Toshkent shahrida amalga oshiriladigan yangi investitsiya loyihalari muhokama qilindi

09:34 21 May 2019 Siyosat
368 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 may kuni Toshkent shahrida amalga oshirilishi rejalashtirilgan istiqbolli investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining 2018 yil 21 dekabr kuni boʻlib oʻtgan navbatdan tashqari sessiyasida poytaxtimizni yirik ishbilarmonlik markaziga aylantirish, investitsiyalarni faol jalb qilib, zamonaviy korxonalar tashkil etish boʻyicha vazifalar belgilangan edi. Shunga muvofiq, joriy yil 4 yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahrini infratuzilmaviy rivojlantirishga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Bugungi kunda poytaxtimizda kichik sanoat zonalari va texnoparklar infratuzilmasidan samarali foydalanib, yuqori texnologiyali quvvatlarni tashkil etish, qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish boʻyicha izchil ishlar olib borilmoqda. Bu masala davlatimiz rahbarining doimiy eʼtiborida boʻlib kelmoqda. 13 may kuni Prezident huzurida boʻlib oʻtgan yigʻilishda ham toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda Toshkent shahrida zamonaviy sanoat korxonalari tashkil etish ishlari tahlil qilingan edi.

Avval berilgan topshiriqlarga muvofiq Toshkent shahrida amalga oshirish uchun umumiy qiymati 617 million AQSH dollaridan ziyod 19 ta yangi investitsiya loyihasi ishlab chiqildi.

Ahamiyatlisi shundaki, ushbu loyihalarning barchasi sanoat sohasida boʻlib, ular natijasida 10 mingdan ortiq ish oʻrni yaratiladi. Har yili qariyb 1 milliard dollarlik bozorbop mahsulotlar ishlab chiqarish, 290 million dollardan ziyod eksport qilish imkoniyati paydo boʻladi.

Loyihalar qoʻshilgan qiymati va mahalliylashtirish darajasi yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan. Keng turdagi maishiy texnikalar, lift va eskalatorlar, nasoslar, suv isitgichlar, qogʻoz va qurilish materiallari, oziq-ovqat mahsulotlari, maishiy kimyo vositalari, zargarlik va shisha tovarlari shular jumlasidandir.

Investor va tashabbuskorlar oʻz loyihalari yuzasidan taqdimotlar oʻtkazdi. Ushbu korxonalar Toshkent mexanika zavodining hozirda foydalanilmayotgan bino va maydonlarida tashkil etiladi. Ular 2019-2020 yillar davomida ishga tushiriladi.

Prezidentimiz ushbu loyihalar shaharning mavjud infratuzilmasidan samarali foydalangan holda bozorbop mahsulotlar ishlab chiqarish, aholini ish bilan taʼminlash jihatidan muhimligini taʼkidlab, ularni tezroq ishga tushirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Mutasaddilarga xaridorgir sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha umumiy qiymati kamida 1 milliard dollar boʻlgan qoʻshimcha loyihalar shakllantirish vazifasi qoʻyildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?