“Umidimiz sizdan, doktor”

14:37 08 Noyabr 2019 Jamiyat
149 0

Buxoro viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markaziga ogʻir ahvolda keltirilgan bemorning qarindosh – urugʻlari shifokor Shermuhammadxoja Tursunovni operatsiya xonasiga “Hamma umidimiz Sizdan, doktor” deya kuzatib qolishdi.Yurak infarkti bilan ogʻrigan ayolga davolashning zamonaviy usuli qoʻllanildi yaʼni stentlash amaliyoti bajarildi.

Natijada endigina 23 yoshga qadam qoʻygan, gulday ikki farzandi boʻlgan ayol sogʻayib oilasi bagʻriga qaytdi.

Osmondan bulutlar aridi. Koʻngil yorishdi.Umidlar roʻyobga chiqdi. Shifokordan minnatdor nigohlar tasviriga esa har qanday qalam ojiz...

-1985-yilda Buxoro tumanidagi Chorbakr qishlogʻida tugʻilganman,-deydi Sh. Tursunov.-Buxoro tibbiyot institutining davolash fakultetini tugallagach, akademik A. N. Bakulev nomidagi Moskva shahar yurak qon tomir ilmiy – tadqiqot institutida yurak qon tomir kasalliklari xirurgiyasi boʻyicha tahsil oldim.Keyin shu institut aspiranturasida oʻqib, ilmiy izlanishlar olib bordim va tibbiyot fanlari nomzodi boʻldim.

Shundan soʻng qahramonimiz oʻz bilim va malakasini oshirishda davom etdi.2015-2016-yillarda akademik N. I. Pirogov nomidagi 1 – son Moskva shahar klinik kasalxonasida rentgenendovaskulyar xirurgiya boʻyicha taʼlim oldi.Ayni damda u akademik A. N. Bakulev nomidagi Moskva shahar yurak qon tomir ilmiy – tadqiqot instituti doktorantidir.

--Oʻshanda 2017-yilning yanvari edi,-deya eslaydi Sh. Tursunov.-Moskvada ijtimoiy tarmoqlari orqali respublikamiz Prezidenti tomonidan oʻtkazilgan videoselektordan xabar topdim.Davlatimiz rahbarining xorijda ishlayotgan oʻzbekistonlik mutaxassislarni ona –Vatanga qaytarish toʻgʻrisidagi soʻzlarini tinglab yuragim “jiz” etdi.Oradan koʻp oʻtmay respublikamiz Sogʻliqni saqlash vaziri institutimizda boʻlib, akademik L. O. Bakeriya bilan uchrashdi.

Shu tariqa oʻzaro hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyildi.Ustozi bilan maslahatlashgan yurtdoshimiz ona –shahri Buxoroga qaytadigan boʻldi.U 2017-yilning iyunidan buyon viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazining rentgenendovaskulyar xirurgiya boʻlimi mudiri vazifasida ishlayapti.

-Samarali faoliyat yuritishimiz uchun bizga hukumatimiz, viloyat hokimligi tomonidan barcha shart – sharoitlar yaratildi,-deydi jarroh.- Chunonchi, zamonaviy angeograf uskunasi ajratildi.Menga zamonaviy uy berildi.Aytmoqchi, viloyatimiz hokimi ehtiyojmand fuqarolarga operatsiya bilan bogʻliq xarajatlarni qoplashda ham yordam qoʻlini choʻzmoqda.

Hozirgacha 32 xil yoʻnalishda 9 mingga yaqin qon – tomir kasalliklarini tashxislash va davolashni yangi usullar asosida bajardik.Ularning afzalligi shundaki, jarrohlik amaliyoti teriga hech qanday jarohat yetkazmay turib bajariladi.700 nafarga yaqin bemorda yurak – ishemik kasalliklarini stentlash amaliyotini muvaffaqiyatli oʻtkazdik.Shuningdek, 7 nafar bemorni ochiq yurakda jarrohlik amaliyoti oʻtkazish orqali davolashga erishdik.

Bir soʻz bilan aytganda, ilgari xorijda yoki mamlakat poytaxtidagi klinikalarda bajarilgan murakkab jarrohlik amaliyotlari endilikda Buxoroning oʻzida oʻtkazilayapti. Hatto ayrim noyob operatsiyalar respublikamizda ilk bor mazkur shifoxonada amalga oshirilmoqda.Masalan, prostata bezi adenomasida adenoma xavfsiz oʻsmasi qon - tomirlarini berkitish amaliyoti mamlakatimizda birinchi boʻlib aynan Sh. Tursunov rahbarligidagi shifokorlar guruhi tomonidan bajarildi.

Bu kabi xayrli ishlar bemorlar va ularning yaqinlari oʻy -tashvishini yengillashtirmoqda.Mazkur boʻlimda hozir respublikamiz turli goʻshalaridan kelib davolanayotgan bemorlarni uchratish mumkin.Bularning barchasi ona – yurtiga qaytib, oʻz bilim va malakasini odamlar salomatligi yoʻlida sarflayotgan qoʻli yengil shifokorning kuchiga kuch, ishtiyoqiga ishtiyoq qoʻshayapti.

Istam IBROHIMOV,
(“Xalq soʻzi”)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?