Toshkent metropoliteni: savollar koʻp, javoblar esa...

16:52 26 Dekabr 2019 Jamiyat
2278 0

Metro — yerosti meʼmorchiligining durdona namunasi. U nafaqat transport tizimi, balki turizm rivojida muhim ahamiyatga ega.

Prezidentimiz tashabbusi bilan bugungi kunda mazkur tarmoqda samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Yunusobod yoʻnalishi uzaytirilmoqda, yangi Sergeli yoʻli, butun Toshkent boʻylab oʻtadigan yerusti metro halqa liniyasi barpo etilmoqda. Shuningdek, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” hamda Rossiyaning “Metrovagonmash” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Toshkent metropoliteni uchun zamonaviy yangi vagonlar yurtimizga keltirildi. Metrobekatlar ichida foto va videotasvirga olishga ruxsat berilgani ichki va tashqi turizmda yana bir sezilarli yangilik boʻldi, desak yanglishmaymiz.

Shu bilan birga, Toshkent metropolitenini jahon talablariga moslashtirishda yana qaysi jihatlarga eʼtibor qaratilishi lozim?

Qor-yomgʻirli mavsumlarga qay darajada tayyormiz?

Yangi metro bekatlari barpo etilishi, yoʻnalishlarni shahrimizning chekka qismigacha yetkazilishi barchani birday quvontiradi, albatta. Metro qulay, asosiysi, xavfsiz boʻlsa, kimga yoqmaydi deysiz? Ammo metro qurilishi jarayonida xavfsizlik talablariga toʻla amal qilinmayotgani yaqinda roʻy bergan halokat ham koʻrsatdi. Kuchli yomgʻir yogʻishi oqibatida yerning oʻpirilishi va bir necha ishchilarning yer ostida qolib, halok boʻlgani koʻpchilikni qaygʻuga soldi. Toʻgʻri, davlatimiz tomonidan halok boʻlganlarning oilalariga 100 mln. soʻmdan yordam puli ajratildi. Ammo bu eʼtiborsizlikning yuvilib ketishi uchun javob boʻla oladimi? Bu hol koʻpchilikda biz qor-yomgʻirli mavsumlarga qay darajada tayyormiz, qabilidagi savollar tugʻilishiga sabab boʻldi.

Ammo mavjud metrolar-chi, ular ham yogʻingarchilik mavsumlari oldidan texnik koʻrikdan oʻtkaziladimi? Ushbu savolga javob olish uchun “Oʻzbekiston temir yoʻllari” axborot-tahliliy media markazi rahbariga murojaat qilganimizda, “texnik koʻrik oʻrnatilgan tartibda va belgilangan meʼyor va talablar asosida amalga oshiriladi” degan javobga ega boʻldik. Toʻliq maʼlumot olish uchun xat bilan murojaat qilinishi kerakligini qoʻshimcha qilib oʻtildi. Har bir ishda tartib, qonun-qoida boʻlgani yaxshi albatta. Biroq shu birgina maʼlumot uchun qogʻozbozlik qilib yurish kerakmikan, soʻz erkinligi qayda qoladi, degan savol ham tugʻiladi nogahon.

Savollar koʻp, javoblar esa...

Ayrim yurtdoshlarimiz fikricha, aksariyat metro xodimlari oʻz hududining atrofida joylashgan muassasa va tashkilotlarni bilmaydi. Aslida metropoliten nazoratchilarining asosiy vazifasi nafaqat yoʻlovchilar xavfsizligiga eʼtibor berish, balki jonli yoʻl xaritasi vazifasini ham bajarishi kerak, nazarimizda. Zero, yoʻldan adashgan yoʻlovchi metropoliten xodimlaridan boshqa kimdan yoʻl soʻraydi?

— Xorij safarlarida yurganimda Yevropa metro olamidagi tartibga, sharoitlarga juda havas qilganman. — deydi Xalqaro Osmaniya universiteti talabasi Oʻtkir Alimov. — Qoʻlida yuki bor yoki yoʻlni bilmay adashib qolgan har bir yoʻlovchiga nazoratchilar yordamga shaylanib turadi. Agar jahon tajribasi bilan solishtiradigan boʻlsak, bir misol, Hindistonda deyarli barcha shtatlarda metro bor va bekatlardagi xizmatlar elektronlashtirilgan. Masalan, metrobekatlar va ularning atrofida qanday tashkilot yoki shoxobchalar joylashganini koʻrsatib turuvchi “Delhimetrorailways” nomli maxsus dastur yaratilgan, uni odamlar internetdan yuklab oladi va u orqali manzilni adashmay topib borishi mumkin. Qolaversa, metroga kirishda jetonlardan emas, “smart card” deb ataluvchi maxsus kartadan foydalaniladi. Odamlar bir marta 75 rupiyaga mana shunday karta sotib oladi va unga to karta muddati oʻtguncha (ikki yil) pul solib, metrodan bemalol foydalanib yurishlari mumkin. Bu kabi jihatlar ertalabki va kechki tirbandlikni yengillashtiradi, shu bilan birga yoʻlovchilar adashmay, oʻz vaqtida manzilga yetib borishiga imkon yaratadi. Nazoratchidan yoʻl soʻrashga ham hojat qoldirmaydi.

Albatta, bizda ham “Humo” kartalaridan foydalanishga imkon yaratildi-ku, degan oʻy kelishi mumkin xayolingizga. Tez orada bu ommalashishiga umid qilamiz. Aslida Toshkent metropolitenida ham maqtasa arzigulik koʻplab jihatlar bor. Masalan, tozalikka qatʼiy rioya qilinishi eng koʻp diqqatga sazovor jihatlardan biridir, desak yanglishmaymiz. Qani edi yerostidagi mana shu ozodalik tartib-intizomiga yer ustida ham rioya qilsak... Afsuski koʻpchilik bu yozilmagan qoidaga (yozilgan taqdirda ham!) amal qilmaydi. Nazoratchilarga kelsak, ular oʻz hududi atrofida joylashgan muassasa va tashkilotlardan hamisha boxabar boʻlishi talab qilinishi lozim. Toʻgʻri, Toshkent metropolitenining markaziy bekatlarida elektron yoʻl xaritasi ishga tushirilgan. Ammo ushbu texnologiya nafaqat markazda, balki har bir bekatda kerak.

Kunning tirband vaqtlarida nima qilish kerak?

Har kuni ertalab va oqshom payt jamoat transportlari tirband boʻladi. Tongda kimdir ishga shoshiladi, kimdir oʻqishga, oqshom esa hamma uyga qaytadi. Shunday paytlari metro poyezdlari orasidagi reglamentni yanada qisqartirish kerakdir ehtimol. Yoki vagonlarni maʼlum darajada koʻpaytirish... Shunda yerosti transportidagi tiqilinch qisman kamayishi mumkin, toʻgʻri emasmi? Bundan tashqari, metro bekatlarda yoshlarning dars qilishga moʻljallangan joylar ommalashishi kerak. Aksariyat xorij metrolari (masalan, Moskva metrosi) ertayu kech ishlaydi va talabalar tonggacha bemalol dars qilish imkoniyatiga ega.

Yana bir holat: metroga tushar ekansiz, nazoratchilar sizni kutib oladi, xavfsizlik uchun, xizmat yuzasidan sumkangizni tekshiradi. Yurtimizning chekka hududlaridan kelgan yurtdoshlarimiz, ayniqsa, ayollar uchun baʼzan bu noqulay tuyulishi mumkin. Hali turar joyi tayin boʻlmagan odamlar, ayniqsa, talabalar hamma yukini oʻzi bilan birga olib yuradi. Aksariyat turistlar ham shunday. Poytaxtga ilk marta kelgan odam metroning ichki tartibidan bexabar boʻlishi tabiiy. Sumkaning obdon tekshiruvi ularda negativ taassurot qoldirishi hech gap emas. Toʻgʻri, xavfsizlik yuzasidan tekshiruv albatta muhim. Ammo bu jihatga biroz boshqacha yondashilsa maqsadga muvofiq boʻlar edi...

Yulduz OʻRMONOVA

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?