“Ulli hovli”ga majmua tashabbuskorining yettinchi avlodi rahbarlik qilmoqda

18:26 15 Mart 2019 Madaniyat
637 0

Foto: "Xalq so'zi"

Said Rahmonov, “Xalq soʻzi online”. Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan tashkil etilgan info-tur ishtirokchilarining ikkinchi kundagi dastlabki manzili Urganch tumanidagi “Ulli hovli” majmuasida boʻldi.

“Ulli hovli” turkman millatiga mansub aholi yashagan hududdagi eng katta hovli-joy boʻlgan. Shu bois unga “ulli”, yaʼni katta sifati berilgan.

“Ulli hovli”ga kiraverishdagi qadimiy darvoza va devorga shunday yozuvlar bitilgan: “Ushbu muborak ulli hovli Xorazmshoh Abulgʻozi Bahodirxon tomonidan Soler turkmanlarining oqsoqollari Xoʻjamberdi va Shermamatboy iltimosiga koʻra bunyod qilingan. Bunyod qilingan sanasi 1694 yil”.

Ushbu tarixiy maskan Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017-2018 yillarda qayta taʼmirlanib, asl holiga keltirildi. Natijada u yurtdoshlarimiz va xorijlik sayyohlarning eng sevimli maskanlaridan biriga aylandi. Buni qarangki, majmuaga hovli qurilishi tashabbuskorlaridan biri boʻlgan Shermamatboyning yettinchi avlodi Davlatnazar Rajabov rahbarlik qilayotgan

- Bilasizmi, bu imoratlar poydevorsiz qurilgan, yaʼni devorlarning osti bir metr kavlanib, qum solingan va ustiga qamish toʻshalib, soʻng paxsa urilgan, - deydi Davlatnazar Rajabov. - Devorlar nuramasdan oʻz holicha saqlanishida ota-bobolarimiz qoʻllagan bu texnologiyaning xizmati katta. Biz unga hech qanday oʻzgartirish kiritganimiz yoʻq. Faqat loysuvoq qilib taʼmirlaganmiz, xolos.

“Ulli hovli” oʻz nomiga monand katta ekan. Salkam bir gektar maydonni egallagan. Bu yerda oʻn oʻrinli mehmonxona tashkil etilgan,

Oʻtovlar tikilgan. Bundan tashqari, hunarmandchilikning yettidan ortiq turi bilan shugʻullanish uchun ustaxonalar tashkil etilgan. Oʻzbek va turkman millatlari azaliy doʻstligining yorqin namunasi boʻlgan koʻrkam majmuaga bugun Fransiya, Polsha, AQSH, Eron, qoʻshni Turkmanistondan keladigan sayyohlarning qadami uzilmaydi. Mehmonlar bu yerda bir ariqdan suv ichib, ahil va inoq yashab kelgan azaliy doʻst oʻzbek-turkman xalqlarining turmush tarzi, urf-odatlari, milliy anʼanalari haqida yaxlit tasavvurga ega boʻladilar.

Tadbir ishtirokchilari shu yerda tashkil etilgan Navroʻz bayrami, “Sumalak sayli” tantanalarini tomosha qildilar. Hudud oshxonasiga xos boʻlgan jizzali patir yopish, tuxum barak pishirish boʻyicha mahorat darslari oʻtkazildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?