“Ushlang, prokuraturaga bervoramiz”: Zoʻravon “zamhokim”lar poytaxtda ham bor. Olmazor tumanida Kun.uz xodimlari tajovuzga uchradi

16:14 15 Avgust 2019 Jamiyat
1785 0

14-avgust kuni Kun.uz xodimlari “Xiva stroy” MCHJ rahbarining tahririyatga yoʻllagan murojaati yuzasidan izoh olish maqsadida Olmazor tuman hokimligida boʻldi.

Murojaatda tashkilot tomonidan tumandagi “Ibrohim ota” mahallasida 2 qavatli uylar qurilib, kam taʼminlangan va muhtoj oilalarga berilgani, bu uylarni qurish uchun MCHJ tomonidan jami 1,5 mlrd soʻmga yaqin qiymatdagi ish bajarilgani, biroq shundan 800 million soʻmga yaqini 2018-yilning yanvar oyidan buyon berilmay kelayotgani aytilgan edi.

Olmazor tuman hokimligi binosi rekonstruksiya qilinayotgani bois hokimlik apparati vaqtincha yaqin atrofdagi kollej binosiga koʻchgan ekan. Hammasi mazkur kollej hududida sodir boʻldi.

iFrame

Kun.uz xodimlari murojaat boʻyicha izoh olish maqsadida ichkariga kirishganida tuman hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish boʻyicha oʻrinbosari Abdurasul Vahabov dastlab tadbirkorlarga, soʻng Kun.uz xodimlariga davlat organi xodimiga xos boʻlmagan tarzda muomalada boʻldi. U videotasvirga olmaslikni talab qilib operatorga tashlandi va oʻzini bosib ololmay, tajovuzkorona harakatlarini davom ettirib, tahririyat mulki boʻlgan texnika vositasini (shtativ) sindirib tashladi.

Achinarlisi, voqeaga guvoh boʻlib turgan ichki ishlar xodimi va hokimlik vakillari ham bu holatga tomoshabin sifatida qarab turishdi. Zoʻravon oʻrinbosar esa muxbirlarni prokuraturaga topshirib yuborish bilan tahdid qildi.

Qayd etish kerakki, bu Abdurasul Vahabovning Kun.uz ijodiy guruhiga birinchi marta tajovuz qilishi emas. Shu yilning yanvarida ham aynan ushbu amaldor koʻpchilik oldida ogohlantirib oʻtirmay, sayt videokameralariga yopishib, operatorlarga tashlangan edi. Oʻshanda bu holatga koʻz yumilgan edi. Biroq, bu masʼul shaxsning bu safargi harakati hech qanday axloq meʼyorlariga toʻgʻri kelmaydi.

Biz hokimlik binosiga tadbirkorlar bilan ochiq muloqotni tasvirga olishni maqsad qilib borgan edik. Hokim oʻrinbosari esa kamera lavhasiga tushishni xohlamasligini oddiy soʻzlar bilan aytsa ham tushunarli boʻlar edi. Aholi murojaatlari vaqtida bunday holatlar boʻlib turadi va kimdir kamera qarshisida gapirishni istamasa, buni toʻgʻri tushunish mumkin.

Bizku davlatning ochiqlik siyosatiga oʻz hissasini qoʻshayotgan jurnalistlarmiz. Maqsadimiz – xalq dardiga quloq tutish, odamlarning muammolarini yoritish, bu orqali shu kabi holatlar boshqa takrorlanmasligiga hissa qoʻshish-ku? Agar bu amaldorning oldiga oddiy fuqaro yoki tadbirkor shikoyat bilan borsa, qay ahvolga tushadi? Davlat rahbarining shaxsan oʻzi viloyat hokimlariga jurnalistlardan uzr soʻra, deb turgan bir vaqtda hokim oʻrinbosarining bu tajovuzini qanday tushunish mumkin?

Vaholanki, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunida jurnalist jurnalistlik faoliyatini amalga oshirish chogʻida shaxs daxlsizligi kafolatidan foydalanishi koʻrsatib qoʻyilgan. Nahotki, Olmazor tuman hokimi oʻrinbosari Abdurasul Vahabov qonun boʻyicha davlat jurnalistga axborotni erkin olishi va tarqatishini kafolatlashi, oʻz kasbiga doir faoliyatni amalga oshirishida uning himoya qilinishini taʼminlashi yozib qoʻyilganidan bexabar boʻlsa?

Qonun ustuvorligiga masʼul idoralardan ushbu holat boʻyicha tezkor choralar koʻrilishini soʻrab qolamiz.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?