Toshkent shahri hududi kengayadimi?

21:00 04 Yanvar 2020 Jamiyat
1330 0

Toshkent shahar hokimligi maʼmuriyati poytaxtga qoʻshilishi rejalashtirilayotgan hududlar haqida maʼlum qildi. Bu haqda “Nalogi plyus“ gazetasi xabar berdi.
Qayd etilganidek, Toshkent doimiy rivojlanmoqda, yangi infratuzilmalar va ijtimoiy obyektlar paydo boʻlyapti, yangi turar joylar va majmualar qurilayotir, poytaxt aholisi oʻsmoqda. 
Maʼlum qilinishicha, oʻsib borayotgan aholi hayot sifatini yaxshilash, shahar qiyofasini zamonaviy arxitektura va shaharsozlik talablariga javob beradigan darajaga olib chiqish, shuningdek, yangi shahar inshootlarining uzluksiz barpo etilishi va Toshkent viloyatining shaharga chegaradosh baʼzi tuman hamda shaharlarining Toshkent bilan paydo boʻlayotgan yaqindan aglomeratsiyasi maʼmuriy chegaralarni vaqti-vaqti bilan kengaytirishni taqozo etyapti.
Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2019-yil 1-oktyabr holatiga koʻra Toshkent shahrining doimiy aholisi 2 554 900 kishini tashkil etgan. Kadastr boʻlinishiga koʻra, shaharning umumiy maydoni 33 500 ga yoki 334 kilometr kvadratga teng.

Poytaxt hokimligi matbuot xizmatining xabar berishicha, hozirda “Pastdarxon“, “Yuqoridarxon“ va “Toshkent“ mahallalarida aholini roʻyxatga olish, ularda joylashgan obyektlar, muhandislik kommunikatsiyalarini qabul qilish ishlari hamda boshqa zarur chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Qoʻshimcha qilinishicha, Toshkentning yanada kengaytirilishi koʻplab omilarga bogʻliq, ulardan muhimlaridan biri aglomeratsiya(yaqinlashuv) darajasi va shahar hozirgi koʻrinishida aholi ehtiyojlarini qondira olish qobiliyatidir. “Aytgancha, yirik shaharlarning kengayishi — dunyo tendensiyasi. Yanada koʻproq odamlar shaharlarda yashashni afzal bilishmoqda, shahar aholisi zichligi qishloqnikiga nisbatan sezilarli ravishda yuqori boʻlib boryapti“, — deyiladi matbuot xizmati xabarida. 



 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?