Turkiya matbuoti Oʻzbekiston Prezidentining tashrifi oliy darajada oʻtganini eʼtirof etmoqda

08:41 24 Fevral 2020 Siyosat
289 0

19-20-fevraldagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga tashrifi mazkur mamlakat keng jamoatchiligi tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Xususan, mamlakat rasmiy manbalari, jumladan Turkiya Prezidenti Matbuot xizmati, Anatoliya xabar agentligi, TRT Davlat teleradiokompaniyasi, yetakchi ommaviy axborot vositalari tashrif jarayonini keng yoritib bormoqda.

Xabarlarda Oʻzbekiston va Turkiya Prezidentlari hamraisligida ikki tomonlama Strategik hamkorlik kengashining ilk yigʻilishi samarali oʻtganligi, muzokaralarda mamlakatlarimiz hamkorligiga oid koʻpgina masalalar va ularning yechimlari, kelgusidagi istiqbolli vazifalar hamda qoʻshma loyihalar yuzasidan kelishuvlarga erishilgani taʼkidlanmoqda. Tashrif yakunida imzolangan hujjatlar, ayniqsa Strategik hamkorlik kengashining birinchi yigʻilishi natijalari toʻgʻrisidagi Qoʻshma bayonot, shuningdek, iqtisodiyot, savdo, texnologiyalar sohasiga oid shartnomalar yuqori baholanmoqda.

Shuningdek, matbuotda Oʻzbekiston – Turkiya Strategik hamkorlik kengashining birinchi yigʻilishi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstona aloqalar tarixida yangi sahifa ochgani, ikki davlat hamkorligi doirasida Oʻzbekistonda Turkiyaning yetakchi kompaniyalari bilan qiymati bir milliard dollardan ortiq boʻlgan yangi loyihalar ishlab chiqilayotgani va bu jarayonni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga kelishib olingani muhim natija sifatida eʼtirof etilmoqda.

Ayniqsa, Turkiya matbuoti Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Prezidenti huzuridagi Xalq kutubxonasining ochilish marosimida yuqori martabali mehmon sifatida ishtirok etgan yagona xorijiy davlat rahbari boʻlgani alohida taʼkidlanmoqda. Ushbu muhtasham kutubxona binosida muhtaram Prezidentimiz va uning rafiqasi birinchi faxriy mehmon sifatida taklif etilganliklari, kutubxonaning tantanali ochilish marosimida prezidentlarimiz bir-birlariga kitoblar tuhfa etganliklari chuqur maʼno kasb etishi bot-bot qayd etilmoqda.

Mamlakat ommaviy axborot vositalari xabarlaridagi yana bir eʼtiborni tortadigan jihat, bu Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga tashrifi yakunida davlatimiz rahbarini Anqara aeroportida Prezident Rejep Tayyip Erdogʻan rafiqasi bilan birgalikda shaxsan kuzatib qoʻygani zoʻr mamnuniyat bilan taʼkidlangani boʻldi. Xalqaro tajribada, ayniqsa Turkiya davlat diplomatiya protokoli boʻyicha bu tartib ikki mamlakat va ularning yetakchilari oʻrtasida erishilgan samimiy va iliq munosabatlarning yuksak darajasidan dalolat berishi eʼtirof etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?