Toshni joyidan siljitish oson ish emas

13:41 04 Oktyabr 2020 Siyosat
447 0

2020-yilning 23-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyada ilk bora ona tilimizda nutq soʻzladi. Toshkent vaqti bilan soat 18.18 da boshlanib, 18 daqiqa davom etgan bu nutqda qandaydir siru sinoat, nurli kelajakka ishora bordek. Zero, ota-bobolarimiz koinotni oʻn sakkiz ming olamdan iborat, deb bilganliklari ham bejiz emas.

Tashabbuskor davlat

Oʻzbekiston Respublikasining jahon hamjamiyatiga bemalol yuz ochishi va insoniyat barqaror taraqqiyoti yoʻlida ilgʻor gʻoyalarni olgʻa surishida 2017-yil iyun oyida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning Oʻzbekistonga rasmiy tashrifi muhim rol oʻynaganini aytib oʻtish joiz. Oʻsha tarixiy uchrashuvdan soʻng, biz ikki siyosiy voqeaning guvohiga aylandik. Birinchisi, Oʻzbekiston shu yildan boshlab oʻzining tashqi siyosatida Markaziy Osiyo mintaqasiga ustuvor ahamiyatni qaratdi hamda kelgusida intiladigan eng muhim maqsad-muddaolarini ulkan hududdagi mamlakatlar taqdirida koʻra boshladi. Ikkinchisi, Prezidentimizning 2017 va 2020-yillarda BMT Bosh Assambleyasi minbarida turib kiritgan takliflari tufayli Oʻzbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida tashabbuskor, deb tilga olingan davlat boʻldi.

Albatta, bunday yuksak darajaga yetishishning oʻzi boʻlmaydi. Bu mamlakatimiz rahbariyatining ulkan hamda tinimsiz mehnati samarasi, desak, haqiqatni aytgan boʻlamiz. Yigirma olti yil mobaynida yopilgan chegaralarning ochilgani, oqilona murosa asosida amaliy hamkorlik va yaxshi qoʻshnichilikning mustahkamlangani, xususan, iqtisodiyot rivoji, aholi farovonligi uchun investitsion muhitning yaratilgani yurtimizga shunday maʼnaviy huquqni berdi, albatta.

2017-yil iyunida Samarqandda BMT shafeligida oʻtkazilgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yoʻlidagi hamkorlik” mavzuidagi yuqori darajadagi xalqaro anjumanda mintaqadagi ­fundamental muammolar, jumladan, 1979-yildan buyon istilochilarning tazyiqi hamda oʻzaro kurashlar ostida yashayotgan Afgʻoniston Islom Respublikasining dardu iztiroblari ham oʻrtaga tashlandi.

Afgʻon jamiyatini tiklash yoʻlida

Qirq bir yillik urush to 1978-yilgacha mavjud boʻlgan afgʻon jamiyatining ichki kuchlari muvozanatini buzdi va yagona afgʻon davlatini qayta tiklash, iqtisodiyotni rivojlantirish masalasini uzoq yillar orqaga surib tashladi.

Bizning tahlilimizcha, Afgʻonistonda davom etgan tinimsiz kurash jarayonlari bir qator salbiy oqibatlarga olib keldi: birinchidan, chet el intervensiyasi va fuqarolar urushi yagona afgʻon davlatining salohiyatini yemirdi; ikkinchidan, taʼlim, sanoat, davlat bosh­qaruvi tizimi deyarli izdan chiqdi; uchinchidan, anʼanaviy afgʻon jamiyati elitasi obroʻsiga jiddiy putur yetkazildi; toʻrtinchidan, mamlakat qoloqlik chegarasini hatlab oʻtolmadi va tarixiy imkoniyatni butunlay qoʻldan boy berdi. Ana shular natijasida Hind okeaniga chiqadigan geosiyosiy hamda geostrategik nuqtada oʻrnashgan Afgʻoniston soʻnggi yillarda qudratli davlatlar manfaatlari kesishadigan, aniq “moʻljal”ga olingan davlatga aylandi.

Tinchlik masalasidagi dadil qadamlar

Nihoyat, uzoq yillik kutishlardan soʻng, Afgʻoniston tinchligi masalasida ijobiy qadamlar va oʻzgarishlar koʻzga tashlana boshladi. 2017-yil 6-iyunda Kobulda ilk marotaba afgʻon muammosiga doir xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi. Unda 27 davlat hamda xalqaro tashkilotlar ishtirok etdi. 2018-yilning 28-fevralida Kobul jarayonining ikkinchi bosqichi boʻlib oʻtdi. Bu safar dunyoning 25 davlati vakillari, jumladan, Oʻzbekiston delegatsiya­si ham qatnashdi. Anjumanda Afgʻoniston Prezidenti Muhammad Ashraf Gʻani bayonot berib, “barchasi koʻngildagidek oʻtsa”, toliblarga Kobulda qarorgohlarini ochishga ruxsat berilishi, fuqarolik pasportlari taqdim etilishi va mamlakat boʻylab erkin harakatlanish imkoni yaratilishi taʼkidlandi. Bundan tashqari, mamlakat qamoqxonalaridagi toliblar ozod qilinib, ular oila aʼzolari bilan mamlakatning istalgan hududida istiqomat qilishga ruxsat berilishi aytildi.

2018-yil 26-27-mart kunlari boʻlib oʻtgan Toshkent konferensiyasi bu borada qoʻyilgan uchinchi yirik tadbir edi. “Shavkat Mirziyoyevning Janubga murojaati — bugungi jahon sahnidagi eng asosiy qadamlardan biri”, deb yozdi Yevroosiyo va Rossiya boʻyicha amerikalik ekspert Stiven Frederik Starr hamda soʻzlariga izoh berdi. Uning fikricha, bu qadam mintaqada oʻta muhim ahamiyatga ega boʻlgan suv va transport yoʻlagi muammolariga yechim topishga imkon yaratadi. Yangi temir yoʻl yoʻnalishi Afgʻoniston hukumati uchun nihoyatda zarur tarmoqdir. Gap shundaki, Oʻzbekiston Afgʻonistonning iqtisodiy rivojlanishida muhim rol oʻynay olishi mumkin. Misol uchun, Mozori-Sharif shahri boshqa mamlakatlar poytaxtlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqaga kirishadi.

Shu jihatdan olganda, Oʻzbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan Toshkent shahrida Afgʻoniston muammolariga bagʻishlab oʻtkazilgan xalqaro anjuman sezilarli qarorlar qabul qilinishiga olib keldi. Bu tarixiy ahdlashuv Markaziy Osiyo mintaqasi iqtisodiy va ­siyosiy rivojiga, shubhasiz, ijobiy taʼsir oʻtkazdi.

Muammo — jahon minbarida

2017-yil 19-sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida soʻzlagan nutqida Oʻzbekiston Prezidenti ­afgʻon muammosini dadil koʻtarib chiqdi. “Aminmizki, Afgʻonistonda tinchlikka erishishning yagona yoʻli — markaziy hukumat va mamlakat ichidagi asosiy siyosiy kuchlar oʻrtasida oldindan hech qanday shart qoʻymasdan, toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot olib borishdir”, degan taklifni ilgari surdi davlatimiz rahbari. Soʻng fikrini davom ettirib, “Afgʻoniston masalasi global miqyosdagi masalalar markazida boʻlishi lozim. Xalqaro hamjamiyatning saʼy-harakatlari, birinchi navbatda, Afgʻonistondagi oʻtkir ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilishga qaratilishi kerak. Bu jafokash yurtda tinchlik oʻrnatishga koʻmaklashish yoʻlidagi bizning umumiy ­qatʼiy harakatlarimiz aslo susaymasligi lozim”, deb taʼkidladi.

2020-yil 23-sentyabrda BMT Bosh Assambleyasidagi navbatdagi chiqishida Oʻzbekiston rahbari yana shu muammoga jahon jamoatchiligi eʼtiborini tortdi. “Biz Afgʻonistonni Markaziy Osiyoning ajralmas qismi sifatida qabul qilamiz”, dedi Yurtboshimiz va Oʻzbekiston tomonidan olib borilayotgan harakatlarni sanab oʻtdi: “Mintaqada iqtisodiy integratsiya jarayonlariga Afgʻonistonni keng jalb etish maqsadida «Surxon — Puli-Xumri» elektr uzatish tarmogʻini, Mozori-Sharifdan Hind okeani portlariga ­chiqadigan temir yoʻl qurilishi kabi yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga kirishdik”.

Shu bilan birga, yangi takliflar ilgari surildi: «Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida afgʻon xalqining dardu tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat koʻrsatadigan qoʻmita tashkil etish lozim. Ushbu qoʻmitaning asosiy vazifasi Afgʻonistonning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga koʻmak berishdan iborat boʻlishi zarur».

Nufuzli minbardan turib olgʻa surilgan ushbu tashabbuslarni nafaqat Markaziy Osiyo davlatlari, balki jahondagi barcha tinchliksevar xalqlar chin dildan olqishladi.

2020-yil sentyabr oyi boshida Qatar poytaxti Doha shahrida boʻlib oʻtgan AQSH va “Tolibon” harakati, Afgʻoniston hukumati hamda “Tolibon” harakati oʻrtasidagi uchrashuvlar ishtirokchilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish yoʻlidagi saʼy-harakatlari va tashabbusini yuqori baholadi. Doha uchrashuvi muzokaralari davomidan keyin barcha tomonlar yakdil bir qarorga kelishiga, tinchlik hamda barqarorlik, milliy taraqqiyot davri boshlanishiga oz fursat qoldi, nazarimizda.

Xulosa oʻrnida

Taʼbir joiz boʻlsa, “toshni joyidan siljitish” faqat kuchli siyosatchilar va yirik davlatlarning ishtiyoqiga, hamfikrligiga bogʻliq kechadigan jarayon. Bu borada tashabbus koʻrsatib, butun bir jafokash xalqning orzu-umidlarini roʻyobga chiqarish, tinch hayotga qaytishiga koʻmak berish naqadar savobli ish ekanligini doʻst qoʻshnilarimiz yurakdan his qilib turibdi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning nutqi avvalidan to oxiriga qadar tinchlikparvarlik, adolat va bunyodkorlik Qoyalarini ulugʻlovchi ruhda boʻldi. Bu Markaziy Osiyo mintaqasi kelajagi uchun umid berishi bilan diqqatga sazovor.

Birinchisi, Afgʻonistonda barqarorlik boʻlsa, Markaziy Osiyo mintaqasida yangi tahdidlar hamda chaqiriqlar, xususan, terrorizm, diniy ekstremizm, narkobiznes va noqonuniy qurol-yarogʻlar savdosi kabi illatlarning kamayishiga olib keladi; ikkinchisi, Afgʻonistondagi vaziyatni tinch yoʻl bilan hal etish borasida turli ahamiyatga ega boʻlgan tashabbuslar Istanbul (2011), Moskva (2016), Kobul (2017) tashabbuslari ilgari surilgan, ammo yakuniy natijaga erishilmagan edi. Oʻzbekiston tashabbusi hamda BMT shafeligida oʻtkazilayotgan soʻnggi harakatlar natijasidan koʻzlangan asosiy maqsad Afgʻoniston Islom Respublikasining mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga integratsiyalashuvini taʼminlashdan iborat. Agar bu vazifa uddalangudek boʻlsa, terrorizm, diniy ekstremizm, narkobiznes va noqonuniy qurol-yarogʻlar savdosi ham asta-sekin barham topadi.

Eng muhimi, Markaziy Osiyo mintaqasida, xususan, Oʻzbekistonda tashqi xavf-xatar yoʻqolib, iqtisodiy rivojlanish jarayonlari tezlashadi.

Baxtiyor OMONOV,
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti professori,
siyosiy fanlar doktori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?