Toshkentda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashga bagʻishlangan tadbir oʻtkazildi

18:02 12 Oktyabr 2018 Jamiyat
357 0
Foto: “Xalq so‘zi”

Poytaxtimizda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Xotin-qizlar qoʻmitasi hamkorligida “Tashabbuskor, doʻst, hamfikrmiz, dugonajon” shiori ostida ijodiy kecha boʻlib oʻtdi. Unda ijodkor ziyolilar, madaniyat va sanʼat namoyondalari, oʻquvchi, talabalar qatnashdi.

Soʻzga chiqqanlar mamlakatimizda ayollar salomatligini yaxshilash, qizlarning taʼlim olishiga shart-sharoitlar yaratish, ijtimoiy muammolarini hal etishga koʻmaklashish davlat siyosati darajasiga koʻtarilganini taʼkidladi.

— Millat davomchisi boʻlmish qizlarni maʼrifatli, ziyoli va onalik maqomiga munosib qilib voyaga yetkazish masalasi bugungi kunda har qachongidan ham koʻra muhimdir, — deydi Oʻzbekiston xalq artisti Toʻti Yusupova. — Bunday samimiy uchrashuvlar yoshlarning maʼnaviy tarbiyasini yuksaltirishi bilan birga ularning oʻzlarini qiziqtirgan savollarga turli soha mutaxassislaridan yetarli javoblarni olishida ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Kechada Xotin-qizlar qoʻmitasi tomonidan jamoatchilik asosida tuzilgan “Qizlarjon” klubining faoliyati, yoshlar oʻrtasida oʻzaro doʻstlik, hamfikrlik munosabatlarini shakllantirish boʻyicha olib borayotgan ishlari haqida maʼlumotlar berildi. Ijodkor qizlar koʻrgazmalari, musiqiy chiqishlar namoyish etildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi T. Narbayeva soʻzga chiqdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?