“Umid epkinlari” Oʻzbekistondan esmoqda

10:33 09 Oktyabr 2018 Siyosat
338 0

Xorijiy OAV, taniqli siyosatshunoslar, ekspertlar Prezidentimiz tashabbuslarini global miqyosdagi ijobiy jarayon sifatida koʻrsatmoqda.

“Kuz — yilning soʻnggi, eng goʻzal tabassumi”. Bu taʼrifni bundan ikki asr muqaddam ijod qilgan iqtidorli jurnalist, “New York Post” gazetasi muharriri Uilyam Kallen Brayant bergan edi. Darhaqiqat, ayni shu pallada saxiy fasl beqiyos darajada goʻzal qiyofa kasb etadi. Balki shuning uchun ham kuzni oltin fasl, deya tariflashar. Oʻzbekistonda kuz “baraka” soʻzi bilan tutashgan. Uning turli betakror manzaralari ming bir rangda jilolanadi. Daraxtlarning turfa liboslari, mevayu sabzavotlar gʻarq pishib, dasturxonimizda tovlanishi, ob-havoning injiqlik bilan tez-tez oʻzgarib, goh issiq, goh salqin, baʼzan sharros yogʻib qoladigan yomgʻirlar sasi ham oʻziga xos zavqu shavq uygʻotadi kishida. Diyorimiz uzra esayotgan kuz shabadasi-chi? U mayin va judayam yoqimli. Mana shu xayrli shabada bugun janob Brayant yashagan joygacha, aniqrogʻi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh qarorgohi joylashgan Manxettendagi osmonoʻpar binogacha yetib bordi.

BMT Bosh Assambleyasida Antoniu Guterrish insoniyat oldida turgan global muammolar haqida fikr yuritar ekan, butun dunyo boʻylab “umid epkinlari” kezib yurganini aytdi. Bosh kotib taʼkidlashicha, bunga ijobiy misollardan biri — bizning yurtimiz. “Oʻzbekistondagi tinch siyosiy hokimiyat almashinuvidan soʻng Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida hamkorlik kuchayganiga shaxsan guvoh boʻldim”, dedi A. Guterrish.

BMT Bosh kotibi nutqining mohiyatiga eʼtibor bersak, yuqoridagi iqtibosning ahamiyati yanada yaqqolroq oydinlashadi. Antoniu Guterrish bugungi dunyoga “ishonch yetishmovchiligi sindromi”, degan tashxisni qoʻydi. Bunda iqlim oʻzgarishining asoratlari hamda zamonaviy texnologiyalardagi yashirin xavf-xatarlarga alohida eʼtibor qaratdi. “Tobi qochgan” jahon uchun zarur boʻlgan muolaja mazmuniga ham toʻxtalib oʻtdi — bu ishonchni va koʻptomonlama tartibni tiklashdir. “Qoʻshnilarda xavfni koʻruvchilar oʻzlari bilmagan holda oʻsha xavfni tugʻdiradilar”, deya qoʻshimcha qildi Guterrish.

Umumiy kelajak uchun masʼuliyat
Mintaqamizda siyosiy vaziyatni sogʻlomlashtirish jarayoni bundan ikki yil avval boshlandi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Buni Oʻzbekiston yetakchisining tashabbuslari berdi. Rossiya Federatsiyasida xizmat koʻrsatgan fan arbobi, Rossiya Fanlar akademiyasi Bozor muammolari institutining bosh ilmiy xodimi Nabi Ziyadullayevning fikricha, Oʻzbekistonning tashqi siyosatdagi yangicha yondashuvlari mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish zaruratini koʻrsatdi va Markaziy Osiyoda umidli muhitni yaratdi. Ekspert “Nezavisimaya gazeta”da bosilgan maqolasida Oʻzbekiston Prezidentining saʼy-harakatlari tufayli beshta davlatning oʻzaro munosabatlarida sezilarli natijalarga erishilgani, 2017 yildan boshlab ular oʻrtasidagi aloqalar yaxshilanayotgani, bir-biridan ancha uzilib qolgan davlatlar borgan sari yaqinlashib, oʻzaro aloqalarni mustahkamlayotganini qayd etdi.

Bundan tashqari, joriy yilning iyun oyida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus rezolyutsiya qabul qilinishi mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda yangi davrni boshlab berdi. Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti direktori Svante Kornell taʼkidlaganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida respublikamizda olib borilayotgan chuqur islohotlar mintaqadagi vaziyatga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Davlatimiz rahbarining kuz boshidan buyon oʻtgan qisqa muddatda amalga oshirgan tashrif va uchrashuvlari jadvalining oʻziyoq, Harakatlar strategiyasida koʻrsatilganidek, Markaziy Osiyodagi qoʻshnilarimiz bilan aloqalarni mustahkamlash tashqi siyosatimizning ustuvor yoʻnalishi ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Bu jadvaldan Qirgʻizistonning Choʻlponota shahrida boʻlib oʻtgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining sammiti, Tojikiston poytaxtidagi MDH sammiti va elchilarni, xususan, Turkmaniston diplomatik missiyasi rahbarini qabul qilish kabi tadbirlar oʻrin oldi.

Markaziy Osiyo “beshligi” davlatlarining vakillari uchun shu singari muntazam uchrashuvlar anʼanaga aylandi. Odatiy hol boʻlib qolgan bunday tadbirlar keyingi ikki yil ichida roʻy berdi. Ha, yaxshilikka tez koʻnikadi kishi. Ayniqsa, bu yangicha ijobiy holat qaytadan tiklangan boʻlsa. N. Ziyadullayev qayd etganidek, koʻp asrlar davomida qadimiy tamaddun beshigi sifatida insoniyatga maʼlum boʻlib kelgan, nafaqat jugʻrofiy va geosiyosiy, balki madaniy va maʼnaviy jihatdan yagona sanalgan makonda bugun 100 milliondan ziyod aholi yashaydi, ularni umumiy tarix, din, madaniyat va anʼanalar, kuchli intellektual salohiyat, oʻzaro bogʻliq kommunikatsiyalar tizimi, hamkorlikka intilish, shuningdek, umumiy kelajak uchun masʼuliyat birlashtirib turadi.

Tashriflar amaliy natijalarga qaratilgan
Oʻzbekistonning tashqi siyosiy doiradagi harakati eng yaqin mintaqa bilan chegaralanmaydi. Toʻgʻrirogʻi, shu yerdan boshlanib, kuch va tezkor surʼat olyapti. Qoʻshnilar bilan munosabatlar yaxshilanayotganini koʻrgan boshqa davlat rahbarlari ham aloqani yanada mustahkamlash maqsadida yurtimizga kelmoqdalar.

Sentyabrning birinchi kunlarida Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi tashrif buyurdi. Ikki davlat oʻrtasida sayyohlik, investitsiya, soliq siyosati, adliya, qishloq xoʻjaligi, madaniy meros, sport, yoshlar masalasi kabi qator yoʻnalishdagi hamkorlikka tegishli 12 ta hujjat imzolandi. Deyarli yuz million aholisi boʻlgan Misrdek yirik mamlakat yetakchisi erishilgan kelishuvlar kelgusida amalga oshiriladigan tashriflar va yuqori natijalar uchun poydevor boʻlib xizmat qiladi, deya eʼtirof etdi.

Oradan oʻn kun oʻtmay, mehmondoʻst Toshkent Belarus rahbarini kutib oldi. Ushbu davlat Prezidenti Aleksandr Lukashenko tan olganidek, uning Oʻzbekistonga tashrifiga ikki yil davomida tayyorgarlik koʻrildi. Natija ham tayyorgarlikka yarasha boʻldi. “Biz safarni sayyohlik maqsadida uyushtirmadik, — deb Belarus yetakchisining soʻzlarini keltiradi “BЕLTA” telegraf agentligi. — Men buni allaqachon his qildim. Biz bu yerga doʻstim va hamkasbim, Oʻzbekiston Prezidentining talab va istaklariga javoban aniq takliflar bilan keldik”.

Kuzning birinchi oyidagi AQSH va Turkiya delegatsiyalari, Malayziya elchisi bilan uchrashuvlar ham ana shunday ochiq-oydin, pragmatik ruhda, Oʻzbekistondagi yangi davrga xos va mos tarzda boʻlib oʻtdi. Mamlakatimiz har bir davlatni oʻzaro manfaatli hamkorlikka chorlar ekan, uni goʻyoki yangitdan kashf etayotgandek.

Nafaqat Ipak yoʻli...
Qitʼalarni bogʻlab turuvchi qadimiy yoʻnalishlar haqida soʻz borar ekan, biz, avvalo, mamlakatimiz hududidan oʻtgan Buyuk Ipak yoʻlini esga olamiz. Ammo qator manbalarga tayangan tarixchilarda boshqacha fikrlar ham bor.

Akademik Edvard Rtveladzening yozishicha, Ipak yoʻlidan ancha ilgari tamaddun tarixida birinchi qitʼalararo yoʻnalish mavjud boʻlgan. Bu savdo yoʻli Hindistondan Oʻrta Osiyo orqali Oʻrta Yer dengizigacha choʻzilgan. Taniqli olim qadimiy manbalar, shuningdek, tadqiqotlariga asoslangan holda, mazkur yoʻlni Buyuk hind yoʻli deb ataydi.

Buyuk hind yoʻlining noyobligi shundaki, uning bir qismi quruqlikdan oʻtsa, ikkinchisi daryolar, uchinchisi esa dengizlar orqali oʻtgan ekan. Oʻzbekiston ham goʻyo shunga oʻxshash, turlicha boʻlsa-da, bir-birini toʻldiruvchi yoʻnalishlar bilan Hindiston sari oʻz yoʻlini tiklamoqda. Prezidentimizning mazkur mamlakatga amalga oshirgan davlat tashrifi yoʻlning boshlangʻich nuqtasi boʻldi.

Nyu-Dehlidagi uchrashuvlar davomida davlatimiz rahbari har ikki xalqni tarixiy rishtalar, oʻxshash anʼanalar, maʼnaviy va madaniy yaqinlik bogʻlab turadi, deya bir necha bor taʼkidladi. Oʻz navbatida, ingliz tilida chiqadigan dunyodagi yirik gazetalardan biri “The Times of India”da yozilganidek, “Mehmon” va “Doʻst” soʻzlari deyarli bir xil jaranglaydi, demak, doʻstlik haqida gap ketganda biz bir tilda gaplashamiz”. Maqolada shunday xabar beriladi: “Yaqin orada Hindistonda xorij davlat rahbarini bunday katta miqyosda kutib olishmagan edi. Bu Hindistonning Markaziy Osiyodagi tashqi siyosatida Oʻzbekiston naqadar muhim ahamiyat kasb etishini yaqqol isbotlaydi”.

Tashrif doirasida istiqbolli yoʻnalishlarda oʻzaro manfaatli kelishuvlar imzolandi. Ekspertlar fikricha, Oʻzbekiston rahbarining tashrifi davlatlar oʻrtasidagi munosabatlar shaklini oʻzgartirdi. Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi ayni vaqtda 300 million dollarni tashkil etishi mavjud salohiyatga mos emasligi va uni bir milliard dollarga yetkazish moʻljallangani ham shundan dalolat beradi.

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi soʻzlariga qaraganda, Oʻzbekiston va Hindistonning umumiy jihatlari koʻpligi va oʻzaro yaqinligi toʻgʻrisida tarixiy maʼlumotlar dalolat beradi. “Men mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar shunday puxta asosga ega boʻlishidan faxrlanaman va xursandman, — dedi Narendra Modi uchrashuv chogʻida Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilar ekan. — Janob Prezident, men Siz bilan Oʻzbekistonga tashrifim davomida tanishdim. Sizning Hindistonga doʻstona munosabatingiz, Sizning shaxsiyatingiz menga kuchli taʼsir koʻrsatdi. Biz toʻrtinchi marta uchrashyapmiz. Lekin nazarimda, juda yaqin doʻstmiz”.

Hind tomonining fikricha, Oʻzbekiston jadal surʼatlar bilan taraqqiy topmoqda, uning imidji oʻzgaryapti. Ushbu mamlakatning elektronika va axborot texnologiyalari vaziri Ravi Shankar Prasad eʼtirof etganidek, Hindiston Oʻzbekistonning taraqqiyot yoʻlidan borayotganini koʻrib turibdi va bu yoʻlda hamkorlik qilishga, bilim, tajriba va texnologiyalar bilan koʻmaklashishga tayyor.

Beshinchi respublika hamkorlikka chorlamoqda
Zamonaviy Fransiya haqida nimalarni bilamiz? Futbolchilari — jahon chempioni, poytaxtida Eyfel minorasi boʻy choʻzib turibdi, odamlari chiroyli kiyinishadi va shirinlik qoʻshib qahva ichishni yoqtirishadi... Yana...

Bundan tashqari, juda muhim jihatlar ham borki, koʻpincha esga olavermaymiz. Fransiya Yevropa ittifoqida yuqori rivojlanishi bilan ikkinchi oʻrinda turuvchi iqtisodiyotga ega. Yadro va kosmik sohada qudratli davlat. Aksariyat koʻrsatkichlar boʻyicha dunyodagi kuchli oʻntalikka kiradi. Jahon miqyosida eng yirik investorlardan biri. “Cushman & Wakefield” global tahliliy guruhi maʼlumotlariga koʻra, oʻtgan yil davomida Fransiya xalqaro bozordagi loyihalarga 40 milliard yevro atrofida mablagʻ sarflagan.

Bu koʻrsatkichlar Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga rasmiy tashrifi doirasida boʻlib oʻtayotgan tadbirlar mundarijasini belgilaydi. Yevropadagi yirik davlat bilan muloqot siyosiy sohadagi hamkorlik, savdo-iqtisodiy va moliyaviy sohalardagi sheriklikni kengaytirish, investitsiyaviy loyihalarni birgalikda amalga oshirish, madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirish kabi masalalarni oʻz ichiga oladi. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron keyingi paytda oʻzbek — fransuz munosabatlarida mutlaqo yangicha oʻsish kuzatilmoqda, deb hisoblaydi. “Oʻzbekiston rahbarining mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarni chuqurlashtirishga katta qiziqish bildirayotganini yuqori baholayman, — dedi u. — Fransiya va Oʻzbekistonda hali foydalanilmagan salohiyat katta. Shu bois Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan rasmiy tashrif doirasida Parijda uchrashishni sabrsizlik bilan kutyapman. Tashrif bizga nafaqat ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirish va kengaytirish, balki xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga ega boʻlgan dolzarb mavzular, shu jumladan, terrorizmga qarshi kurash, iqlim oʻzgarishi kabi masalalarni muhokama qilishga imkon yaratadi”.

Darvoqe, Fransiya Respublikasining jahonda tutgan oʻrnini belgilaganda, mamlakatning BMT Xavfsizlik Kengashi doimiy aʼzolari beshtaligiga kirishini aytib oʻtmaslik mumkin emas. Oʻzbekiston Prezidentining Rossiya, Xitoy va AQSHga tashrifi hamda Buyuk Britaniyada tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari bilan uchrashuvini hisobga olsak, Shavkat Mirziyoyev shu kunlarda ushbu roʻyxatdagi beshinchi davlatda boʻlib turibdi.

Yevropada istiqbolli tahlil va xavfsizlik instituti prezidenti Emmanuel Dyupyui eʼtirof etishicha, Oʻzbekiston rahbarining Fransiyaga tashrifi birinchi galda iqtisodiyot sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi hamda bir-biri sari katta qadamlar tashlayotgan ikki mamlakatning oʻzaro sheriklik munosabatlarida muhim voqeadir.

“Biz Oʻzbekiston Prezidentining tashrifidan koʻp narsa kutyapmiz va qator hujjatlarni imzolashga tayyorlanyapmiz, — deydi “Natixis” investitsiyaviy bankining boʻlim boshligʻi Arnaut Sared. — Fransiya yurtingizda barcha sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni katta qiziqish bilan kuzatmoqda. Aminmanki, bizni koʻplab istiqbolli loyihalarning roʻyobi kutyapti”.

Ularning natijador boʻlishiga biz ham shubha qilmaymiz. “Umid epkinlari” har birimizning qalbimizdagi ishonchni mustahkamlagan holda mayin esishda davom etaveradi.
Oʻtkir RAHMAT.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?