Sement hajmini koʻpaytirishga nima yordam beradi?

16:34 04 Noyabr 2019 Jamiyat
430 0

Foto: Dinara Chirkova, “Xalq soʻzi”

Oʻzbekistonda sement ishlab chiqarish hajmi joriy yil yakunlari boʻyicha 15 million tonnaga yetishi kutilmoqda. Bu kammi yoki koʻp? Qurilish uchun eng talabgir mahsulot sement ekanligini inobatga olsak, unga boʻlgan ehtiyoj ham kattaligini anglash qiyin emas. Shu bois yurtimizda 2021-yilga borib, ushbu qurilishbop ashyo yetkazib berishni 17 million tonnaga olib chiqish moʻljallanayotgani diqqatga sazovor.

Poytaxtimizda boshlangan “Sement sanoati va bozori” XVII Markaziy Osiyo xalqaro konferensiyasida shular xususida soʻz yuritilmoqda. “Oʻzsanotqurilishmateriallari” uyushmasi hamda Rossiya Federatsiyasining “Biznes Sem” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur tadbirda dunyoning sement sanoati taraqqiy etgan 15 mamlakatidan 80 nafardan ortiq soha mutaxassislari, xalqaro ekspertlar, xususan, Jahon sement uyushmasi, Germaniya, Turkiya, Qozogʻiston, Italiya, Shveysariya, Avstraliya, Hindiston kabi davlatlarning yetakchi kompaniya va firmalari vakillari qatnashmoqda. Yurtimizdagi 25 ta sement ishlab chiqaruvchi korxonalar, ilmiy-tadqiqot, loyihalash institutlari, oliy oʻquv yurtlari, qurilish va kimyo sanoati mutaxassislari ham shu yerga jam boʻlgani tadbirning yanada samarali kechishini taʼminlaydi, albatta.

“Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi boshqaruvi raisi Botir Zaripov, Rossiya Federatsiyasining “Biznes Sem” kompaniyasi rahbari Yevgeniy Valukov va boshqalar taʼkidlaganidek, sement qurilish sanoatining eng asosiy mahsuloti hisoblanadi. Bunyodkorlik bor ekan, unga boʻlgan talab ham ortib boraveradi.

Foto: Dinara Chirkova, “Xalq soʻzi”

Ayni paytda yurtimizda mazkur sohada amalga oshirilayotgan ishlar, amaliyotga tatbiq etilayotgan istiqbolli loyihalar dunyo iqtisodiyoti rivoji, hududlar obodligida muhim ahamiyat kasb etadi. Jumladan, shu yil avgust oyida “Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyatida Oʻzbekistonda birinchi boʻlib “M-600” markali yuqori sifatli sement tayyorlash oʻzlashtirildi. “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi va “Yevrotsement grup” xolding bilan hamkorlikda “Ohangaronsement” AJda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihasi ishga tushirilgach, bu yerda “M-700” markali sement ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.

Foto: Dinara Chirkova, “Xalq soʻzi”

Konferensiyada bir qator dolzarb mavzularda ilmiy maʼruzalar, taqdimotlar uyushtirilib, sanoatning mazkur tarmogʻiga moʻljallangan zamonaviy texnika va uskunalar koʻrgazmasi ham tashkil etilmoqda.

Ishtirokchilar, shuningdek, 6-noyabr kuni mamlakatimizdagi yirik sanoat subyektlaridan biri — “Ohangaronsement” AJ faoliyati bilan ham yaqindan tanishadilar.

Dilshod ULUGʻMURODOV
(“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?