Travel Trade Journal: “Toshkent: sevimli poytaxt va ulkan megapolis”

18:53 14 Mart 2019 Welcome to uzbekistan
249 0

Hindistonning mashhur Travel Trade Journal sayyohlik jurnali oʻzining navbatdagi sonida “Toshkent: sevimli poytaxt va ulkan megapolis” sarlavhasida maqola eʼlon qildi.

Unda eʼtirof etilganidek, Toshkent 3 million aholiga ega zamonaviy va gullab-yashnayotgan megapolisdir. Oʻzbekiston poytaxti – Sharqning qadim anʼanalari va meʼmorchilikning zamonaviy yutuqlarini oʻzida hamohanglashtirgan noyob shahardir. Muallif Toshkent yildan yilga chiroy ochib, zamonaviylashib borayotganini taʼkidlab oʻtgan.

Toshkentning keng koʻchalari boʻylab sayr qilganda favvorali koʻplab yashil saylgohlar va xiyobonlar koʻzga tashlanadi.

Materialda poytaxtning diqqatga sazovor joylariga alohida toʻxtalib oʻtilgan. 365 metr balandlikdagi Toshkent teleminorasi – ulardan biri. Ushbu inshoot dunyodagi eng yirik teleminoralar qatoriga kiradi. “Uning tomosha maydoniga chiqar ekansiz, siz shaharning maftunkor manzarasidan hayratga tushasiz”, - deydi muallif toʻlqinlanib.

U Temur haykali oʻrnatilgan Amir Temur maydoni, Amir Temur muzeyi, Mustaqillik maydoni, Senat binosi, Motamsaro ona haykali, zilzila yodgorligi, Bobur va Navoiy nomidagi bogʻlar kabi goʻshalar ham poytaxt koʻrkiga koʻrk qoʻshib turgani qayd etib oʻtgan.

Hind nashri ijodkori turistlarga shinavandalar uchun hamisha ochiq turadigan Oʻzbekiston tasviriy sanʼat muzeyi, Tasviriy sanʼat badiiy galereyasi, Suratkashlar uyi, Kamoliddin Bekzod nomidagi muzey, koʻplab koʻrgazma zallariga ham tashrif buyurishni tavsiya qilgan.

Muallif Toshkent metropolitenini borib koʻrish albatta shart ekanligini aytgan. Zero, uning fikricha, bu yerdagi har bir stansiya mashhur arxitektor va dizaynerlar tomonidan yaratilgan “noyob sanʼat asarlari”ni oʻzida namoyon etadi.

Maʼlumot uchun, Travel Trade Journal Hindistondagi sayyohlik sohasiga ixtisoslashtirilgan nashrlardan biri hisoblanadi. Jurnal ushbu davlatdagi turizm kompaniyalari va operatorlari, aviakompaniyalar, biznes, madaniy-akademik doiralar va jamoatchilik oʻrtasida keng tarqalgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?