Toshkent shahar 4-sektor hududida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik oʻrganilib, muammolar bartaraf etildi

16:32 28 Noyabr 2019 Jamiyat
249 0

Sovuq va yogʻingarchilik kunlar boshlanishi bilan kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalari asosiy eʼtibor markazida boʻladi. Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshligʻi, 4-sektor rahbari Normat Tursunovning Yunusobod tumanida oʻtkazilgan navbatdagi sayyor qabuli ham hududning ushbu mavsumga qay darajada tayyorgarligi masalalariga bagʻishlandi. Xususan, “Qadrdon” mahallasida oʻtkazilgan yuzma-yuz muloqotda tumandagi barcha mutasaddi tashkilotlar masʼul xodimlari hamda “Akbarobod” mahallasi aholisi ishtirok etdi. Ochiq muloqot tarzida oʻtkazilgan mazkur sayyor qabulda 45 nafardan ziyod murojaatchining muammolari tinglanib, kechiktirib boʻlmaydigan aksariyat masalalar joyida hal etildi.

Jumladan, Gulbahor Atadjanova oʻzi yashab turgan “Qadrdon” mahalla fuqarolar yigʻini, 17-mavze, 28-uyning isitish tizimi nosozligi haqida murojaat qildi. Ushbu murojaat joyida hal etildi. Yaʼni, sayyor qabuldan soʻng hududdagi issiqlik quvvati uchun masʼul boʻlgan “Ustazoda qurilish” korxonasi mutaxassislari jalb etilib, 28-uyning isitish tizimidagi mavjud kamchiliklar bartaraf etildi.

Shuningdek, mazkur mahallada yashovchi Yayra Iskandarova murojaati asosida 17-mavze, 12-uyning isitish tizimi ham koʻzdan kechirilib, kamchiliklar bartaraf etildi. Endilikda mazkur uylarda yashovchi fuqarolar, sovuq kunlarni xotirjam holda oʻtkazishi shubhasiz.

Sayyor qabul davomida “Akbarobod” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Mirshokir Karimovning murojaati asosida hududdagi 3-mavzeda joylashgan 14 ta koʻp qavatli uylar oldidagi eskirgan chiroqlar oʻrniga yangilarini oʻrnatish ishlari boshlab yuborildi.

Sergeli tumanidagi “Oltin vodiy” mahalla fuqarolari yigʻinida oʻtkazilgan sayyor qabul ham amaliy natijalarga boy boʻldi. Xususan, yuzma-yuz muloqot davomida 30 nafardan ziyod murojaatchining masala va muammolari tinglanib, 18 ta murojaat joyida hal etildi.

Jumladan, fuqaro Nelya Kravchenkoning onasi qandli diabetga chalingani va oyogʻi kesilgani sababli, nogironlar aravachasi olib berishda amaliy yordam koʻrsatishni soʻradi. Unga shu yerning oʻzida nogironlar aravachasi topshirildi.

Dinya Muslimova yoshligidan nogiron ekanligi, singlisi va otasi ham nogiron boʻlishiga qaramay, uyida oʻtirgan holda daromad topishni maqsad qilgan. Ammo buning uchun kompyuterga ehtiyoji borligini maʼlum qildi. Ushbu masala tezkorlik bilan oʻrganib chiqilib, sayyor qabuldan soʻng soliq xizmati xodimlari D.Muslimovaning xonadonida boʻlib, kompyuter sovgʻa qilishdi.

Alohida taʼkidlash joizki, “Oltin vodiy” MFY aholisi bilan oʻtkazilgan sayyor qabulda koʻplab fuqarolar yashab turgan uylari turli sabablarga koʻra, yonib ketgani haqida murojaat qildi. Xususan, mazkur mahallaning Bezakchi koʻchasi, 22-uyda yashovchi Zulfiya Neʼmatullayevaning uyi 5 yil avval yonib ketgan. Uni taʼmirlash boʻyicha qilingan murojaatlari besamar ketgan.

Hududdagi Bezakchi 2-tor koʻchasi, 46-uyda yashovchi yana bir fuqaro Anvar Mingarov ham ayni shu masala yuzasidan murojaat qildi. Oltin Vodiy 1-tor koʻchasi, 22-uyda yashovchi Layli Mamanova 2019-yil fevral oyida yashab turgan uyi butunlay yonib ketgani, yongʻin sabablari boʻyicha sud jarayonlari olib borish uchun moddiy mablagʻi yetishmasligi, uyini tiklash va moddiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amaliy yordam koʻrsatishni soʻradi.

Yonib ketgan uylarini taʼmirlashga koʻmaklashish boʻyicha murojaat qilgan har bir fuqaroga sement, yogʻoch va gʻisht kabi zarur qurilish mollari ajratilib, taʼmirlash ishlari boshlab yuborildi.

Shuningdek, mazkur murojaatlardan kelib chiqqan holda mutasaddi tashkilotlarga tegishli topshiriq berilib, tezkorlik bilan mahalla hududini oʻrganib chiqish hamda yongʻin kelib chiqishiga sabab boʻlayotgan muammolarni bartaraf etish choralarini koʻrish topshirildi.

Xulosa oʻrnida aytish joizki, xalq va davlat idoralari oʻrtasida koʻprik vazifasini oʻtagan, ochiq va konstruktiv tarzda oʻtayotgan bu kabi uchrashuvlar aholini oʻylantirayotgan masalalarga oʻz vaqtida ijobiy yechim topish imkonini bermoqda.

Toshkent shahar DSB Matbuot xizmati.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?