Turkmaniston qahva yetishtirishni yoʻlga qoʻyishi mumkin

09:13 30 Oktyabr 2019 Dunyo
273 0

Illyustrativ foto

Turkmaniston qahva yetishtirishni boshlashi mumkin, deb xabar qilmoqda Regnum agentligi Turkmanistonning “Bereketli Toprak” (Barakali tuproq) gazetasiga asosan.

Xabarda aytilishiga koʻra, ushbu maqsadda Fransiyaning “Agrenium” qishloq xoʻjaligi korxonasining xalqaro aloqalar boʻlimi boshligʻi Etyen Sur Ashxobodga tashrif buyurgan va u yerda Turkmaniston Qishloq xoʻjalik universiteti oʻqituvchilari bilan maslahatlashgan.

Maslahat chogʻida aynan qaysi masalalar muhokama qilingani hozircha aniq emas. Shuningdek, qahva yetishtirish tashabbusi kim tomonidan chiqqani va Turkmanistonning aynan qaysi hududida qahva yetishtirilishi ham aytilmagan.

Qahva daraxti dastlab Afrikaning Efiopiya davlati hududida oʻsgan. Keyinchalik u Arab yarim oroliga olib kelingan va u yerda uning donidan qovurilmagan holda ichimlik tayyorlangan. Bugungi kunda ushbu ichimlik “oq qahva” deb ataladi.

Bir necha asrdan soʻng odamlar kofeni qovurishni va unga koritsa, sut, shakar va boshqa xushboʻy taʼm va maza beruvchi narsalarni qoʻshishni boshlagan. Yevropada qahva 16 asrda paydo boʻlgan. Bugun qahva oʻsimligi asosan Janubiy Amerika va Janubiy Osiyo davlatlarida yetishtiriladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?