Sindao manzaralari

23:05 08 Iyun 2018 Jamiyat
564 0

Ayni paytda barchaning diqqat e’tibori Xitoyning Shandun provinsiyasi Sindao shahriga qaratilgan, desak yanglishmaymiz. Chunki bu yerda SHHTga a’zo mamlakatlar davlat rahbarlari Kengashining navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tmoqda.

Muxbirimiz ushbu zamonaviy shahar manzaralariga bag‘ishlangan suratlarni www.xs.uz o‘quvchilari uchun maxsus yubordi.

Sindao — Xitoyning eng muhim sayyohlik markazi sanalgan tarixiy shaharlaridan biri. U xalqaro dengiz porti shahri, deb ham nom qozongan. Sindaoga ilk bor qadam qo‘ygan kishi dengizning cheksiz kengliklaridan bahra olib to‘ymaydi. Shahar Sariq dengiz qirg‘oqlari bilan tutashib, Tinch okeanining g‘arbiy sohillariga ulanib ketadi.

Shaharni barpo etishda “yashil hudud”ga alohida e’tibor qaratilgan. Shu sabab qay tomonga qaramang ko‘m-ko‘k daraxtlar, o‘simliklar kayfiyatingizni ko‘taradi.

Sindao — zamonaviy va tarixiy shahar sifatida ikki qismdan iborat. Bu yerga tashrif buyuruvchi sayyohlar dastavval zamonaviy shahar bilan tanishishadi.

Sindaoliklarning kechki paytlarda bir odati bor. Ular guruhlarga bo‘lingan holda dengiz bo‘yi yaqinidagi dam olish maydonlarida har kuni xitoycha maxsus sokin musiqa ohanglari ostida raqslarga tushishadi. Bu inson salomatligi uchun eng foydali mashq sanalar ekan. E’tiborlisi, bunday guruhlarni har 150-200 metr oraliqda uchratish mumkin.

Osmono‘par binolar — Sindao tashqi qiyofasini belgilaydi. Ayniqsa, oqshom kirib, quyosh nurlari o‘z o‘rnini tunning yulduzli kechalariga bo‘shatib berganida, shahardagi barcha ko‘p qavatli muassasalar o‘zgacha ko‘rinish hosil qiladi. Binolarga o‘rnatilgan maxsus diod chiroqlari yordamida ular ajib bir ko‘rinishda lov-lov tovlanadi. Bu manzaralar qalbni o‘zgacha hayajonga solishi shubhasiz.

Sindaoning tarixiy qismi ham kishiga zavq bag‘ishlaydi. Bu yerdagi istirohat bog‘iga tashrif buyurib, minoradan shaharning barcha joylarini tomosha qilish mumkin.

Sariq dengizi ustida qurilgan mazkur ko‘prikning uzunligi 42 kilometrga teng.

Suratlar muallifi “Xalq so‘zi” muxbiri Omonulla Fayziyev.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?