, gʻururi va qaddi baland, iligi va koʻzi toʻq, halolni qadrlab, haromdan xazar qiladigan, haqiqat oldida bosh egmaydigan, oʻziga ishongan mard va matonatli muallimlar bajara oladi.

Prezidentning bu yilgi tabrigida mamlakatimizning kelgusi taraqqiyotini oʻylab, oʻqituvchi va muallimlarning hayotimizdagi nufuzi va mavqeini oshirish maqsadida ularning maqomini qonun darajasida belgilash, unda yoshlarga taʼlim va tarbiya berish jarayonida oʻqituvchilar oʻzlarining salohiyatini toʻliq namoyon etishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularni ijtimoiy, huquqiy, moddiy qoʻllab-quvvatlash choralarini kafolatlash, jumladan, maktab direktori, uning oʻrinbosari, sinf rahbari, oʻqituvchining maqomini, uning asosiy vazifalari va faoliyatini baholash mezonlari hamda hisobot berish tartibini aniq belgilash taklifi berildi.

Bundan tashqari, oʻqituvchilarga ustamalar toʻlash, ularni ragʻbatlantirish mezonlari ham toʻliq qayta koʻrib chiqilishi zarur. Mazkur masalada maqsadli aniq tizim yaratilmaganligi, hisobdorlik va natijadorlik prinsiplari umuman hayotga tatbiq etilmaganligi uchun soha egalari oʻz kasblarini oʻzgartirishga majbur boʻldilar. Ustama — bu sadaqa, ragʻbatlantirish esa — kamsitish emas. Oʻqituvchining asosiy vazifasi bilim berish, berganda ham sifatli va samarali bilim berish. Chunki uning qoʻlida millat va davlat kelajagi, Yangi Oʻzbekistonning qora koʻzlari!

Shunday ekan, oʻqituvchilarning haq-huquqlari, shaʼni va qadri, nufuzi va maqomi davlat himoyasida boʻlishi shart. Ularning kasbiy faoliyatiga noqonuniy aralashuvlar, boʻlar-boʻlmas tekshiruvlar, kunora turli komissiyalar tashrifi, “yuqoridan” belgilangan boshqa ishlarga jalb qilish qatʼiy javobgarlikka tortilishi lozim.

Davlatimiz rahbari yana bir tashabbus haqida fikrlashdilar. Endi maktab direktori yil yakuni boʻyicha maktabni kelgusi 5 yilda rivojlantirish dastur ijrosi haqida mahalliy kengashda hisobot beradi va uning faoliyatiga xalq vakillari tomonidan ochiq-oydin baho berib boriladi. Maktab direktoriga intizomiy jazo berish va uni lavozimidan ozod etish masalalari ham mahalliy kengashlar bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Oʻrinli savol tugʻiladi. Xalq vakillari tomonidan maktabdagi faoliyatga ochiq-oydin baho berilishi uchun noiblarning oʻzlari ham taʼlim-tarbiya sohasidan boxabar, dars berishni “sinab” koʻrgan boʻlishlari kerak emasmi? Prezident taʼkidlaganlaridek, bugun maktabga kirmagan, maktabning, yosh avlodning dardu tashvishlari bilan yashamagan rahbarni ertaga hayotning oʻzi qabul qilmaydi.

Fikrimcha, turli bosqichdagi deputatlar ham oʻzi saylangan okruglaridagi taʼlim maskanlarida “Deputat soati”, “Tarbiya soati”, “Deputat darsi” kabi dars soatlaridan unumli foydalansa, ustozlarning shaʼni va gʻururini yuksaltirishda yelkadosh boʻlsa, Yangi Oʻzbekistonning maktab ostonasidan boshlanishiga oʻzining amaliy hissasini qoʻshadi. Zero mazkur ostonaning sajdagoh boʻlib tavof etilishi yoxud vayronaga aylanib oyoqosti boʻlishi har birimizga bogʻliq.

Gulruh AGZAMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?