Toshkentda ilk bor ikki qadimiy Qurʼon qoʻlyozmalari namoyish etiladi

17:49 14 Avgust 2019 Jamiyat
105 0

“Oʻzbekiston – buyuk yoʻllar va tamaddunlar chorrahasi: imperiyalar, dinlar, madaniyatlar“ madaniy meros haftaligi qatnashchilari 23-avgustda Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyuradi. Shu kuni mehmonlar Oʻzbekiston Musulmonlari idorasida ham boʻlib, dunyodagi ilk Qurʼon qoʻlyozmalari – Usmon Qurʼoni, Katta Langar Qurʼoni nusxalarini koʻrishga muvaffaq boʻladi. Bu haqda OʻzA xabar berdi.

Usmon Qurʼoni tugʻilmagan buzoq terisiga bitilgan boʻlib, muqaddas kitobning ilk qoʻlyozmasi sanaladi. Barcha musulmon olami vakillari uchun tabarruk boʻlgan nodir qoʻlyozmani koʻrish uchun har yili Toshkentga koʻplab mamlakatlardan minglab sayyohlar tashrif buyuradi.

Mashhur Katta Langar Qurʼoni islom dini va barcha musulmonlar uchun olamshumul ahamiyatga ega. Bu qadimiy kitob butun insoniyatning merosi hisoblanuvchi madaniy va tarixiy boyliklar qatoriga kiritilgan.

Ekspertlarning fikricha, Katta Langar Qurʼoni qoʻlyozmasining umumiy hajmi 206 sahifa boʻlib, bugungi kungacha undan deyarli yarmi – 97 sahifasi saqlanib qolgan. Qurʼon sahifalarining 81 varagʻi Rossiyaga olib ketilgan va hozirda Rossiya Fanlar akademiyasining Qoʻlyozmalar institutida saqlanmoqda. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra qoʻlyozmaning 16 varagʻi Oʻzbekistonda saqlanadi. Ayni vaqtda bu nodir qoʻlyozmaning qolgan sahifalari taqdiri nomaʼlumligicha qolmoqda.

Shu munosabat bilan OʻzEOAVMA “Sevimli TV” telekanali hamda “Bi-Bi-Si” oʻzbek xizmati bilan hamkorlikda afsonaviy Qurʼonning yoʻqolgan sahifalarini izlab topishga qaratilgan loyihani amalga oshirmoqda. Bu borada “Katta Langar Qurʼoni: afsona va haqiqatlar” mavzuida hujjatli film ham tasvirga olindi. Uni tasvirga olish ishlari Toshkent, Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlari hamda Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida olib borildi. Film lavhalari Qurʼon sahifalarining asosiy qismi qanday qilib Sankt-Peterburgga borib qolgani bilan bogʻliq tarixiy haqiqatlarni ochib beradi. Hujjatli filmda Arablar qishlogʻida yashovchi oqsoqollar va mahalliy aholi xotiralari, Katta Langar Qurʼoni bilan bogʻliq afsona va haqiqatlar hikoya qilinadi.

Loyiha doirasida 30 ta 15 daqiqalik film tasvirga olingan. Bu film joriy yil Ramazon oyida “Sevimli” telekanalida va “Bi-Bi-Si” oʻzbek xizmati veb-saytlarida tomoshabinlar eʼtiboriga havola qilindi.

Islom sivilizatsiyasi markazi oʻz mohiyatiga koʻra Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi. Markazning yangi binosi va ilmiy majmuaning qurilishi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirigʻiga binoan 2017-yil dekabr oyida boshlangan.

Markaz oldiga qoʻyilgan vazifalardan kelib chiqib, uning tarkibida akademiya, islom sanʼati muzeyi, mamlakatimizda va xorijda saqlanayotgan qadimgi noyob qoʻlyozmalar, litografik kitoblar, buyuk allomalar va din arboblari qoldirgan tarixiy hujjatlar, shuningdek, ushbu yoʻnalishdagi zamonaviy ilmiy tadqiqotlar bilan boyitiladigan fond boʻlishi nazarda tutilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?