Uch nafar hamyurtimiz Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi

10:30 16 Aprel 2018 Sport
366 0

Barselonada baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida bo‘lib o‘tayotgan jahon chempionatida umidli yosh sportchilarimiz Islom Abdusalomov, Sherzod Hakimjonov va Gulbahor Fayziyeva joriy yilning oktyabr oyida Buenos-Ayres (Argentina)da bo‘lib o‘tadigan III yozgi o‘smirlar Olimpiya o‘yinlariga litsenziyalarni qo‘lga kiritishdi.

Hamyurtlarimizdan Islom Abdusalomov va Gulbahor Fayziyeva sprint va slalom bahslarida yuqori natijaga erishib, ana shunday imkoniyatga ega bo‘ldi.

Shuningdek, yana bir yosh sportchimiz Sherzod Hakimjonov Olimpiya o‘yinlari me’yorini bajarib, nufuzli musobaqada qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.

Shu tariqa, baydarka va kanoechilarimiz Barselonadagi jahon chempionatida to‘rt imkoniyatdan uchta yo‘llanmaga sazovor bulishdi. 

Bungacha vakillarimiz akademik eshkak eshish bo‘yicha ham ikkita yo‘llanmaga egalik qilishgan edi. 

Milliy Olimpiya qo‘mitasi tomonidan ma’lum qilinishicha, ayni paytga kelib umidli sportchilarimiz tomonidan III yozgi o‘smirlar Olimpiya o‘yinlariga og‘ir atletika bo‘yicha 3 ta, ot sporti (konkur) 1 ta, taekvondo VTF 1 ta yo‘llanma qo‘lga kiritilgan.
  
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?