Toshkent shahar hokimiyati xalqni aldadimi? 191 fuqaroning qaror bilan berilgan yerlari tortib olinmoqda

18:18 05 Iyul 2019 Jamiyat
965 0

Tahririyatimizga Mirzo Ulugʻbek tumani Oʻqituvchilar koʻchasida yashovchi fuqarolardan shikoyat kelib tushdi. Unda mazkur hudud aholisi qonun doirasida olgan yerlaridan foydalana olmayotganidan norozi boʻlib murojaat qilgan. Jami 29 nafar fuqaro tomonidan imzolangan mazkur xatni hech qanday oʻzgartirishlarsiz sizga taqdim etamiz. Mutasaddi hokimliklar bu borada oʻz munosabatlarini bildiradi degan umiddamiz.

Sizga maʼlumki, keyingi ikki yilda mamlakatimizda aholini uy-joy bilan taʼminlash borasida juda koʻp xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Biroq, bu borada hamma hududlarda ham ishlar silliq kechayapti, deb boʻlmaydi. Masalan, Toshkent shahri, Mirzo Ulugʻbek tumani Oʻqituvchilar koʻchasidagi yer-uchastkalarga egalik huquqi berilgan, biroq bu huquqdan foydalana olmayotgan biz sarson-sargardonlar shu kunlarda duch kelgan muammo yuqoridagi fikrimizga bir dalil boʻla oladi, deb oʻylaymiz.

Biz Toshkent shahar hokimining 2013-yil 30-yanvardagi “Koʻp qavatli uylarda joylashgan xususiy kvartirasini tuman hokimliklari ixtiyoriga topshiruvchi fuqarolarga yer uchastkalari ajratish haqida”gi 79-sonli qaroriga muvofiq, shahardagi 2 xonali kvartiralarimizni M.Ulugʻbek tuman hokimiyati ixtiyoriga, oʻz xohishimizga koʻra, barcha hujjatlarni rasmiylashtirgan holda topshirganmiz. Evaziga Toshkent shahar hokimining qarori bilan har bir 2 xonali uy uchun Mirzo Ulugʻbek tumani “Oʻqituvchilar” koʻchasi boʻylab uy-joy qurishga 400 kv.m. yer uchastkasi ajratib berilgan edi.

Muhimi, peshana terimiz, mehnatu zahmatimiz evaziga topgan mablagʻimizga yaxshi niyatlar va xotirjamlik bilan mazkur yerda yangi qurilishlarni boshlab yubordik. Buning uchun barcha hujjatlar taqdim qilingan va tegishli davlat tashkilotlaridan qonuniy tasdiqdan oʻtkazilgan, albatta.

Ammo shu yilning boshlaridan biz ezgu niyatlar bilan boshlaganimiz – qurilish ishlari toʻxtatilar ekan, degan xabar tarqatildi. Bu borada tuman yer-kadastr boʻlimiga, shahar arxitektura tashkilotiga, tuman hokimligiga va shahar prokuraturasiga ogʻzaki ravishda bir necha bor murojaat qildik. Ammo hech kim tayinli bir javob aytmadi. Faqat “qurilishga hozircha ruxsat yoʻq, qurmay turinglar”, degan javob bilan cheklanishdi,xolos. Bu mavhum javobning sababu tafsilotlari biz uchun hanuz sirligicha qolmoqda.

Axir yurtimizda mulkchilik bilan, yer ajratish, uy-joy qurish bilan bogʻliq Qonunlar bor, hukumatimizning Qaroru Nizomlari mavjud. Boz ustiga Toshkent shahar hokimining Qarori yuridik hujjat hisoblanmaydimi.

Xoʻsh, bizga ajratilgan yer-uchastkalarida boshlangan qurilish ishlarimiz toʻxtatilar ekan, avvalo, nega bu hududdan yer-uchastkasi ajratib berildi?! Masʼullarning koʻzi qayoqda edi? Keyin biz qilgan xarajatlarni kim toʻlaydi?! Kim bizning shahardagi sharoiti bemalol kirib yashashga moʻljallangan 2 xonali kvartiralarimizni qaytarib beradi?! Shuncha ketgan vaqtimiz, ovoragarchiligimiz, kutish va turli xabarlardan charchagan asablarimiz tovonini kim toʻlaydi? Xullas, savollar koʻp. Javob esa....

Biz Toshkent shahar hokimiyati ixtiyoriga topshirgan 2 xonali kvartiralarimizga allaqachon hokimlik qarori bilan boshqa shaxslar yoki oilalar kirib yashamoqda. Kvartiralarimiz hisobiga berilgan yer-joyga esa oʻzimiz egalik qilolmasak, qurilish ishlarini davom ettira olmasak, qurilgan hovlilarimizga koʻchib kira olmasak, bu qaysi adolatli jamiyatning mezonlariga toʻgʻri keladi? Bizning toptalgan huquqimiz, sarflagan vaqtimiz, ichki iztirobu hasratimiz uchun kim va qaysi tashkilot masʼuliyatni oʻz zimmasiga oladi? Axir demokratik jamiyatda inson huquq va erkinliklari, odillik va insoniylik tamoyillari bosh qomusimiz – Konstitutsiyamizda ham belgilab qoʻyilgan. Aniqroq aytganda, goʻyo bizning shaxsiy mulkimiz boʻlgan 2 xonali kvartiralarimizni Toshkent shahar hokimligi aldov yoʻllar bilan oʻzlashtirib olgandek tasavvur uygʻonmoqda. Axir qonunan – Toshkent shahar hokimining qaroriga asosan hovli-joy qurish uchun olingan yer-mulkka egalik toʻgʻrisidagi hujjat qoʻlimizda boʻla turib, bizga qurilishga, qurgan uylarimizga egalik qilishga, unga koʻchib oʻtib yashashga ruxsat berishmayapti. Bu esa odamlar qalbida davlat va hukumatga, mansabdor shaxslarga boʻlgan ishonchsizlik tuygʻusi ildiz otishiga, ertagi kunga koʻtarinki kayfiyat bilan qarash hissining xiralashuviga sabab boʻlmaydimi.

Aprel oyida tuman hokimligidagi masʼul xodimlarning tavsiyasi bilan Mirzo Ulugʻbek tuman prokuraturasiga mazkur masala boʻyicha murojaat qildik. Ular rasmiy maʼlumot taqdim etmagan boʻlsa-da, bizning qurilishni davom ettirish haqidagi daʼvoyimiz “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 03-martdagi 23/70-sonli bayonining 22-bandida berilgan topshiriqqa koʻra qaytarildi” degan xatni koʻrsatishdi. Unda “Ushbu bayonnomaga koʻra Toshkent shahar hokimining 2015-yil 9-fevraldagi 105-son “Yakka tartibda uy-joy qurishga moʻljallangan yer maydonlari ajratish haqida” qaroriga asosan Mirzo Ulugʻbek tumani, Oʻqituvchilar koʻchasida joylashgan yer maydonida yer osti suvi sathi koʻtarilib ketayotgani sababli yakka tartibdagi turar-joy binolarini qurilish ishlari boshlangan uchastkalarning mulkdorlariga belgilangan tartibda qurilishni toʻxtatish boʻyicha ogohlantirish xati berib, qurilish ishlarini vaqtincha toʻxtash choralarini koʻrish belgilangan” deb yozilgan. Ammo bu haqda yer egalariga rasman maʼlum qilinmadi.

Joriy yilning may oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga qilgan murojaatimizga Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan “Mirzo Ulugʻbek tumani, Oʻqituvchilar koʻchasida joylashgan 13,7 gektarli yer maydoni shahar hokimining 09.02. 2015-yilgi “Yakka tartibda uy-joy qurishga moʻljallangan yer maydonlari ajratish haqida” 105-son qaroriga asosan “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasiga ajratib berilgan.

Shundan soʻng ushbu hudud har birining maydoni 400 kv.m.dan iborat 191 ta yer uchastkasiga boʻlinib, fuqarolar orasida yakka tartibda uy-joylar qurish uchun taqsimlangan.

Ayni vaqtda mazkur hududda yer osti suv sathi koʻtarilib ketganligi sababli, shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi tomonidan mutasaddi idoralarga xatlar yuborilib,fuqarolarga boshqa joydan yer maydonlari ajratish masalasini koʻrib chiqish maqsadga muvofiqligi bildirilgan” degan biz uchun mutlaqo tushunarsiz javob berildi.

Avvalo, biz shahar prokuraturasiga murojaat qilmadik, nega endi bizga prokuraturadagilar javob qaytarishganiga tushunmadik. Axir, barcha hujjatlarimiz asosli va qonuniy tartibda tasdiqlangan.

Qizigʻi shundaki, biz qurilish ishlaridan oldin geodeziya va gidrologiya xodimlarini chaqirib, yer osti suv sathini tekshirtirganmiz va ular uy-joy qurishga toʻla javob berishi haqida xulosa bergan. Aslida, bunday masalalar yer-uchastka ajratishdan oldin hal qilinmaydimi yoki tegishli xulosalardan ham koʻz yumilyaptimi, buyogʻi bizga qorongʻi.

Ushbu hududda yangidan barpo etilgan uylarning3-4 metrli yertoʻlalariga kirib koʻrgan aqli rosa kishi yer osti suv sathi bilan bogʻliq masala joʻn bir bahona ekanligini tushunib yetadi.

Keyin suv sathini bizdan yerimizni tortib olmoqchi boʻlayotganlarga qaysi tashkilot, qachon aniqlab bergan ekan.

Mana shunday tushunarsiz, mavhum va mujmal javoblar, turli dedi-dedilar girdobida biz vaqt yoʻqotyapmiz, umrimizni sarflayapmiz, mablagʻimiz va sogʻligimizni boy beryapmiz... Bizda ham vajlar koʻp, qonun –qoidalar nazarimizda biz tomonda.

Hushyor qaralsa, muammomiz oddiy. Biz qonuniy yerimizga uy-joy qurmoqchimiz, bor yoʻgʻu shu. Kimdir 191 nafar fuqaro (ular orasida Afgʻon urushi ishtirokchilari va nogironlari ham bor)ning qonuniy yeriga koʻz tikib, tortib olish ilinjida boʻlsa, Qonunlarimiz, adolatparvar Prezidentimiz, ommaviy axborot vositalari, jumladan, “Xalq soʻzi” gazetasi bizni oʻz himoyasiga olar, degan umidda Toshkent shahri, Mirzo Ulugʻbek tumani Oʻqituvchilar koʻchasidagi yer-uchastkalarga egalik huquqi berilgan fuqarolar nomidan ushbu maktubni bitdik.

(Xatning asl nusaxasiga jami 29ta imzo qo'yilgan)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?