Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududida xalqaro terrorchilik tashkiloti aʼzolari aniqlanib, qoʻlga olindi

01:34 24 Iyun 2020 Jamiyat
2024 0

2020-yilning 23-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi DXX, IIV hamda Toshkent shahar DXXB, IIBB xodimlari tomonidan hamkorlikda olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududida yashirin faoliyat olib borgan, «Tavhid va jihod katibasi» (TJK) xalqaro terrorchilik tashkilotiga aloqador boʻlgan guruhlar tarafdorlarining noqonuniy faoliyati fosh etildi. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar berdi.

Dastlabki toʻplangan maʼlumotlarga koʻra, mazkur shaxslar hozirda Suriyada xalqaro terrorchilik tashkiloti, TJK safida faoliyat yuritayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi, 2001-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan A. Abduqahhorov va uning rahnamolarining gʻoyaviy taʼsiriga tushib, internet orqali ekstremistik mazmundagi videoroliklarni muhokama qilib, “hijrat” va “jihod” amallarini bajarish maqsadida Suriya Arab Respublikasiga chiqib ketishni rejalashtirganlar.

Taʼkidlash joizki, ushbu shaxslar orasida 3 nafari muqaddam terrorizm va ekstremizm bilan bogʻliq jinoyat sodir etib, jazo muddatini oʻtab chiqqan boʻlsa-da, tegishli xulosa chiqarmasdan faoliyatini qayta tiklashga uringanlar.

Yuqoridagilarga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 2442-moddasi 1-qismiga (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) asosan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida Toshkent shahrining Olmazor, Uchtepa, Chilonzor, Yakkasaroy va Sirgʻali hamda Toshkent viloyatining Zangiota tumani hududidagi 25 ta manzilda tintuv tadbirlari oʻtkazilib, 25 nafar shaxs qoʻlga olindi.

Ushlangan shaxslarning yashash manzillaridan jinoyatga aloqador boʻlgan ashyoviy dalillar topilib, qonuniy tartibda rasmiylashtirilib olindi. Hozirda tergov-surishtiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.

Maʼlumot tariqasida aytish joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining 2016-yil 26-sentyabrdagi qaroriga asosan «Tavhid va jihod katibasi» xalqaro terroristik tashkiloti faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi hududida taʼqiqlangan tashkilotlar roʻyxatiga kiritilgan.

"Fuqarolarimiz, ayniqsa yoshlarimizni ogohlantirib, bu kabi qonun buzilishlariga yoʻl qoʻymaslik maqsadida, buzgʻunchi gʻoyalar taʼsiriga tushib, ijtimoiy tarmoqlarning shubhali saytlaridagi daʼvatlarga aldanib qolmasliklarini, jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallardan foydalanmasliklarini, ularni saqlamasliklarini va tarqatmasliklarini soʻraymiz" deyiladi IIV xabarida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?