Turizm sohasi uchun dunyo standartlariga javob beruvchi kadrlar tayyorlashda qanday muammolar bor?

14:36 26 Noyabr 2019 Welcome to uzbekistan
434 0

Joriy yilning 25-kuni Samarqand shahridagi “Registon Plazza” mehmonxonasi konferensiya zalida Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Turizmni rivojlantirish instituti hamda “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti hamkorligida “Turizm va taʼlim: taraqqiyot va oʻzaro taʼsir yoʻllari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi.

Unda Singapur, Moʻgʻuliston, Bosniya va Gersegovina, Pokiston, Portugaliya, Janubiy Koreya, Qozogʻiston, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Polsha, Qirgʻizistondan tashrif buyurgan turizm va mehmondoʻstlik sohasidagi ilgʻor mutaxassis va olimlar, xalqaro anjumanda mahalliy yirik turistik industriya, yetakchi OAV vakillari ham ishtirok etdi.

Ilmiy-amaliy konferensiya davomida Oʻzbekistonning turizm sohasida dunyo standartlariga javob beruvchi kadrlar tayyorlash va malakasini oshirishning yagona koʻp bosqichli tizimini tashkil qilish borasida ilmiy-uslubiy va amaliy tajribalar almashish uchun xalqaro platforma yaratish. Shuningdek, biznes va taʼlimning oʻzaro taʼsir mexanizmini mukammallashtirish borasida ilmiy-amaliy tavsiyalarni ishlab chiqish masalalari koʻrib chiqildi.

– Soʻnggi yillarda jahon turizm bozori barqaror oʻsish surʼatini namoyish etib, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va ishchi oʻrinlar bilan taʼminlashning asosiy sektoriga aylanmoqda, – deydi “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti Ilmiy va innovatsiyalar boʻyicha prorektor M.Alimova. – Turizm sohasi ulushiga jahon savdo xizmatlarining 30%, investitsiyalarining 7%ga yaqini va jahon YAIM 10,5% toʻgʻri keladi. Shu oʻrinda, har beshinchi yangi ish oʻrni turizm sohasiga toʻgʻri kelmoqda. Jahonning 38% mamlakatida turizm davlat byudjetining asosiy manbai, 83%da esa beshta asosiy manbaning biri hisoblanadi.

Seminar soʻnggida universitetlararo hamkorlik memorandumlarini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?