Turkiya Oʻzbekistonga 50 ta sunʼiy nafas oldirish apparatini taqdim qildi

21:10 21 May 2020 Jamiyat
100 0

Turkiya hukumati tomonidan taqdim etilgan insonparvarlik yuki “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining 21-may kuni Istanbuldan parvoz qilgan maxsus charter reysi orqali Toshkentga yetkaziladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Ushbu saxovat yordami Turkiyada ishlab chiqarilgan 50 ta sunʼiy nafas oldirish apparatidan iborat. Oʻzbekistonning Anqaradagi elchixonasi Turkiya muhandislari ishlanmasini Oʻzbekiston ehtiyojlari uchun begʻaraz asosda taqdim etilishi masalasini ishlab chiqdi.

Turkiya Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Xalqaro aloqalar bosh boshqarmasi rahbari professor Salim Qilichning qayd etishicha, Turkiyaning oʻzida ham ushbu qurilmalarga boʻlgan talabning toʻliq qondirilmaganiga qaramasdan, mamlakat birodar Oʻzbekistonga zarur tibbiy uskunalarni taqdim qildi.

– Ushbu sunʼiy nafas oldirish apparati Turkiyaning “Arçelik”, “ASELSAN”, “Baykar Makine” va “Biosys” kabi yirik kompaniyalari muhandislari tomonidan yaratilgan, – deydi u. – Yangi tibbiy uskunaning birinchi 100 tasi Istanbulning Bashakshehir tumanidagi shahar shifoxonasiga topshirilgan. Uni ommaviy tarzda ishlab chiqarish va sinovdan oʻtkazish ishlari “Arçelik” fabrikasida tashkil etildi. Korxonada kuniga 250 ta ana shunday moslamani tayyorlash oʻzlashtirildi.

Mutaxassislar fikriga koʻra, Turkiyaning sunʼiy nafas oldirish apparati boshqa koʻplab muqobillariga qaraganda raqobatbardosh va yuqori sifatga ega.

Olib kelinadigan tibbiy uskunalar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga COVID-19 koronavirusiga qarshi kurashishda foydalanish uchun topshiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?