Toshkentdan Zarafshon tog‘ tizmalariga vertolyot orqali sayr qilish narxi qancha?

15:29 02 Iyul 2018 Welcome to uzbekistan
1982 0
Foto: “O‘zbekiston havo yo‘llari”

“O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasining “Maxsus aviatsiya ishlari” aviakompaniyasi turoperatorlar, agentliklar va barcha xohlovchilarga O‘zbekistonning go‘zal go‘shalariga vertolyotda sayr qilish xizmatidan foydalanishni taklif qilgani haqida xabar bergandik.

“Zarafshon” nashri sayohat narxi bilan qiziqib, aviakompaniya bilan bog‘landi. “Maxsus aviatsiya ishlari” aviakompaniyasi xodimi Jamshid Abdullayevning aytishicha, sayr qilishning dastlabki bahosi soatiga 18 million 200 ming so‘m deb belgilangan. Bu – aviakompaniya taklif etayotgan narx.

Xo‘sh, Zarafshon tog‘ tizmalariga sayr qilish necha so‘mga tushadi?

Mutaxassisning ta’kidlashicha, parvozlar Toshkentdan amalga oshiriladi. Poytaxtdan Zarafshon tog‘ tizmalariga parvoz qilish va qaytish 5 soat davom etadi. Vertolyotga ko‘pi bilan 16 sayyoh olinishi mumkin. Sayohat 5 soat davom etishini hisobga olsak, demak sayrga chiqishni istagan guruh buning uchun 91 million so‘m to‘lashi lozim bo‘ladi.

Shuningdek, aviakompaniya aerodromdan foydalangani uchun 431 768 so‘m to‘lashiga to‘g‘ri keladi. Demak, guruh Toshkent va Zarafshondagi aerodromlar uchun jami yana 863 536 ming so‘m berishlari kerak bo‘ladi.

Hisob-kitobga ko‘ra, sayohat bahosi jami 91 million 863 ming 536 so‘mni tashkil etadi. Guruhda 1 kishidan 16 (ayrim vertolyotda 20) kishigacha bo‘lishi mumkin. Agar 16 kishi bir vaqtda sayohatga chiqqan taqdirda, bir kishi sayohat uchun jami bo‘lib 5 million 741 ming so‘m (ayni vaqtdagi kurs bo‘yicha 731 dollar) sarflashi kerak bo‘ladi.

Ammo bu markaz taklif qilayotgan dastlabki narxlar ekani aytiladi. Agar siz turfirma yoki sayyohlik agentliklari orqali sayr qilmoqchi bo‘lsangiz, ularning ham xizmat haqqini to‘lashingizga to‘g‘ri keladi. Narxlar mahalliy sayyohlar va xorijliklar uchun farq qilmaydi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?