Uysizlarning pasport bilan bog‘liq muammolari hal etildi

16:00 12 Iyul 2018 Jamiyat
169 0
Foto: Toshkent shahar IIBB

Toshkent shahar IIBB muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazida biometrik pasport topshirish marosimi o‘tkazildi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

Tantanali marosimda Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish Bosh boshqarmasi boshlig‘i - polkovnik Badriddin Shorixsiyev va Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari - polkovnik Doniyor Toshxo‘jayev ishtirok etib, biometrik pasportlarni muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarning 55 nafariga shaxsan topshirdilar. Mutasaddilar shu munosabat bilan fuqarolarni tabriklab, ushbu pasport bilan hayotlarini yangidan boshlashga umid bildirdilar. Umumiy hisobda biometrik pasport olish uchun 184 nafar kishining hujjatlari rasmiylashtirildi.

Eslatib o‘tamiz, reabilitatsiya markaziga muayyan yashash joyi va pasportiga ega bo‘lmagan shaxslar olib kelinib, ularga tegishli yordam ko‘rsatiladi. Taqdir taqozosi bilan bugun og‘ir kunlarni boshidan kechirayotgan bu kabi kishilarning qayta oyoqqa turib olishlari, boshpanaga va jamiyatning teng huquqli a’zosi bo‘lishlari uchun ular ko‘makka, mehr va e’tiborga muhtoj.

Albatta, Toshkent shahar IIBB tomonidan markazda vaqtinchalik saqlanayotgan fuqarolarga doimiy ravishda yordam ko‘rsatib kelinmoqda. Birinchi galda ularni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, sog‘liqlarini va hujjatlarini tiklash, yaqinlarini topish va manzillariga yuborish chora-tadbirlari ko‘riladi. Shu bilan birga ushbu saxovat ishiga hissa qo‘shishlari uchun muruvvatli kishilar taklif qilib kelinmoqda. Toshkent shahar IIBB bu haqida bir necha bor murojaat bilan chiqdi. E’tirof etish kerak, ushbu taklif internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilindi, uysizlarga yordam qo‘lini cho‘zish tashabbusi ilgari surildi. O‘z navbatida Bosh boshqarma tomonidan kiyim-kechak va oziq-ovqat taqdim etmoqchi bo‘lganlar uchun murojaat telefonlari va manzillar haqida ma’lumot berildi. Lekin afsuski, internetdagi chaqiriqlarning ko‘pi quruq gapligicha qolib ketdi. Yordam bermoqchiman deb markaz eshigini taqillatib kelganlar barmoq bilan sanoqli xolos.

Shu o‘rinda Bosh boshqarma tashabbusini qo‘llab-quvvatlaganliklari va ko‘rsatilgan yordam uchun Toshkent shahar hokimligi va boshqa hamkor tashkilotlarga minnatdorchilik bildiradi. O‘z navbatida markazdagi shaxslarga yordam ko‘rsatish mavzusi hamon dolzarbligini ma’lum qilamiz. Kiyim-kechak, oziq-ovqat va kundalik turmush uchun zarur bo‘lgan turli gigiyenik va maishiy mahsulotlardan tashqari markazda ko‘ngilochar tadbirlar, konsert va teatr tomoshalari, psixologik mashg‘ulotlarni o‘tkazish mumkinligini yana bir bor eslatib o‘tamiz.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?