Toshkentda 7-8-oktyabr kunlari Islom hamkorlik tashkilotining Xalqaro seminari oʻtkaziladi

14:01 04 Oktyabr 2019 Siyosat
167 0

Shu yil 7-8-oktyabr kunlari Toshkent shahrida Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasining “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yoʻlida yoshlar huquqlarini ragʻbatlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzusidagi Yillik 6-seminari boʻlib oʻtadi.

Ushbu nufuzli xalqaro anjuman IHT Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida BMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish boʻyicha xalqaro tashabbusni ilgari surdi. Ushbu xalqaro-huquqiy hujjatda globallashuv va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan bugungi sharoitda yoshlarga oid siyosatni shakllantirish va amalga oshirish masalalari koʻzda tutiladi.

Yillik 6-seminarda tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yoʻlida yoshlar huquqlarini ragʻbatlantirish hamda himoya qilishning ahamiyati muhokama qilinadi. Anjuman ishi doirasida BMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyasi loyihasini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratiladi.

Seminarda IHTning Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasi aʼzolari, xalqaro ekspertlar, IHTga aʼzo va kuzatuvchi maqomidagi 40 dan ziyod davlat, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha milliy muassasalar vakillari ishtirok etadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?