Toshkentda Alisher Usmonov, Fattoh Shodiyevlar qatnashadigan xalqaro forum boʻlib oʻtadi

16:45 16 May 2019 Jamiyat
375 0

19 may kuni Toshkent shahridagi Simpoziumlar saroyida Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti bitiruvchilarining V xalqaro forumi – davlat arboblari, yirik tadbirkorlar, koʻp tomonlama institut rahbarlari, nufuzli jurnalistlarning norasmiy uchrashuvi boʻlib oʻtadi. Bu haqda AOKA matbuot xizmati xabar berdi.

Toshkent shahrida oʻtkaziladigan Forumning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri A.Kоmilov, USM Holdings asoschisi, MDXMIning Vasiylik kengashi raisi oʻrinbosari A.Usmonov, Rossiya madaniyat vaziri V.Medinskiy, Rossiya Federatsiyasi Kengashi raisi oʻrinbosari I.Umaxanov ishtirok etadi. Tadbirni MDXMIning Kuzatuv kengashi aʼzosi, TASS bosh direktorining oʻrinbosari M.Gusman olib boradi.

Forumda siyosat, xavfsizlik, iqtisod va madaniyat sohasidagi dolzarb masalalar boʻyicha Mongoliya Tashqi ishlar vaziri D.Sogtbaatar, Kambodja Taʼlim vaziri N.Xan Chuon, Rossiya fan va taʼlim sohasini nazorat qilish federal xizmati rahbari S.Kravsov, MDXMning Vasiylik kengashi aʼzosi F.Shodiyevlar soʻzga chiqadi. Kunning ikkinchi yarmida ishtirokchilar qatoriga Slovakiya Tashqi ishlar vaziri M.Laychak qoʻshiladi. Barcha soʻzga chiquvchi nufuzli mehmonlar Moskva xalqaro munosabatlar instituti bitiruvchilari hisoblanishadi.

Forumning asosiy dasturi davlat idoralari va kompaniyalar rahbarlarining biznes uchrashuvlaridan iborat. Uchrashuv davomida taʼlim, madaniyat va investitsiya sohasida ikki tomonlama munosabatlar muhokama qilinadi.

MDXMI, Jahon iqtisod va diplomatiya universiteti hamda Oʻzbekiston va Rossiyaning boshqa oliy oʻquv yurtlari mutaxassislari ishtirok etadigan tadbirda Markaziy Osiyodagi koʻp tomonlama hamkorlik va xavfsizlik masalalari boʻyicha ekspertlararo munozara boʻlib oʻtadi.

Forumda, shuningdek, universitetni rivojlantirishning yangi strategiyasi muhokama qilinadi. Forumda Toshkent MXMI filiali ochilishi haqidagi dastur taqdimoti ham oʻrin olgan.

“Tadbirga jurnalistlar, mutaxassislar va blogerlar taklif etiladi. Qatnashuvchilar 17 mayga qadar roʻyxatdan oʻtishi soʻraladi. Roʻyxatdan oʻtish uchun (90) 732 53 59 raqamlariga bogʻlanish mumkin“, deyiladi AOKA xabarida.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?