Unutilgan oʻsimliklar insoniyatni ochlikdan saqlab qola oladimi?

17:50 25 Avgust 2018 Lifestyle
902 0
Foto: Pinterest

Faqatgina toʻrt ekin turi - bugʻdoy, makkajoʻxori, guruch va soya - jahon oziq-ovqat taʻminotining uchdan ikki qismini tashkil etadi. Biroq malayziyalik olimlar oʻtgan tarix davomida insoniyat tomonidan unutilgan oʻsimliklarni “qayta tiriltirish” orqali bu tartibni oʻzgartirish niyatida, deb yozadi “Bi-bi-si”.

Malakka Boʻgʻozi yaqinida joylashgan fermer Lim Kok Anga qarashli kichik bogʻda birgina kedondong daraxti oʻsib turibdi. Kedondong - etdor, nordon olmasimon meva boʻlib, malayziyaliklar uni, koʻproq, tuzlama va salatlarga qoʻshadilar.

“Bu meva uncha mashhur emas”, - deydi 45 yoshli Lim.

Janob Lim kedondongdan koʻra xaridorgir longan mevasi va ananas yetishtirishga eʻtibor qaratgan. U kabi mevachilikka ixtisoslashtirilgan kichik fermerlar uchun bozori chaqqon boʻlmagan kedondongni yetishtirishdan naf yoʻq.

“Yaxshi foyda keltiradigan mahsulot yetishtirishga majburmiz”, - izohlaydi u.

Bu yerdan bir soatchalik yoʻl narida esa uchta ulkan kumushrang gumbaz ostida olimlar oziq-ovqat kelajagini oʻzgartirish borasida bosh qotirmoqdalar. Ular kedondong kabi oʻsimliklarni insonlarning kundalik isteʻmoli uchun “muqobil” mahsulotga aylantirish yoʻlida harakat qilmoqdalar.

Crops For the Future yoki CFF (Kelajak ekinlari) xalqaro tadqiqot markazining bosh qarorgohida kedondong mevasidan C vitaminiga boy shakarsiz sharbat olish usuli ishlab chiqilgan.

“Bu yerda koʻrib turgan ekinlaringizning bari insonlar tomonidan yillar davomida unutilgan”, soʻzlaydi CFF rahbari Said Aʻzam-Ali markazning Malayziya poytaxti Kuala- Lumpur tashqarisidagi bogʻlarida tebranib yotgan turli oʻsimliklarga ishora qila turib.

Baland boʻyli moringa daraxtlari, qaymoqrang bambara yeryongʻogʻi, nordon kedondong mevasi - bu oʻsimliklar asrlar davomida tor doirada yetishtirib kelingan, ammo dunyoda ularni deyarli bilishmaydi. Hattoki, ular madaniylashtirilgan joylarda ham talab yuqori emas. Ekinlarning “katta toʻrtligi” taʻsirida ular eʻtibordan chetga chiqib qolgan, deydi janob Aʻzam-Ali.

“Biz bu toʻrt asosiy ekinga qaram boʻlib qolganmiz. Aslida, insoniyat minglab yillardan beri 7,000 dan ziyod madaniy ekinlarni yetishtirib keladi. Biz shunchaki ularga nazar solmaymiz, xolos”.

Tadqiqotchilar mazkur “unutilgan” ekinlarning salohiyatini imkon qadar chuqurroq oʻrganishga urinmoqdalar.

Issiqxona taʻsirini yuzaga keltirayotgan gazlarning uchdan ikki qismi oziq-ovqat sanoati tomonidan atmosferaga chiqariladi. 2050 yilga qadar dunyo aholisi soni 10 milliardga yetishi taxmin qilinmoqda. Buncha aholini boqish uchun esa hozirgidan 50 foiz koʻproq oziq-ovqat mahsuloti ishlab chiqarishga toʻgʻri keladi. Bunday miqdordagi oziq-ovqatni tayyorlash, agar hozirgi sharoit oʻzgartirilmasa, atrof-muhitga yanada ziyon yetkazish, bioxilma-xillikni yoʻqqa chiqarish evaziga kechishi shubhasiz.

CFF markazining qayd etishiga koʻra, unutilgan ekinlarni keng isteʻmolga olib kirish masalaning yechimi boʻla oladi. Bunday ekinlarni koʻpaytirish orqali davlatlarning import mahsulotlar va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini tashishga moʻljallangan transport tarmoqlariga qaramligi kamayadi. Bundan tashqari, unutilgan ekinlarni koʻpaytirish iqlim oʻzgarib, biz yetishtirayotgan asosiy ekinlar kelajagi savol ostida qolayotgan bir vaqtda oziq-ovqat xavfsizligini taʻminlay oladi. Janob Aʻzam-Alining aytishicha, bu ekinlar iqlim oʻzgarishiga anchayin chidamli. Uning xulosasi qatʻiy: “Oziq-ovqat mahsulotlari turini kengaytirish insoniyat kelajagi uchun hayot-mamot masalasidir”.

Oziq-ovqat sanoatidagi aksar mutaxassislar ham bu fikrga qoʻshiladi. “Dunyoda oziq-ovqat taqchilligi yoʻq, balki biz eʻtibordan chetda qoldirgan ekinlar bor, xolos”, - deydi Singapur Milliy universitetining Suv siyosati institutida ishlovchi Sesiliya Tortahada.

Janob Aʻzam-Ali unutilgan ekinlarni keng isteʻmolga olib kirish oson kechmasligini yaxshi anglaydi. U 1980-yillarda Nigerda hech qanday texnika va texnologiyasiz ekinlar parvarishlab, oilasini boqayotgan ayollarni uchratadi. Oʻsha payt uning miyasiga bunga oʻxshash muqobil oziq-ovqat tizimlarini yaratish fikri keladi.

“Biroq fikrimga nisbatan qarshilik kuchli boʻlgan edi”, - xotirlaydi u.

Shunday boʻlsa-da, janob Aʻzam-Ali fikrida sobit turadi. Loyiha ortidan loyiha yaratib, unutilgan ekinlarni oʻrgana boshlaydi. Ularning turli atrof-muhit sharoitida qanday oʻsishi, hosil berishini kuzatadi.

Gumbazlardan birining markazida oziq-ovqat texnologiyasi boʻyicha mutaxassis Tan Sin Lin yashil rangdagi xamirni qorishga urinmoqda. Moringa daraxtining barglarini ezib tayyorlangan kukun, olimlarning fikricha, bugʻdoy uni oʻrnini bemalol egallay oladi. Moringa “uni”dan glyuteni kamroq, ozuqalarga boyroq pirog pishirish mumkin.

Sin Lin xonimning vazifasi bunday noodatiy mahsulotlardan bizning kundalik taomnomamizdan joy olgan ovqatlarni tayyorlash yoʻllarini oʻrganishdir.

“Men qadimiy retseptlardan foydalangan holda unutilgan ekinlarni zamonaviylashtirishga harakat qilaman”, - deydi u. U jamoatchilik eʻtiborini “qashshoqlar ovqati” nomini olgan unutilgan ekinlarga tortish ilinjida.

Ekinlar, oʻz vaqtida, siyosiy bosimlar tufayli ham unutilishga yuz tutgan. Masalan, Afrikadagi Sahroyi Kabir hududiga tegishli boʻlgan oqsilga boy bambara yeryongʻogʻi Janubi-Sharqiy Osiyoda ham ekib kelinadi. Bu oʻsimlik bir vaqtlar mustamlakachilar taqiqiga uchragan.

“Bambara yeryongʻogʻini oʻstirgan afrikalik ayollar bu ishi uchun jazoga tortilgan”, deydi janob Aʻzam-Ali. “Mustamlakachilar bambaradan yogʻ olib boʻlmasligi, bozorda xaridorgir boʻlmagani uchun uni taqiqlashgan”.

Hozirgi kunda Bambara CFF tomonidan eng koʻp oʻrganilgan oʻsimlik boʻlib, markaz uning salohiyatini sarmoyadorlarga yanada kengroq ochib berishga harakat qilmoqda. Misol uchun, bir vaqtlar faqat Boliviya va Peru togʻlarida yetishtirilgan kinoa (gʻalladoshlarga oʻxshash donli oʻsimlik) bugunga kelib, ozuqa moddalarga boy don sifatida butun dunyoga tarqalmoqda.

Ekinlarning oziq-ovqat sanoati tomonidan ozuqa moddalarga boyligi emas, balki hosildorligiga qarab tanlanishi ham koʻplab oʻsimliklarning eʻtibordan chetda qolib ketishiga sabab boʻlgan. 1960-yillarda yuzaga kelgan “yashil inqilob”dan beri hosildorligi yuqori ekinlar qishloq xoʻjaligini egallab oldi.

20-asrda insoniyat yuzlashgan bir qancha dahshatli ocharchiliklar oziq-ovqat taʻminotini kuchaytirish ehtiyoji tugʻilishiga sabab boʻldi.

“Atmosferada karbonat angidrid miqdori koʻpayib borayotgani tufayli ekinlarning ozuqaviy qiymati tushib ketmoqda”, - deydi janob Aʻzam-Ali. “Shu sababdan biz ozuqa moddalariga anchayin boy boʻlgan unutilgan ekinlarni isteʻmolga olib kirishimiz lozim”.

Gumbazlarning birida olimlar yuqori harorat va karbonat angidridning turli darajasi muqobil ekinlarga qanday taʻsir oʻtkazishini oʻrganmoqda.

AQSHda joylashgan Food Tank tahliliy markazidan Daniyella Niyerenberg CFF qishloq xoʻjaligida muqobil ekinlarni joriy etishga intilayotgan yagona “oʻyinchi” emasligini taʻkidlaydi. Crop Trust, Slow Food, Icrisat va Biodiversity International kabi kompaniyalar dunyo ahlining oʻrta sinfga mansub qatlami uchun ozuqalarga boy ekinlarni izlash ustida ter toʻkmoqda.

Afrika va Janubi-Sharqiy Osiyoning qashshoq mintaqalarida asosan ayol fermerlar avloddan avlodga oʻtib kelayotgan urugʻlarni parvarishlash orqali oilasini boqishga intiladi. Shu sababli unutilgan ekinlar, aksar hollarda, “qashshoqlar taomi” deb ham ataladi.

Biroq shakar, yogʻ va qayta ishlangan mahsulotlarga asoslangan gʻarbona ovqatlanish madaniyatiga nisbatan qiziqishning oshib borishi unutilgan ekinlarning, hatto, oʻz Vatanida ham nazardan chetda qolishiga sabab boʻlmoqda.

Masalan, Malayziya restoran va umumiy ovqatlanish shoxobchalarida import qilingan oziq-ovqat mahsulotlari mahalliy fermerlar taklif qilayotgan mahsulotlar oʻrnini egallamoqda. Restoratorlarning aytishicha, odamlar chetdan kelgan mahsulotlarga “obroʻ timsoli” sifatida qaragani tufayli mahalliy ekinlar bozorlarda oʻz oʻrnini topa olmayotir.

Baʻzi tahlilchilarga koʻra, unutilgan ekinlar kelajakda, albatta, kun tartibiga koʻtariladi.

“Iqlim oʻzgarishi oziq-ovqatga nisbatan qarashlarimizni ham oʻzgartirib yuborishi aniq”, - deydi London Universitetidan professor Tim Lang.

“Biz oʻrgangan asosiy ekinlar hosildorligi tushib ketgandan soʻng boshqa mahsulotlarni isteʻmol qilishga koʻnikishga majburmiz”.

Janob Aʻzam-Ali oʻzi taklif qilayotgan ekinlar uchun sarmoyadorlar topish mushkul kechayotganini aytadi.

“Koʻp sarmoyadorlar kelib, ekinlarimizni koʻrdi, qilayotgan ishimizga qiziqqanligini aytdi. Biroq bu ekinlarni bozor tortmasligini vaj qilib, ketib qoldi”.

Ammo CFF odamlar kun kelib, unutilgan ekinlarni hech ikkilanmay isteʻmol qilishi uchun harakatdan toʻxtamaslikka qatʻiyan ahd qilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?