Donald Tusk adashining tanqidiga javob qaytardi

17:39 11 Iyul 2018 Dunyo
258 0
Foto: AFP

Yevropa Kengashi Prezidenti Donald Tusk AQSH rahbari Donald Trampning NATOga oid tanqidlarini asossiz deb atadi. Tramp NATO a’zolarini harbiy alyans mudofaasi uchun yetarli darajada mablag‘ ajratmayotganlikda ayblagan edi. Bu haqida “The Voice of America” manbasi xabar berdi.

“AQSHning Yevropadan ko‘ra yaxshiroq ittifoqchisi yo‘q va bo‘lmaydi. Biz mudofaa uchun Rossiyadan ko‘proq va Xitoy bilan teng mablag‘ sarflayapmiz. Bu xavfsizligimiz uchun sarmoya ekanini tushunasiz, degan umiddaman, - deya yozdi Tusk o‘z tvitterida.

Tusk Trampni AQSH-NATO aloqalarini qadrlashga undagan. “Bunday do‘stlaringiz shundoq ham ko‘p emas”, - deya qo‘shimcha qiladi u.

Bugun NATO yetakchilari bilan uchrashuvga jo‘nab ketish oldidan Tramp Tuskning fikrlariga munosabat bildirdi.

“Ittifoqchilarimiz ko‘p, lekin bizdan foydalanib qolishlariga yo‘l qo‘ymaymiz. Yevropa Ittifoqi bizdan foydalanyapti”, - dedi Tramp.

Tramp bundan avvalroq tvitter orqali NATO a’zolarini yana bir bor tanqid ostiga olgan edi.

“AQSH ularni himoya qilish uchun boshqa davlatlarga qaraganda bir necha barobar ko‘p mablag‘ sarflamoqda. AQSH soliq to‘lovchilari uchun bu adolatdan emas. Buning ustiga biz Yevropa Ittifoqi bilan savdo bo‘yicha 151 mlrd. dollar kamomadga egamiz”, - deb yozdi u.

2017 yil prezident etib saylangandan so‘ng Tramp NATO ittifoqchilarini himoya qilish masalasida AQSH o‘z ahdiga sodiq ekanini aytgan, ammo ayni paytda a’zo mamlakatlarning mudofaa uchun kam mablag‘ ajratayotganini tanqid qilib kelayotgan edi.

NATO ma’lumotiga ko‘ra, 2017 yil alyans xarajatlarining 70 foizini AQSH moliyalashtirgan.

NATOning 29 a’zosi ittifoq uchun o‘z iqtisodiyotlari hajmidan kelib chiqib ulush ajratadi. 2006 yil ular yalpi ichki mahsulotlarining 2 foizini ajratish bo‘yicha kelishib olgan va buni 2024 yilgacha amalga oshirish rejalashtirilgan. NATO hisob-kitobiga ko‘ra, barcha a’zo davlatlarning buni uddalashi dargumon.

Eslatib o‘tamiz, bir oy avval Kanadada bo‘lib o‘tgan “Katta yettilik” mamlakatlari yig‘ilishi ham kelishmovchilik bilan yakun topgan edi. Tramp anjuman oxirida qabul qilingan qo‘shma bayonotni ma’qullamagan edi.

Ma’lumot uchun, bugun Bryusselda NATO anjumani o‘z ishini boshladi. Undan keyin Tramp Britaniyaga safar qilib, u yerda bosh vazir Tereza Mey va qirolicha Yelizaveta II bilan uchrashadi. Shundan so‘ng Xelsinkiga jo‘nab, 16 iyul kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishi belgilangan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?