Toshkentda zamonaviy sanʼat biyennalesi boʻlib oʻtmoqda (Fotoreportaj)

16:01 12 Oktyabr 2018 Madaniyat
405 0

Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining markaziy koʻrgazmalar zalida VIII Xalqaro Toshkent zamonaviy sanʼat biyennalesi boʻlib oʻtmoqda.

Forumni oʻtkazishdan maqsad xalqaro sanʼat maydonida mamlakatimiz nufuzini yanada koʻtarish, ijodkorlar oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, tajriba va fikr almashishlariga yordam berish, jamiyatning, yoshlarning madaniy va intellektual darajasini oshirish hamda xalqlar oʻrtasidagi madaniy aloqalarni kuchaytirishdan iborat.

Unda Yevropa, AQSH va Lotin Amerikasi, Janubiy-Sharqiy va Markaziy Osiyoning 27 davlatidan 160 dan ortiq ishtirokchilar koʻrgazmalar zalida oʻzlarining videoart, installyatsiya, fotoart, haykaltaroshlik ishlari, konseptual rangtasvir, grafika kabi ijodiy ishlari va loyihalarini namoyish etilmoqda.

— Avvalo, mana shunday katta sanʼat bayrami bilan barchani tabriklayman, — deydi Bangladeshning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Mosud Mannan. — Koʻplab davlat vakillari qatorida men ham ishtirok etayotganimdan xursandman. Tadbir juda ham aʼlo darajada oʻtkazilmoqda. Bangladeshda ham har ikki yilda Osiyo sanʼat biyennalesi uyushtiriladi. Xalqlarimiz madaniyatida, sanʼatida oʻxshash va farqli jihatlarni kuzatishimiz mumkin. Boisi iqlim, tabiat, qolaversa, mentalitet har xil boʻlganligi sabab ijodkor shu borliqdan ilhom oladi va shu manzarani tasvirlashga urinadi. Masalan, oʻzbek ijodkorlari ishida togʻlar, quyoshli yurt tasviri koʻp uchraydi va bu har qanday sanʼat ixlosmandini maftun etadi.

Biyennale doirasida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya, taniqli nazariyotchi hamda kuratorlar ishtirokida zamonaviy sanʼat mavzusiga doir maʼruzalar va munozaralar oʻtilishi rejalashtirilgan. Xalqaro koʻrgazma 14 oktyabrga qadar davom etadi.
Yulduz OʻRMONOVA.

Suratlar muallifi: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?