“Uchinchi front”. Afsonaviy oʻzbek razvedkachisining Markaziy Osiyoda nemis fashistlari agressiv gʻoyalarini yoʻqqa chiqargani xususida

14:35 07 May 2019 Jamiyat
2024 0

9 may — Xotira va Qadrlash kuni

Tarix sahifalarida sirliligicha qolib ketayotgan shunday voqealar borki, ularni oʻrganib, toʻligʻicha xalqimizga yetkazish uchun uzoq yillar qattiq mehnat qilishimizga toʻgʻri keladi. Masalan, “koʻhna” va “yangi” zamonlar toʻqnashuvi yillarida, xususan, Ikkinchi jahon urushi davrida, qoʻshni Afgʻonistonda sodir boʻlgan qirgʻinbarotlar jarayonida jahonning manaman degan razvedkachilariga chap berib, ularni gʻaflatda qoldirib, parokandalikka uchratgan nolegal oʻzbek razvedkachilari haqida nimalar bilamiz?! Shu maʼnoda, bugun afsonaviy qahramonlarimizdan biri, oʻzbek razvedkasini jahonga koʻz-koʻz qilgan hamyurtimiz Bahrom Ibrohimovning nolegal razvedka borasidagi faoliyati va mislsiz jasoratlarini bor boʻyi bilan koʻrsatishimiz lozim, deb oʻylaymiz.

Aynan shu insonning uzoq yillik mashaqqatli faoliyati tufayli fashistlar Germaniyasi Markaziy Osiyoda “Uchinchi front” deb atalmish qabih rejasini amalga oshira olmagan. Bugun biz bu borada oʻquvchilarga ishonchli manbalarni, haqiqiy tafsilotlarni yetkazish maqsadida mazkur soha mutaxassislaridan biri, Davlat xavfsizlik xizmati faxriysi Poʻlatjon Bobomuhammedov bilan suhbatlashdik.

— Poʻlatjon aka, siz bilan 9 may — Xotira va Qadrlash kuni bayrami arafasida suhbat qurayotganimizning ramziy maʼnosi bor. Sababi, bu kun insoniyat tarixida oʻchmas iz qoldirgan oʻsha mashʼum Ikkinchi jahon urushida front va front ortida xizmat qilganlar yodga olinadi. Shak-shubhasiz, ushbu urushda gʻanimlarga qaqshatqich zarba berib, tor-mor etishda oʻzbek xalqi ulkan hissa qoʻshganligi ayni haqiqat. Jumladan, oʻzbek razvedkachisi Bahrom Ibrohimov fashistlarning “Uchinchi front” ochish rejasini yoʻqqa chiqarishda asosiy shaxs boʻlgan, desak, mubolagʻa emas. Binobarin, mana shu “Uchinchi front” haqida xalqimizda deyarli hech qanday maʼlumot yoʻq. Uning gʻarazli mazmun-mohiyati nimalardan iborat boʻlgan?

— Fashistlar Germaniyasining “Uchinchi front” deb atalmish qabih rejasi sobiq Sovet Ittifoqining janubiy chegaralari orqali mamlakatga bostirib kirish, Markaziy Osiyo respublikalarida siyosiy va iqtisodiy vaziyatni keskinlashtirish, mazkur mintaqadagi qonuniy hokimiyatga qarshi unsurlardan foydalanib davlatni zaiflashtirishga qaratilgan gʻarazli niyatlarni nazarda tutgan. Buning uchun ular Eron va Afgʻoniston hududlarida muhojirlar tomonidan tuzilgan millatchilik tashkilotlarini moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlab, ularni yetarli qurol-aslahalar bilan taʼminlab, pirovardida mamlakatimizga qarshi urushga safarbar etishni rejalashtirishgan va mazkur operatsiyaga “Uchinchi front” deb nom berishgan. Fashistlarning bu rejasini uning ittifoqchilari razvedka xizmatlari qoʻllab-quvvatlagan hamda Eron va Afgʻoniston hududlarida faoliyat koʻrsatgan rezidenturalari orqali muhojir millatchilik tashkilotlariga Markaziy Osiyo respublikalarida qoʻporuvchilik ishlarini amalga oshirish borasida har tomonlama yordam berishgan.

— Albatta, fashistlarning yashin tezligidagi “Barbarossa” rejasi singari “Uchinchi front”ni ochish haqidagi razil niyatlari amalga oshmay qolishida oʻzbek nolegal razvedkasi sardori Bahrom Ibrohimovning xizmati beqiyos. Lekin gap shundaki, bunday katta ishni amalga oshirish uchun kishidan zukkolik, chuqur bilim va tajriba, bir necha tillarni mukammal bilish, dovyuraklik va ulkan qobiliyat talab etiladi. Shunday emasmi?

— Ayni haqiqatni aytdingiz. Bahrom Ibrohimov nolegal razvedka maydonida tasodifan paydo boʻlgan emas. U Jaloliddin Manguberdi, sohibqiron Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi afsonaviy qahramonlar yetishib chiqqan oʻzbek diyorida, dunyoning ilm-fan, taraqqiyot tamadduni markazlaridan birida — Oʻzbekiston zaminida tugʻilib, uning quyoshidan nur olgan yetuk insonlar sulolasiga kiradi.

Har bir sohaga nomzod tanlanar ekan, avvalo, uning salohiyati hisobga olinadi. Aql-zakovati, xotirasi, dunyoqarashi va qolaversa, oilada olgan tarbiyasiga ham alohida eʼtibor qaratiladi. Ana shunday ajoyib xislatlarni oʻzida jo eta olgan, beshta xorijiy tilni ona tilidek oʻzlashtirgan, mohir nolegal razvedkachi, oʻz davrida oʻziga xos oʻzbek razvedkasi maktabiga asos solgan, bukilmas iroda sohibi Bahrom Ibrohimovning mardligi va jasorati bilan har qancha faxrlansak arziydi. U qalb amri va daʼvati bilan mamlakatimiz uchun eng qiyin damlarda dushmanga qarshi kurashchilarning “temir” saflariga kirdi, bor bilimi, zakovati, kuch-gʻayratini ezgu ishga bagʻishlab, soʻnggi nafasigacha Vatan himoyachilarining ezgu anʼanalariga sodiq qoldi.

— Bir suhbatimizda Davlat xavfsizlik xizmati arxivida hamda muzeyida bu inson hayotiga oid juda koʻp nodir manbalar saqlanadi, degan edingiz. Ularda Bahrom Ibrohimovning yoshligi, oilasi, taʼlim olgan oʻquv yurtlari va qolaversa, qiziqishlari haqida ham maʼlumotlar mavjudmi?

— Siz tilga olgan maʼlumotlar mavjud. Xususan, DXX arxividagi hujjatlarda Bahrom Ibrohimov 1908 yil 5 may kuni Samarqand (hozirgi Jizzax) viloyatining Baxmal tumanidagi Usmat qishlogʻida tavallud topganligi, ota-onasidan erta yetim qolib, Otajon ismli buvasi qoʻlida tarbiya koʻrganligi qayd etilgan. Shuningdek, mazkur bitiklarda kuchli xotiraga ega ekanligi ham alohida aytib oʻtilgan. Masalan, Samarqand shahridagi maktab-internatda taʼlim olgan yillarida noyob isteʼdodi, ilmga chanqoqligi, xorijiy tillarni oʻrganishga boʻlgan salohiyati bilan boshqa tengdoshlaridan ajralib turganligini tasdiqlovchi maʼlumotlar bor. 1922 yil oktyabr oyida Baxmal tumanidagi oʻrta maktabga oʻsha davrning taniqli jamoat arbobi Inʼomjon Xidiraliyev tashrif buyurganida, yosh isteʼdodli oʻquvchi Bahrom uning nazariga tushadi va natijada aynan shu rahbar tavsiyasi bilan bilim va iqtidorini yanada mustahkamlashga imkoniyatlar yaratiladi. Natijada Ozarbayjonning Ganja shahridagi pedagogika bilim yurtiga oʻqishga joʻnatiladi. Bu yerda ham u tugʻma isteʼdodini namoyish etadi. Usmonli turk va nemis tillarini puxta oʻrganadi, doʻstlari bilan hamkorlikda “Oydin” gazetasini chiqara boshlaydi.

Oʻqishni aʼlo baholarga tamomlab kelgach, Samarqandda nashr etiladigan “Alanga” gazetasida masʼul kotib lavozimida ishlaydi. Va bu yerda uning Yoʻqsil taxallusi bilan oʻtli sheʼrlar bitganini koʻrishimiz mumkin.

— Tashqi razvedka boʻyicha tajribali mutaxassislar, ekspertlar Bahrom Ibrohimovning nolegal razvedkaga — oʻta murakkab va qiyin ishga jalb etilishining asosi nimada ekanligiga katta qiziqish bildiradilar. Chunki bu sohaga hamma ham taklif etilmaydi, odatda, bunday ishlarga ming bir sinovlardan oʻtgan oʻta yuqori saviyali, bilimli va uddaburon, har qanday vaziyatdan imkon topib chiqib keta oladigan shaxslargina qabul qilinadi.

— Haq gapni aytdingiz, umuman, maxsus xizmat tizimiga, ayniqsa, uning tashqi razvedka yoʻnalishiga nomzod tanlashda hamma zamon va davrlarda ham oʻta jiddiy talablar qoʻyilgan. Aslida, haqiqiy razvedkachi — ona Vatanini jonidan sevadigan, xizmat burchiga nihoyatda sodiq, fidoyi va komil inson boʻlmogʻi darkor. Bulardan tashqari, razvedkachiga xos fazilatlar: yuksak bilim va eruditsiya (aql-zakovat), voqea va hodisalarni chuqur tahlil etish, oʻzini boshqara olish, bir holatdan ikkinchi holatga oʻtganda sir boy bermaslik, sinchkovlik, kuzatuvchanlik, kam gapirib, koʻp tinglash kabi jihatlardir. Shu bilan birga, razvedkachi sanoqli soniyalar ichida yagona va toʻgʻri qaror qabul qilishga qodir boʻlishi kerak. Hech mubolagʻasiz aytish mumkinki, Bahrom Ibrohimovda yuqorida qayd etilgan eng olijanob fazilatlarning barchasi mujassam edi.

Bundan tashqari, bizgacha yetib kelgan maʼlumotlarga koʻra, Bahrom Ibrohimovning bunday masʼuliyatli kasbni tanlashida oʻsha davrdagi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy vaziyatlarni yaxshi idrok etgan, boy hayotiy va kasbiy tajribaga ega boʻlgan hamyurtimiz Mirzaxoʻja Oʻrinxoʻjayevning salmoqli hissasi boʻlgan. Bahrom Ibrohimov uni samimiy ustoz sifatida hurmat qilgan, pand-nasihatlari, koʻrsatmalari va tavsiyalariga quloq tutgan. Shuni ham eʼtiborga olish lozimki, oʻsha davrda, yaʼni 1930-yillarda Markaziy Osiyo respublikalariga, shu jumladan, Oʻzbekistonga qarshi razvedkaviy xatti-harakatlar, asosan, Eron, Afgʻoniston va Xitoy hududlaridan turib, Buyuk Britaniya va boshqa xorijiy davlatlar maxsus xizmatlari tomonidan amalga oshirilgan. Markaziy Osiyo respublikalariga qarshi qaratilgan tajovuzkor kuchlarning payini qirqish, amalga oshirmoqchi boʻlgan rejalari haqida oldindan maʼlumot toʻplash uchun bir qancha yoshlarning ichidan 24 yoshli Bahrom Ibrohimov nomzodi munosib topilgani uning oʻta iqtidorli ekanidan darak beradi.

— Shu oʻrinda bir savol tugʻildi. Navqiron yigitning faqat isteʼdodigina hisobga olinmagan boʻlsa kerak. Shoir, jurnalist, noshir yigit tanlangani ham toʻgʻridek, nazarimda. Chunki ijodkorligi unga toʻqima tarjimai hol tuzishda, chet elda ziyoli kishilar oʻrtasida obroʻ qozonishida asqatgandek koʻrinadi. Lekin xorijga chiqarilishi oldidan yana qandaydir maxsus tayyorgarliklardan ham oʻtgan boʻlishi kerak. Bu toʻgʻrida manbalar bormi?

— Arxiv manbalariga koʻra, unga “muhojir” degan toʻqima yorliq ham oʻylab topilgan. U goʻyoki shoir, yozuvchi va tarjimon boʻlib, Shoʻro hokimiyatining “dushmani” sifatida quvgʻinga uchragan va Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasining (OGPU) tazyiqlaridan qoʻrqib, jonini saqlash maqsadida xorijga ketishga majbur boʻlgan.

Uning xorijiy davlatlardagi 23 yillik faoliyati mobaynida toʻqima tarjimai holi ham, maʼnaviy va jismoniy tayyorgarligi ham pand bermaganligi fikrimizning yorqin dalili, deb oʻylayman. Shu bilan birga, Bahrom Ibrohimov eng ogʻir vaziyatlarda, boshiga ayovsiz azobu uqubatlar tushgan pallada ham ona Vataniga boʻlgan cheksiz mehr-muhabbati tufayli bardosh bergan. Bu haqda razvedkachimizning oʻzi yozib qoldirgan yon daftarida shunday bitiklar bor: “U yoqdan tirik qaytmasligim mumkinligini idrok qilardim. Ammo xalq farzandiga xos burch hissi, odamiylik, vijdonim ogʻir sinovlarga bardosh berishimga, oldimga qoʻyilgan murakkab vazifalarni uddalashimga yordam berdi”.

— Demak, aytish mumkinki, Bahrom Ibrohimov, avvalo, oʻz kasbiga sadoqati bilan Markaziy Osiyoni, xususan, bizning diyorimizni urush olovi maydoniga aylantirmoqchi boʻlganlarning payini qirqishda jonbozlik koʻrsatgan milliy qahramonimizdir.

— Haqiqatdan shunday. Unga markaz tomonidan Eron, Turkiya va Afgʻonistonda faoliyat olib borayotgan turkistonlik muhojirlarning ishonchini qozonish, imkoniyat boʻlgan taqdirda, Yevropa mamlakatlaridagi, jumladan, Fransiya, Germaniya va AQSH hududlarida istiqomat qiluvchi muhojirlar tashkilotlari bilan munosabat oʻrnatish vazifasi yuklatilgan. Bu ish aytishga oson. Bir koʻngilni oʻzingizga qaratish uchun qanchalik ovora boʻlasiz. Aytaylik, asli toshkentlik, Turkiston muftiysi Sadriddinxoʻja Sharifxoʻjayev (asli ismi Sadridinxoʻja Maxsum Sharifxoʻja Qozi oʻgʻli) ishonchini qozonish oson ish emasdi. Lekin Bahrom Ibrohimov nafaqat uning ishonchini qozondi, balki eng yaqin odamiga aylanib, muftiyning barcha imkoniyatlaridan foydalanishga erishdi.

Muftiy Sadriddinxoʻja 1923 yilda Shoʻrolar hokimiyatiga qarshi kurashda ayblanib, Toshkentda qamoqqa olingan, lekin qochishga muvaffaq boʻlgan va faoliyatini Eronda davom ettirgan.

1932 yilda Bahrom Ibrohimov nolegal razvedkachi sifatida mazkur mamlakatga chiqarilganda, unga topshirilgan muhim vazifalardan biri muftiy Sadriddinxoʻja bilan yaqin munosabat oʻrnatish, ishonchini qozonish belgilangan. Razvedkachimiz ushbu topshiriqni aʼlo darajada bajarib, Sadriddinxoʻjaning ishonchli odami, oʻng qoʻliga aylangan. Oʻsha paytlarda muftiy Angliya razvedkasining Mashhad shahridagi rezidenti Xamber Lyanselo Georg bilan yaqin aloqada edi. Bahrom Ibrohimov muftiyning bevosita yordami tufayli ingliz razvedkachisi bilan ham ishonchli munosabatlar oʻrnatishga muvaffaq boʻldi. Bundan tashqari, u Sadriddinxoʻja eshonning rahnamoligida oʻsha davrda boshqa muhojirlar qatorida “Sharq” (Turkiston milliy ittifoq jamiyati) nomi bilan atalgan tashkilotning asoschilaridan biri boʻlib qoladi. Natijada razvedkachimiz mazkur jamiyat hamda uning rahbarlari muftiy Sadriddinxoʻja va boshqalar mamlakatimizga qarshi olib borgan faoliyatlarini ularning ichida turib kuzatish imkoniyatiga ega boʻladi, qoʻlga kiritgan muhim maʼlumotlari haqida markazni oʻz vaqtida ogohlantirib turadi.

— Bugungi saodatmand kunlarga yetib kelishimizda Bahrom Ibrohimov, unga oʻxshash mard va jasur ajdodlarimizning salmoqli ulushi bor. U fashizm balosi Oʻzbekiston osmoni va zaminiga yopirilishidan saqlab qolishda koʻksini qalqon qilib, oʻzbek razvedkasining nimalarga qodir ekanligini namoyish etdi. Shunday emasmi?

— Nolegal razvedkachi sanoqli daqiqalarda muhim qarorga kela bilishi, oʻta qiyin vaziyatlardan iroda kuchi bilan chiqib keta olishi, hayoti qil ustida turgan boʻlsa-da, oʻzini “ochib” qoʻymaslik xislatlariga ega boʻlishi lozim. Bunday nozik, murakkab xislatlar, ayniqsa, Bahrom Ibrohimovning 1932 yilda “Istiqlol” milliy ozodlik harakatining “Jangovar beshligi” tarkibiga kirgan holatida, 1930 — 1940 yillarda nemis va yapon maxsus xizmat xodimlari bilan yaqin aloqa oʻrnatganida, Markaziy Osiyo respublikalariga yuborilayotgan josuslarning ishlariga chek qoʻyilishida, umuman olganda, Ikkinchi jahon urushiga qadar, urushning dastlabki yillaridagi faoliyatida har jihatdan yaqqol namoyon boʻlgan.

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, fashizm balosining Oʻrta Osiyo respublikalari hududiga kirib kelishining oldini olishda, mamlakatimiz janubiy chegaralarida urush olovini yoqish kabi razil niyatlarni barbod etishda Bahrom Ibrohimovning hissasi nihoyatda ulkan.

— Oʻquvchilarimizni “Uchinchi front” hamda uning barbod etilishi bilan bogʻliq sirli manbalar qiziqtirishi muqarrar. Mutaxassis sifatida ayting-chi, Bahrom Ibrohimov hushyorlik qilmaganda “Uchinchi front” ochilishi mumkinmidi?

— Germaniyaning sobiq Ittifoqqa qarshi urush ochishi Afgʻonistondagi hukumat doiralarida va u yerdagi ayrim muhojirlarda Turkistonni shoʻrolar tuzumidan ozod etishga umid uygʻotdi.

Hatto ayrim qoʻrboshilar Markaziy Osiyo hududiga bostirib kirish uchun harakatlar boshlab yubordilar. Manbalarda taʼkidlanishicha, afgʻon hukumatining aksariyat namoyandalari Germaniyaning bu urushda gʻolib chiqishi haqidagi fikrlarini yashirmaganlar. Urushdan soʻng Germaniyaning oʻsha paytlardagi elchisi G. Pilger Moskvadagi Butirka qamoqxonasida bergan maʼlumotiga koʻra, 1942 yildan boshlab nemis elchixonasi SSSR va Hindiston boʻyicha maxfiy maʼlumotlarni erkin ola boshlagan.

Angliyaning Afgʻonistondagi elchisi F. Vayli maʼlumotlariga koʻra, Afgʻoniston Bosh vaziri Hoshimxonning ikkiyuzlamachi siyosat olib borayotgani maʼlum edi. Sobiq Ittifoq elchisi Mixaylovning Moskvaga yuborgan maʼlumotnomasida esa olmon va yapon maxsus xizmatlari xodimlari bu harakatda turkman va oʻzbek qoʻrboshilaridan foydalanish yoʻllarini qidirayotganlari aytilgan. Yuqorida qayd etilgan va shunga oʻxshash boshqa tarixiy dalillar har tomonlama chuqur tahlil qilib koʻrilsa, oʻsha davrda “Uchinchi front”ning ochilishiga siyosiy, iqtisodiy va harbiy asoslar mavjud boʻlganligini anglash qiyin emas.

Shunday ekan, Bahrom Ibrohimovning yuqorida qayd etilgan yovuz kuchlar ichida boʻlganligi va ularning gʻarazli saʼy-harakatlari haqida markazni oʻz vaqtida ogoh qilib turganligi “Uchinchi front”ning ochilishiga qarshi asosiy gʻov boʻldi, desak, mutlaqo toʻgʻri.

— Shu oʻrinda muhimroq masalaga eʼtibor qaratsak, yaʼni Turkiston muhojirlarining stixiyali emas, balki birlashib, yagona maqsad uchun harakat qilishlari ham oldindan rejalangan va chuqur oʻylangan boʻlishi kerak. Bunday harakatni, albatta, muxolif kuchlar orasidagi sardorlar, boshqacha aytganda, liderlar boshqaradi. Oʻsha paytda ularga boshchilik qilishi mumkin boʻlgan shaxs kim edi?

— Oʻsha vaqtlarda ayrim muhojir tashkilotlar rahnamolari doirasida muhojirlarning lideri sifatida Shermuhammadbekning eʼtirof etilishi toʻgʻrisida fikr-mulohazalar boʻlgan. Undan tashqari, Buxoro amiri Sayyid Olimxonning qudasi Muboshirxon Taroziy ham muhojirlar ichida rahbar sifatida eʼtirof etilgan. Ammo Afgʻoniston va Eron mamlakatlarida oʻsha davrda faoliyat olib borgan sobiq Ittifoq, Germaniya, Buyuk Britaniya va boshqa davlatlar missiyalari vakillarining qayd etishlaricha, Turkistondan chiqqan muhojirlar orasida liderlik maqomini Shermuhammadbek yoki Muboshirxon Taroziy emas, aynan Mahmudbek (B. Ibrohimov) egallagan. U ayni vaqtda “Abver” (Germaniya harbiy razvedkasi)ning Kobuldagi eng ishonchli rezidentiga aylangan hamda Afgʻoniston shimolida nemis razvedkasi bilan hamkorlikda muhojirlarning eng yirik “Yunion” nomli tashkilotini tuzgan.

Shermuhammadbek esa uning qizi Saodat xonimning taʼkidlashiga koʻra, bu vaqtga kelib, qarshi kurashishning samara bermasligiga ishonch hosil qilgan hamda gʻariblik qismatiga boʻyin egib, siyosiy va jamoat faoliyatlaridan umuman voz kechgan. Koʻrinib turibdiki, oʻsha davrdagi chet el razvedkalari rahnamoligida oʻzbek va turkman muhojirlari ishtirokida tashkil etilgan katta-kichik millatchilik tashkilotlarining Markaziy Osiyo respublikalari chegaralari orqali bostirib kirishga qaratilgan barcha xatti-harakatini muhojirlarning lideri sifatida Bahrom Ibrohimov nazorat qilib turgan. Bu esa koʻp jihatdan “Uchinchi front”ning jilovi razvedkachimiz qoʻlida boʻlganligidan dalolatdir.

— Razvedkachimizning bu qadamini “Uchinchi front”ning barbod etilishi yoʻlidagi ilk bosqich, deb hisoblasak boʻladimi?

— Albatta, ichdan yemirish oson, chunki hamma narsa koʻz oldingda, oynadek ravshan turadi. Eng muhimi ham shu: maqsadga erishish, koʻzlangan rejaning taqdirini oʻzgalar qoʻliga berib qoʻymaslik kerak. Razvedkachimiz nafaqat “Uchinchi front” tayyorgarliklarini nazoratida tutgan, balki mazkur frontning jangovar holatini mustahkamlab turish uchun nemis fashistlari va boshqa Gʻarb mamlakatlaridan yuborilgan qurol-yarogʻlardan iborat karvonlarning Eron va Afgʻoniston hududlarining oʻzidayoq yakson etish operatsiyalariga boshchilik qilgan va bu ishlarni xufiyona amalga oshirishga muvaffaq boʻlgan. Bahrom Ibrohimovning bu darajadagi yuksak isteʼdodi oʻzbek razvedkasining yana bir qudratini koʻrsatuvchi muhim omil, desak, aslo yanglishmaymiz.

Chunonchi, oʻsha davrdagi harbiy vaziyatni sinchkovlik bilan kuzatib borgan, “Uchinchi front” rejalaridan yaqindan xabardor boʻlgan mashhur razvedkachi sifatida dunyoga tanilgan doktor Rixard Zorge Bahrom Ibrohimovning faoliyati haqida “Bizning sharqiy chegaralarda “poʻlat qoʻl” ishlayapti. Toki u bor ekan, “Uchinchi front” hargiz ochilmagay”, deya ishonch bilan yozgan edi.

— Taniqli razvedkachining oʻzbek razvedkasi vakiliga yuksak baho berishi Bahrom Ibrohimovning nechogʻli salohiyatli razvedkachi ekanligidan darak beradi. Shuning barobarida, bu inson haqida oʻz Vatanida toʻqilgan afsonaga hamma ishongan koʻrinadi, aks holda, u bunchalik muhim topshiriqlarni bajara olmasdi.

— Bahrom Ibrohimov oʻzi uchun toʻqilgan tarjimai holidagi rolini shunday mohirlik bilan ijro etganki, hatto nemis rezidenturasining rahbari Rasmus Oʻrta Osiyo muhojirlarining Vatanni shoʻrolardan ozod etish borasidagi barcha tadbir nazoratini Bahrom Ibrohimovga ishonib topshirgan. Razvedkachimizga Rasmus tomonidan belgilangan asosiy vazifa chegara orqali oʻtgan nemis agentlari yordamida Markaziy Osiyo respublikalaridagi shoʻrolarga qarshi shaxslarni aniqlab, ular orqali Kavkaz, Oʻzbekiston va Tojikiston hududlarini goʻyoki nemislar tomonidan bosib olinganligi haqidagi boʻhton maʼlumotlarni tarqatishdan iborat boʻlgan. Undan tashqari, Bahrom Ibrohimovga Turkiston harbiy okrugi tasarrufidagi sovet qoʻshinlari haqida maʼlumot toʻplash ishi ham topshirilgan edi.

Ammo Bahrom IbrohimovGermaniyaning Oʻrta Osiyo hududlariga qoʻporuvchilik ishlari bilan shugʻullanish uchun yuborilgan koʻplab diversantlari va agentlari haqida maʼlumot yetkazib turgan va ular oʻz vaqtida maxsus xizmatlar tomonidan zararsizlantirilgan. Bahrom Ibrohimov fashistlarning “Uchinchi front” operatsiyasi boʻyicha boshqa tadbirlariga taalluqli barcha maʼlumotni ham oʻz vaqtida markazga yetkazib turgan. Jumladan, ularning rejasiga muvofiq, 12 ming nafar yaxshi qurollangan muhojirlar qoʻshini Amudaryodan ot va meshqoplarda oʻtib, Chorjoʻydagi koʻprikni egallab, Krasnovodsk (hozirgi Turkmanboshi) — Toshkent trassasini buzib, frontga joʻnatish uchun tayyorlangan yonilgʻi omborxonalarini portlatishi, Oʻzbekistonga maxfiy yuborilgan aygʻoqchi-josuslar orqali respublikamizda qoʻzgʻolon tayyorlash haqidagi maʼlumotlarni SSSRning Kobuldagi rezidenturasiga maʼlum qilgan. Fashistlarning ushbu “Uchinchi front” operatsiyasini Germaniyaning Afgʻonistondagi rezidenti Karl Rasmus boshqargan, unga turkman millatiga mansub aygʻoqchilar bilan ishlovchi nemis razvedkachisi Vitsel yordam bergan. 1942 yil 8 iyulda SSSR NKVD (Sovet Ittifoqi Ichki ishlar xalq komissarligi) Davlat xavfsizligi Bosh boshqarmasi rahbari nomiga Sovet qoʻmondonligining Gʻarbiy frontdagi kuchini zaiflashtirish maqsadida mamlakatning janubiy chegaralarida “Uchinchi front” ochilishiga tayyorgarlik koʻrilayotgani haqida shoshilinch xabar keladi. Unda 13 oktyabr kuni Termiz shahridan 50 km. uzoqlikda joylashgan hududda qurolli kuchlar jangovar holatda shay turishi haqida aytiladi.

Shu oʻrinda biz Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq raisi, general-leytenant Gʻulom Aliyevning 1994 yilda fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaning 49 yilligi munosabati bilan “Vatan posbonlari” gazetasida chop etilgan “Razvedkachilarimiz jasorati” maqolasida Bahrom Ibrohimovning faoliyati haqida quyidagi satrlarni oʻqishimiz mumkin: “Urush davrida oʻzbek — afgʻon chegarasining mustahkam himoyasini taʼminlash alohida ahamiyat kasb etdi. Har holda respublika Janubiy chegaralari, qurolli qoʻporuvchilarning xurujlari va kichik otishmalarini hisobga olmaganda, fashistlar Germaniyasi razvedkasi rezidenturasida muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatgan oʻzbek razvedkachisi Mahmudbek Oyqorli (Bahrom Ibrohimov)ning alohida xizmatlari evaziga tinch edi. Xuddi shu odam — afsonaviy Bahrom Ibrohimov gitlerchilarning Oʻzbekiston janubida yangi front ochish yuzasidan moʻljallagan ishlarini rejali ravishda barbod qilib turdi”.

Xullas, fashistlar Germaniyasining Markaziy Osiyo, jumladan, Oʻzbekiston hududida “Uchinchi front” ochish rejasi barbod etildi, oʻzbek razvedkachisi Bahrom Ibrohimovning fidoyiligi tufayli Afgʻonistonda ish olib borayotgan Germaniya razvedkasidan ustun kelindi. Mabodo, fashistlar Oʻzbekiston va Turkmaniston hududlariga hujum qilganda, tish-tirnogʻigacha qurollangan dushmanga qarshi kuch topilishi qiyin edi. Chunki sobiq Ittifoqning asosiy harbiy kuchlari Gʻarbiy frontga, fashistlarga qarshi kurashga tashlangandi. “Uchinchi front” gʻoyasi barbod boʻlgach, nemis rezidenti, shturmbannfyurer Karl Rasmus oʻz joniga qasd qilishga majbur boʻlganini ham aytib oʻtish lozim.

— Bahrom Ibrohimov faoliyati davomida koʻplab azob-uqubat va qiyinchiliklarga duch kelgani, shubhasiz. Bu oʻrinda uning Afgʻonistonda qamoqqa olinib, bir necha yil davomida qiynoqqa solinganini aytib oʻtishimiz joiz. Bu qanday sodir boʻlgan edi?

— Bunga oʻsha davrda sobiq Ittifoqning Afgʻoniston hukumatiga yuborgan norozilik notasi ham turtki boʻlgan, yaʼni notada Germaniya hukumatidan mustaqil boʻlgan Afgʻonistonda qoʻporuvchilik harakatlarini toʻxtatish va ularni tarqatib yuborish, muhojirlarning faollarini hibsga olish va sudga berish talabi qoʻyilgan edi.

Shu mazmundagi norozilik notasi Angliya hukumatidan ham taqdim etilgandi. Shunga koʻra, 1943 yil mart oyida Afgʻoniston xavfsizlik organlari tomonidan muhojirlarning 48 nafar faoli hibsga olinib, Kobuldagi “Demazang” zindoniga tashlanadi. Ular ichida Bahrom Ibrohimov ham bor edi. Uni qattiq qiynoqqa solishadi, u salkam ikki yil yelka va oyoqlariga oʻn ikki kilolik temir zanjirlar osilgan holda yakka avaxtada saqlanadi. Oradan besh yil oʻtib, 1948 yili u markazning oʻzbekistonlik razvedkachilar ishtirokida oʻtkazgan maxsus operatsiyasi natijasida qamoqdan ozod etilib, razvedkaviy faoliyatini Pokistonning Peshovar shahrida davom ettiradi.

— Sharof Rashidovning unga Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni berish toʻgʻrisidagi taklif hujjatga imzo chekkanligi rostmi?

— Ha, shunday boʻlgan. Oʻzbekiston Davlat xavfsizlik qoʻmitasi (KGB)ning razvedka boʻlimi boshligʻi K. A. Tenyakshevning rahbarligi ostida arxiv hujjatlari oʻrganilib, Bahrom Ibrohimovning jasorati qayd etilgach, bundan faxrlangan respublikamiz rahbari Sharof Rashidov uning Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga loyiqligi toʻgʻrisidagi hujjatga imzo chekkan. Ammo markaz 1960 yilning boshlarida Bahrom Ibrohimovga jangovar “Qizil Bayroq” ordeni berish bilan kifoyalangan.

— Bu insonning keyingi taqdiri qanday kechgan?

— Vatanga qaytgach, ommaviy axborot vositalarida, jumladan, “Oʻzbekistoni surx” gazetasida madaniyat boʻlimi mudiri, Davlat siyosiy nashriyoti Sharq boʻlimida bosh muharrir va 1963 yildan to umrining oxirigacha Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining katta ilmiy xodimi sifatida faoliyat koʻrsatdi. Oʻzbek razvedkachilarining yangi avlodini tarbiyalashda oʻz hissasini qoʻshdi. “Intilish”, “Mirzoda ishqi” kitoblarini nashr ettirdi. “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” unvoniga sazovor boʻldi. Mustaqillik yillarida unga “Jasorat” medali berilib, xotirasi yodga olindi va umr yoʻldoshi Xolida Ibrohimova Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi maqomiga tenglashtirildi. Bugun poytaxtimizning obod koʻchalaridan biri shu inson nomi bilan yuritiladi. Yana bir muhim gapni aytish kerakki, sovet razvedkasi topshirigʻini bajarish uchun tayyorlangan harbiy boʻlmagan shaxsga harbiy unvon berilmagan, ammo Bahrom Ibrohimov sovet razvedkasi tarixida podpolkovnik harbiy unvonini olgan birinchi nolegal razvedkachi hisoblanadi.

Toʻlqin HAYIT suhbatlashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?