Tutning osmondagi bolalari...

11:35 18 Mart 2020 Madaniyat
496 0

“Xalq soʻzi” gazetasi yosh ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida tahririyat rasmiy veb-sayti Madaniyat rukni ostida “Yosh ijodkorlar gurungi” ni tashkil etdi. Unda yosh shoir, nosir va tarjimonlarning ijodiy ishlari eʼlon qilib boriladi. Marhamat, oʻqing, bahra oling.

Navbatdagi mehmonimiz yosh nosir Bibi Robiaʼ Saidova — 1991-yilda Xorazm viloyati Urganch shahrida tugʻilgan. 2014-yilda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining oʻzbek filologiyasi fakulteti bakalavr hamda 2016-yili magistratura bosqichini tamomlagan.

Hozirda Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbek tili va adabiyoti universiteti doktorantura bosqichida tahsil olmoqda.

2019-yili “Oʻzbekiston bahori” respublika festivalida gʻolibi boʻlgan. “Zomin-2019” respublika adabiy seminari ishtirokchisi.

2014-yili “Parvoz”, 2019-yili “Kakku ovozi” nomli hikoyalar toʻplami hamda 2018-yili adabiy-badiiy maqolalardan iborat “Aql va ruh bahsi” nomli kitobi chop etilgan.

Marv tuti

Qoʻshni hovlida Lutfulla amaki yolgʻiz oʻzi yashar edi. Bu chorsidekkina hovlida necha asr bilan yuzlashganini hech kim bilmaydigan bahaybat, gʻadir-budur tanasiga kishining qulochi yetmaydigan tut daraxti bor. Tut ham Lutfulla amakiga oʻxshab yolgʻiz. Ammo tutning shoxlaridan turfa qushlar arimasdi. Qizigʻi shundaki, shaharda kamdan-kam boʻladigan qizilishton, jimitdekkina jibilajibon, naxshak, fotmachumchuq, koʻkqargʻayu zargʻaldoqlarni ilk bor shu tut shoxlarida koʻrganmiz. Biz ularni oʻzimizcha tutning osmondagi bolalari, derdik, koʻchamizning bolalarini esa, tutning yerdagi bolalari, deb atardik.

Mahalladagi ellik-oltmish yoshli amakilar bolaliklari shu tutning ustida oʻtganligini aytishadi. Xullas, tut faqat Lutfulla amakiga emas, biz uchun ham buvimizgami, bobomizgami aylanib qolgan edi. Buning boshqa sababi ham bor. Tut pishigʻi boshlandi deguncha, har kuni tong-la eshigimizning zulfi taraqlaydi. Chiqsam, Lutfulla amaki turgan boʻladi. “Qani tutga chiqinglar. Akangni, singlingni ham ayt, kattaroq idish olvolinglar”, – deydi-da, xastaligi tufaylimi, asta-sekin qadam tashlab, iziga qaytadi. Borsak, kun boʻyi toʻkilgan tut xuddi oppoq gilam toʻshalganday hovli bilan bitta boʻlib yotardi. Biz bu “gilam”ni bosmasdan, bir chetdan “yigʻib” borardik. Har zamonda sevinganidanmi hazillashib, boshimiz, yelkamiz osha marvaridlarini tashlardi. Lutfulla amaki esa hovlining bir kunjagiga kursi qoʻyib oʻtirar va biz bilan suhbatlashardi. Bilardik: keksa tut ham qilt etmay gurungimizni eshitar, quvonganidan shoxlari navozish ila shitirlardi. Ahyon-ahyon boʻgʻjoma[1] tutib, tut qoqardik. Buning gashti oʻzgacha boʻlardi: boʻjomaga bamisoli koʻkdan kumush yulduzlar duv-duv toʻkilayotganga oʻxshardi... Tergan tutimizdan Lutfulla amakiga bersak: “Yoʻq, men tut ostidaman-ku”, derdi. Baribir tutga chosh boʻlgan bir tovoqni yonlariga qoʻyib ketardik.

Kunlar shu tariqa suvday oqib oʻtdi. Bir kuni Lutfulla amakining ukalari oilasi bilan hovliga koʻchib kelishdi. Ular kelishgach, bizni tut terishga kamdan-kam chorlashadigan boʻlishdi. Bora-bora chaqirmay ham qoʻyishdi. Bilsak, Lutfulla amakining tobi qochib, ahvoli ogʻirlashib qolibdi. Havo aynib turgan kuni maktabga oshiqib ketayotsam, koʻchada tumonat odam sukutga choʻmib, xomush oʻtiribdi. Ochiq koʻcha eshigidan hovlida turgan, ustiga oq mato yopilgan tobutni koʻrib, yuragim orqaga tortib ketdi: “Amaki vafot etibdi-da…”

Singlim yigʻlab yubordi, onamning ham koʻzlarida yosh qalqdi. Nechogʻlik yigʻlasak ham behudaligini bilar edik. Amakining ukalari bu hovliga toʻla ega boʻlib olishdi. Tut terishga yoʻqlash hech kimning xayoliga kelmasdi. Biz esa azim tut daraxtini, uning marvarid mevalarini terishni sogʻinardik. Balki, u ham bizni qoʻmsayotgandir deb oʻylardim. Qadrdon tutning sollangan chayir shoxlari bilan koʻchadan turib gaplashardik. Shoxlardagi qushlar chugʻurlashib, goʻyo bizni chorlashardi. Biz esa borolmas edik.

Yakshanba kuni sinfdoshimni yoʻqlab koʻchaga chiqsam, xudo rahmatli amakining hovli eshigi roʻparasida bir toʻp bola gʻuj boʻlib turibdi. Qiziqib: “Bir koʻray-chi, nima gap ekan”, – deb bolalarning orasidan oʻtib, hovliga nigohim tushgan zahoti dong qotib qoldim. Qadrdon, munis tutimizning keksa tanasi yarmigacha chopilgan. Yon-atrofga payrahalari sochilib ketgan. Arralab tashlangan shoxlari esa uyum-uyum... Bir toʻda odam tutning tanasiga arqon bogʻlab: “ha, huv”, – deya zoʻr berib tortqilashardi. Bu hol qandaydirmudhish qatl manzarasini eslatardi. Ular nuqul kulishar, qilayotgan ishlaridan negadir mamnun edilar.

Yuragim gursillab urar, koʻzlarimdan yosh tinmay oqar, “Toʻxtanglar, berahmlar” deb baqirgim kelar, lekin ovozim chiqmasdi. Ularning qoʻllariga yopishib, arqonlarini uzib tashlasam, deyman-u, ammo bunga majolim yetmasdi. Va nihoyat: “Lutfulla amakining ruhini qaqshatmanglar, axir, bu tut sizlarga meros-ku”, – deb yigʻi aralash boʻgʻilib pichirladim. Lekin hech kimdan sado chiqmadi. Men bagʻritoshlardan yuz oʻgirib, uyga kirib ketayotganimda, tutning ulkan shoxlarining qarsillaganini eshitdim. U gursillab yerga qulaganda, yer bir sira titrab ketdi. Bu tutning eng oxirgi marta aytgan soʻnggi soʻzi,yaʼni “Alvido”si edi.

Ey, ins...

Ona koʻngliga kuz bilan birgaqoʻrquv, koʻpdan kutilgan bir xavotir ham kirib keldi. Kuz asta odimlay boshladi. Vahimaga tushgan Onasochlari parishon holda qoʻllarini u yoq, bu yoqqa silkitar, kuz qadamiyetmas joylargaqochib ketishi uchun oyogʻi yoʻqligidan oʻksinardi. Bolalari esa bir-birlari bilan oʻynashar, hayotning goʻzalligi haqida sheʼrlar aytib mushoira qilishar, doʻstlari -sozanda shamolning bahor va yoznikiga oʻxshamagan yangi kuylaridan zavqlanibraqsga tushishar, hamsuhbatlari boʻlmish qushlarningqoʻshigʻiga joʻr boʻlishar, endi kamdan-kam koʻrina boshlagan bobo quyoshga erkalanishardi. Ammo tabiat qonunini oʻrgatishga ulgurmagan Ona esa…

Kunlar birin-sirinoʻtib borardi. Yaproqlar Onaning dod-voyiga qaramaysavdogar Kuzning doʻkonidan sotib olgan sariq rangdagi liboslarini bir-birlariga koʻz-koʻz qilishdan charchashmasdi. Ona har kechqurun bolalariga erki oʻz qoʻlida boʻlgan, istasa dunyoning xohlagan joyiga bora oladigan Insonlar haqida uzundan-uzunertaklar aytardi. Sarguzashtlarining koʻpligi va gʻaroyibligi “Ming bir kecha”lardan oshadigan bu ertaklarni barglar berilib tinglashar, inson bilan bir bora boʻlsa-da cuhbatlashishni istashardi. Ammo Ona-daraxt hikoya qilibberayotganlari ertak ekanligini aytish yodidan koʻtarilgandi.

Nihoyat, katta foydaga erishayotgan savdogarKuz tabiatning butun goʻzalligini sotib olishga erishdi.Bir qaraganda tabiat tillalarga koʻmilgandek koʻrinardi. Osmondagi bosqinchi bulutlar oyu quyoshning yuziga qora hijob tortishdi. Ona-daraxt esa qoʻllari boʻlmish shoxlariniyuqoriga koʻtargancha, Yaratgandan bolalarini erta xazonga aylanishidan panoh soʻrab, tunu kun iltijo qilardi.

Ammo kundan-kunga sargʻayib, holsizlanayotgan barglar endi faqatgina insonlar bilan yaqindan uchrashishni, ularga qushlardan eshitgan dostonlarini oʻqib berishni, onalari aytib bergan ertaklar haqida suhbatlashishni orzu qilishardi. Sababi ertakdagi insonlarham buni astoydil istashlariga ishonchlari komil edi.

Nihoyat kunlarning birida barglar oʻzaro maslahatlashib, toʻngʻichlari orqalioʻz istaklarini Onalariga bildirishga jazm qilishdi:

– Mana, shuncha kunlardan beri bizni sovuqshamollardan, shafqatsiz jalalardan, quyoshning kuchli qahridan, qushlarning oʻtkir tumshuqlaridan asrab keldingiz. Ammo biz noshud farzandlaringiz, faryodlaringizga qaramay kuzning tillarang liboslarini sotib olishdan oʻzimizni tiyolmadik. Ana shu nafsimiz oqibatida tomirimizdan kuch keta boshladi.Shu sababli bizga, ehtimol, soʻnggi orzumizni amalga oshirishga, yaʼni tunlari bedor boʻlib aytib beradigan ertagingizdagi oʻsha inson bilan uchrashishga ahd qildik. Iltimos, onajon, bizga yordam bering. Oq fotihangiz kerak.

Ona farzandidan bu gaplarni eshitarkan, “dod” deya hayqirib yubordi. Bu nidodan osmonu yer larzaga keldi. Uning aks-sadosiqishu bahor, yozgacha yetib borib, ularni ham titratib yubordi. Hatto Onaning bunday ohini eshitgan Kuz ham qilgan ishlaridan qattiq afsuslandi. Shamol esa daraxt farzandlarining muddaosini eshitgach, “uv” tortgancha bulutlarga yetkazdi, qora bulutlar ham barglarning bu istagidan dahshatga tushib, duv-duv yoshlarini toʻka boshladi. Shunda Ona ogʻir horgʻinlik bilan soʻz boshladi:

– Dilbandim, sizlar tunlari tinglaydiganingiz aslida ertak ekanligini aytishdan choʻchirdim. Ha, shu kungacha siz yaxshilikka yetaklaydi deb hisoblaydiganlaringiz armonga aylangan orzulardan toʻqilgan ertak edi. Hech qachon oʻz haqiqatini topmagan ertak! Bu fikringizdan qaytinglar. Ertak boshqa, hayot boshqa!

–Tushuna olmayapman, onajon, armon nima degani? Bu haqda hech aytmagan ekansiz. Ha, mayli, nima boʻlganda ham, ana shu istagimiz uchun yoʻl ochib bering. Hech boʻlmasa faqat menga ruxsat bering. Ular bilan bir bora suhbatlashishimga izn bering, jon Ona! Axir siz ertaklaringizda insonning Alloh tomonidan yaratilgan oliy maxluqot ekanligini koʻp marotaba uqtirardingiz-ku! Nahotki, siz aytishga choʻchiganingiz – armon shu boʻlsa?! Nahotki, onajon?!

Ona-daraxt bu savolga hech qachon javob bera olmasligini anglagan holda uzoq sukut qildi. Ana shu sukut bolalarining bir vaqtlar kurtaklaganiyu gulday ochilgani, yashillikda yashnaganiyu hozirgi soʻlgʻin qiyofalarini onaning koʻz oldidan bir-bir oʻtkaza boshladi. Va nihoyat, farzandlariga ayta olmagan iztiroblari ichidan oʻtli bir “Oh” boʻlib otilib chiqdi va ertaga Kunduz mehmonga kelganida ruxsat berishini aytdi.

Toʻngʻich barg inilariga, singillariga goʻyoki quvonchli boʻlganxabarni yetkazdi. Ularning Insonga boʻlgan qiziqish va muhabbatlari cheksiz edi.

Mana, oʻsha kun ham yetib keldi. Butun borliq roʻy berajak moʻjizani yo falokatni kuzatish uchun koʻzga aylandi va vaqtni toʻxtatib qoʻydi. Mana, toʻngʻich barg ukalari, singillari bilan vidolasharkan, dedi:

– Men insonga albatta sizlar haqingizda, mehribon Onam haqida aytib beraman. U bilan uzoq suhbatlashaman. Soʻng, sizlar bilan uni tanishtirish uchun bu yerga olib kelaman. Shunda unga oʻz sheʼrlarimizni, dostonlarimizni, qoʻshiqlarimizni va ular haqidagi ertagimizni aytib beramiz. Keyin u ham bizga biz haqimizdagi oʻz ertagini aytib beradi. Meni albatta kutinglar, qadrdonlarim, siz ham, mushtiparim, faqat mendan ranjimang! Diydorlashguncha!

Ona-daraxt koʻzlarini mahkam yumgancha, duo qilishdan aslo tolmaydigan qoʻllaridan toʻngʻich farzandini asta qoʻyvora boshladi. Yuragi hapriqayotgan barg bir silkinib onasining qoʻlidan yulqindiyupastga qarab ohista parvoz etdi. Shu payt Ona-daraxt qoʻllarini koʻkka yetgudek koʻtarganicha, silkina-silkina koʻzida yosh bilan Yaratganga yolvora boshladi:

– Yo Qodir Egam, soʻngi iltijomni qabul qil, oʻtinaman, bir onaning soʻnggi tilagini ijobat ayla! Toʻngʻichimning endigi ahvolini qolgan bolalarimga koʻrsatma, yolvoraman. Ular akasining qay koʻyga tushishini koʻrishmasin,oʻtinaman, yo Rabbim!

Ona-daraxtning iltijolari tugar-tugamas, qalin tuman suzib keldi-yu daraxt bolalarini oʻz bagʻriga oldi. Natijada hayajon bilan kuzatib turgan barglarning koʻziga yerdagi akalari koʻrinmay qoldi. Faqatgina Ona-daraxt yuragini teshib oʻtayotgan alamli yigʻi bilan hozirgina farzandi turgan yerdan koʻz uzmasdi. Borliq esa hamon jim.

Yerga yengilgina qoʻngan barg intizorlik va quvonchli bir hayajon bilanertakdagi oʻsha Insonni kuta boshlashadi. Atrof esa nafas chiqarsa kimdir sezib qoladigandek sukutda. Mana, nihoyat asta odimlab kelayotgan qadam tovushlari. Uzoqdan bir qora sharpa gʻira-shira koʻzga tashlanyapti. Toʻngʻich bargga butun borliqda faqatgina yuragining tobora qattiqroqurayotgani yangrayotgandek tuyulardi. Ona-daraxtning yuragi ham yerdagi farzandining yuragi bilan bir xil tarzda urardi: Duk-duk, duk-duk, duk-duk. Sharpa yaqqolroq namoyon boʻla boshladi. Duuuk-duuuk-duuuk. Ana, inson qiyofasi bir-ikki qadamdan soʻng bargning yonida boʻladi. Suhbatni boshlashga hozirlandi Barg: 

– Salom, ey Ins…

Gapi oxiriga yetar-yetmas barcha orzularining timsoliga aylangan oʻsha Inson uni oyoqlari bilan ezgʻilab oʻtib ketdi. Orqasidan qurigan barglarning qisirlashiga ishtiyoqmand boʻlgan yana biri kelib, uni ikki-uch marotaba bosgancha yoʻlida davom etdi. Yerda ezilib yotganOna-daraxtning toʻngʻich farzandi barcha madorini toʻplab soʻngi soʻzini aytdi:

– Onajon, men, albatta, qaytaman, ha, albatta qaytaman, faqat ertakdagi oʻsha insonga aylanib…

Akalarining azobli ovozini eshitib, onalaridan ruxsat soʻrashni ham unutgancha yaproqlar yerga duvva yopirilishdi. Shu payt uzoqdan qoʻllariga uzun supurgi koʻtargan yana ikki qora sharpa koʻrindi. Ular yetib kelganda yaproqlar savol berishdi:

– Salom ey inson, akamizni nega...

Ularning ovozini nogahon taralgan “shirt-shirt” degan ovozlar bosib ketdi, aka-ukalar bir-birlariga ostin-ustun boʻlib qalashib qolishdi va Ona-daraxt ostida katta uyum paydo boʻldi. Soʻngra oppoq va achchiq tutun yuqoriga oʻrladi va onaning tanini motam libosiday qoplab oldi.

Bir oz muddat oʻtgach, voqea sodir boʻlgan joydan uzoqlashayotgan boyagi Insonlar dahshatli gursillagan tovushdan seskanib ketishdi.

Surxaylni koʻrdim

Bahorning oʻrtalari. Bugun ham menga doim hamroh boʻladigan yoʻllardan “Paxtakor” stadioni boʻylab ketayapman. Yon-atrof taqdirning hukmidan chiqmaydigan asir va asiralari bilan gavjum. Koʻchalar boʻylab kezib yurgan shuncha xayollar, umidlar, orzular, istaklar ham sershovqin shaharda insonlar bilan birga hayot kechiryapti.

Bugun ham havo iliq. Uyga yetib olishim uchun yana bir oz yoʻl yurishim kerak. Atrofdagi goʻzallik menga kerak boʻlgan oʻsha “bir oz”ni unutishimga yordam beradi. Quyosh har sahar koʻzini yoshlaydigan maysalarni ovutish bilan haliyam band. Qushlar barglar shiviridantoʻqigan dostonlarini zavq bilan bir-birlariga oʻqib berishdan charchashmayapti. Ular orasida bulbul ham, zogʻ ham, musicha ham, chumchuq ham bor. Daraxtlar esatabiat doʻkonidan zangori rangdagi liboslarni sotib olishmoqda. Kapalaklar esa bir kunlik umrlarini qanday oʻtkazmoqchi ekanliklarini gullarga soʻzlab berishyapti. Tabiatdan anqib turgan ana shunday nafislik butun vujudingizni qamrab olib, ixtiyoringizni sizni manzilingizga eltishni maqsad qilib olganqadamlaringizga beradi.

Faqatgina bir necha qadamlardan soʻng toʻrt faslda ham ikki bahaybat shoxlari qurigan holda mungʻayib turguvchi daraxtga duch kelaman. U menga tabiatning ana shunday goʻzal yuziga qoʻyilgan beoʻxshov xoldek tuyulaveradi. Unga har safar duch kelganimda koʻnglimda allaqanday gʻashlik paydo boʻladi.

Ana, koʻcha chetida yelkalariga minib olgan tashvishni koʻtarolmay qaddini bukib yurguvchi oʻsha ikki kampir. Ularning yuzlaridagi tarmoqlab ketgan ajinlariga hayotning sigʻdirib yozayotgan maktublarini bemalol oʻqishingiz mumkin. Odatdagiday, oldilaridagi kichkina qoʻlbola peshtaxta ustida turli xil tamakilar saf tortgan. Odatdagiday kampirlar jagʻlariga dam berishmaydi, oʻzaro yo gʻiybat, yo suhbat. Odatdagiday men ham ularning oldidan oʻtib ketyapman. Ammo toʻsatdan har qanday narsani eshitishga mahkum etilgan, ixtiyori oʻzida boʻlmagan quloqlarimga ularning gaplari chalinib qoldi:

– Oʻrgilay, buguni bilan duo qilib chiqish esingizdan chiqmasin-a?! Ertaga hal qiluvchi oʻyin emish.

– Ha-ya, ilohim bu oʻyinda ham, ishqilib, bizning Oʻzbekiston yutqazsin-da.

Ushbu gaplar davomli xayollarimga zarb bilan qoʻyilgannuqta boʻldi. Qiz bola boʻlsam-da futbolga bolaligimdan ishtiyoqim baland boʻlib, har bir oʻzbek farzandi kabi Oʻzbekiston terma jamoasini raqib davlatlar oldida boshi egik holda koʻrishga toqat qilolmayman. Kampirlardan bir oz oʻtib taqqa toʻxtadim. Meni duoibad qilishayotgandek larzaga tushdim. Kallamda charx urayotgan “Axir nima uchun? Nega?” degan savollar meni kampirlar oldiga qaytardi.

Hayratga qorilgan hijolatomuz ohangda gap boshladim:

– Kechirasiz, oʻtib ketayotib bexosdan gaplaringizni eshitib qoldim. Nima uchun Oʻzbekistonning magʻlub boʻlishini astoyidil istayapsizlar?

Ular bir-biri bilan koʻz urishtirib, hayratomuz nigohlarini oyogʻimdan boshimgacha yugurtirib chiqishdi. Ifodasizlik aks etgan yuzlari bir muddat sukutda qotib qoldi. Soʻngra deyarli har kuni shu yoʻldan oʻtuvchi tanish qiz ekanligimni inobatga olishdi chogʻi, savolimni qiziqqonlikka yoʻyib, lablarining tepasini koʻsalarnikidek siyrak tuk qoplagani tushuntira boshladi.

– E, san nimaniyam tushunarding. Axir Oʻzbekiston bilan boʻladigan oʻyinlarda necha minglab odamlar bu stadionga kelishini bilasanmi? Agar futbolda bizanikilar yutqizsa oʻsha minglab odamlar siqiladi, asabiylashadimi? Ana shunda bizning sigaretalarimizni tinmasdan sotivolishadi. Qarabsanki, ularning asabiylashuvi jaraq-jaraq pulga aylanadi-qoladi, – dedi-yu har ikkalasi qoʻl tashlashib, qah-qah urishdi. Shu vaqt qarshimda Alpomishni zindonga tashlaganidan mamnunlik bilan irjayayotgan Surxayl kampirning ikki siymosi namoyon boʻldi. Ha, men Surxaylni koʻrdim! Ularni boshqa hech kimga mengzayolmayman.

Tirikchilik-da, deysizmi? Yoʻq, bunday duolar qilib tebratilgan tirikchilikka laʼnatlar boʻlsin! Axir bu Oʻzbekiston degani, Siz degani, Men degani, Biz degani emasmi?! Oʻshanda doim eshitishga, oʻqishga odatlanganimiz “Yurt shaʼni” degan tushunchani ilk bor gʻazabdan titrayotgan butun qalbim, butun vujudim bilanhis qildim.

Yoʻlda davom etar ekanman, koʻzim faqat kampirlarning gaplarini eshitib, bunday fojea uchun aʼzadorlik libosini kiygan tabiatning qora rangini koʻrardi. Men esa yuragimga sanchilgan oʻsha pichoq zarbining ogʻrigʻiga bazoʻr dosh berganchauyga yetib keldim.

Bir oz dam olib, oʻzimga kelib oldim. Lekin ertaga... ertaga yana oʻsha na gullaydigan, na barglaydigan, na meva beradiganoʻsha ikkita qurigan bahaybat shoxlik daraxtgaduch kelishimni oʻylab koʻnglim gʻashlandi.

 

 


[1] Boʻgʻjoma – tut qoqilganda tutiladigan mato, choyshab.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?