“Toza hudud” korxonasi umuman ishlamayaptimi yoki...

00:37 02 Iyun 2020 Jamiyat
248 0

Jalaquduq tumanidagi Janubiy Olamushuk shaharchasi bir paytlar juda fayzli boʻlgan. Bu yerda neftchilar mehnat qilib, istiqomat qilganliklari bois bir oila farzandlaridek ahil-inoq yashaganlar. Shu bois boʻlsa kerak, hududdagi barcha muammolarni oʻzaro hal qilardilar.

Oradan yillar oʻtdi. Zamon oʻzgardi, jumladan, odamlar ham... Gullab-yashnagan bogʻlar quriy boshladi. Eski asfalt yoʻllardan qoqilib yurishga koʻnikdi ular. Adirlikka tutash manzildagi fayz oʻcha boshladi. Biroq, bu manzara ijobiy oʻzgaradigan paytlar ham bor ekan.

Soʻnggi yillarda Andijon viloyati haqiqiy bunyodkorlik markaziga aylandi. Qay bir koʻchaga razm solmang, qurilish ishlariga guvoh boʻlasiz. Yangi bino qad rostlashiyu, eskisini taʼmirlash ishlari odatiy xolga aylandi. Jumladan, Janubiy Olamushuk shaharchasidagi 26 ta koʻp qavatli uyning barchasi taʼmirlandi. Yoʻllar sozlandi, ichimlik suvi quvuri yangilandi.

Hayotdagi, jamiyatdagi jarayonlar zamondoshlarimiz dunyoqarashini ham oʻzgartirib yubordi. Bugungi kun fuqarosi oʻz haq-huquqini yaxshi biladigan, kerak boʻlsa talab qiladigan shaxsga aylandi. Bu yaxshi, albatta! Biroq, huquqini talab qilgan fuqaro burchini ham unutmasa undan ham yaxshi boʻlardi...

Hamma gap shundaki, fuqarolar murojaatiga asosan Jalaquduq tumaniga necha bor tashrif buyurgan boʻlsak, barchasi Janubiy Olamushuk shaharchasidagi A. Navoiy nomli MFYga tegishlidir. Bir gal aholi bandligi masalasini oʻrgangan boʻlsak, keyingi safar toza ichimlik suvi taʼminotidagi muammolar bilan qiziqdik. Xullas, bu safar chiqindixonaga taalluqli eʼtiroz bilan yana bir bor ushbu manzilga qadam ranjida qildik.

“Andijon viloyati Jalaquduq tumanidagi Janubiy Olamushuk shaharchasi A. Navoiy MFY oʻramidagi hudud 2 oydirki, tozalanmayapti. “Toza hudud” korxonasi umuman ishlamayapti. Bu yer axlat va daydi itlar makoniga aylanib qolyapti. Mutasaddilar hudud tozaligiga eʼtibor qaratsin”,-deyiladi murojaatda.

Aslini olganda, mutasaddilar hudud tozaligiga har doim eʼtibor qaratib kelganlar. Shu bois ham haftada maʼlum kunlarda “Toza hudud” DUKga qarashli transport vositalari shaharchadagi 3 ta MFYning har bir koʻchasiga kirib, toʻplangan chiqindilarni bevosita xonadonlarning oʻzidan yigʻib oladi. Demak, aholining hudud chekkasidagi chiqindixonaga ovora boʻlib borishlariga ham hojat yoʻq ekan-da! U holda bu axlatxona qanday paydo boʻldi?
 

“Hududimizda 5 ta noqonuniy chiqindixona mavjud boʻlgan. Mutasaddi idoralar vakillari bilan hamkorlikda aholi orasida muntazam tushuntirish ishlari olib bordik. Kerak boʻlsa jarima chorasini qoʻlladik. Shu tariqa bosqichma-bosqich 4 ta chiqindixona faoliyatini toʻxtatdik. Bugungi kunga kelib 1 ta axlat toʻkish maskani mavjud. “Toza hudud” DUK tomonidan chiqindilar oʻz vaqtida olib ketilayotgan bir paytda bu axlatxonaga hojat yoʻq. Lekin u shaharchamizni qoʻshni qishloqlar bilan bogʻlab turuvchi yoʻlda joylashganligi sabab turli transport vositalarida duch kelgan odam axlat tashlab ketmoqda”,-deydi A. Navoiy nomli MFY raisi Mahbubaxon Tursunova. 

“Ushbu axlatxona rasmiy maqomga ega emas. Shuning uchun bu masalada “Toza hudud” DUKni ayblash nooʻrin. Shunday boʻlishiga qaramay, chiqindilarni olib ketish vazifasini korxona zimmasiga yuklaganmiz. Ushbu maskan oxirgi marta shu yilning 5-may kuni tozalangan. Hudud har doim nazoratda. Bu yerdagi harakatlarni kuzatib borish maqsadida kuzatuv kamerasi oʻrnatilgan. Uning yordamida soʻnggi oyning oʻzida 4 nafar fuqaroga nisbatan chora koʻrilgan. Ularning barchasi oʻz transport vositalari orqali manzilga axlat toʻkish holatini sodir etib, hududdagi sanitariya-gigiyena qoidalarini qoʻpol ravishda buzganlar”,-deya suhbatni davom ettirdi viloyat ekologiya boshqarmasining tuman boʻlimi rahbari Salohiddin Aripov.
 

Xullas, hududdagi chiqindixona mutasaddi idoralar ishchilari tomonidan tozalandi. Bu ishlarni amalga oshirib boʻlgunicha soat tungi 23 boʻldi. Ertasi kuni tong saharda manzilda boʻlib, ne koʻz bilan koʻraylikki, yana axlat toʻkilgan. Shunda yana bir bor oʻz huquqini talab qilgan zamondoshlarimiz burchini ham unutmasalar yaxshi boʻlardi, degan fikr oʻtdi xayolimizdan. Biz bejizga BURCH haqida gapirmadik. Zero, bugun soʻz erkinligi keng quloch yoygan bir paytda hamma narsani gapirsam boʻlaveradi, deb tilimizga erk berishni oʻrgandigu, burchimizni bajarishga kelganda... Biz hali aholining foydalanilgan toza ichimlik suvi, chiqindi, elektr energiyasi va tabiiy gazdan boʻlgan toʻlovlarni amalga oshirish borasidagi burchini qay darajada amalga oshirayotganliklariga toʻxtalmadik. Zero, bu alohida mavzu! Biroq, shundoqqina ostonasigacha transport vositasi kelib chiqindisini olib ketayotgan bir paytda deyarli 500-1000 metr masofani bosib, belgilanmagan joyga axlat toʻkish holatini qanday tushunish mumkin? Gap “Toza hudud” DUKga xizmat uchun toʻlanadigan toʻlov mablagʻida boʻlsa qoʻllaniladigan jarimaning miqdorini ham eslatib qoʻyish oʻrinlimikan, deb oʻylab qoldik.

Xullas, obodlik koʻngildan boshlanmas ekan, hech nimani oʻzgartirib boʻlmaydi...

Saminjon HUSANOV, 
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?