Toʻrttala sektor tomonidan yoʻl qoʻyilgan xatolar belgilangan fursat ichida toʻgʻrilanmas ekan, xalq bizni kechirmaydi — Senat Raisi

22:08 04 Oktyabr 2020 Siyosat
274 0

Kecha xalq deputatlari Baliqchi tumani Kengashining navbatdagi sessiyasi boʻlib oʻtdi. Unda joriy yil 24-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtkazilgan selektor yigʻilishida berilgan topshiriq va vazifalar ijrosini taʼminlash masalalari muhokama qilindi.

Maʼlumki, 2020-yil 1-may kuni davlatimiz rahbarining “Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reyting baholash tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilindi. Uning ijrosini taʼminlash natijalariga koʻra 2019-yil reyting koʻrsatkichlari natijasiga koʻra Baliqchi tumani “Qizil” hududga kiritildi. Nega? Sessiya davomida oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etgan sektor rahbarlari ushbu savolga javob berishga harakat qildilar. Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, hududiy sanoat mahsulotlari hajmi 2019-yilda 403 mlrd. soʻmni tashkil etib, aholi jon boshiga 2 mln. 41 ming soʻmdan toʻgʻri keldi. Bu koʻrsatkichning viloyat sanoatidagi ulushi 1,2 foizni tashkil etadi, xolos. Eksportga yoʻnaltirilgan sanoat mahsulotlari hajmi 110 mlrd. soʻmni tashkil etib, ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotining 27 foizini tashkil etganligini inobatga olsak, bu boradagi ishlarni ham qoniqarsiz baholash mumkin. Asosiy kapitalga kiritilgan umumiy investitsiyalar hajmining 43,2 foizigina xorijiy investitsiyalarga toʻgʻri kelishi bugungi kun talabiga mutlaqo javob bermaydi. Soʻnggi yillarda respublikamizda aholi murojaatlarini qabul qilish va ularning ijobiy yechimini taʼminlashga eʼtibor kuchayganligi va buning natijasida hududlarni kompleks rivojlantirish borasidagi ishlar koʻlami ortayotgan boʻlishiga qaramay Baliqchi tumanidagi virtual va xalq qabulxonalari orqali kelib tushgan takroriy murojaatlar soni 197 tadan iborat, xolos. Bu hududda istiqomat qilayotgan har 1000 nafar kishidan 1 nafari murojaat qildi, degani. Bu kabi kamchiliklar tumanning “qizil” hududlar qatoridan joy olishiga sabab boʻldi.

Kezi kelganda aytish lozimki, tumanda iqtisodiy-ijtimoiy sohalarda amalga oshirilgan ishlar ham yoʻq emas. Masalan, shu yilning oxiriga qadar 373,7 mlrd. soʻmlik 59 ta sanoat ishlab chiqarish loyihalari ishga tushirilishi va hududiy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi oʻtgan yilga nisbatan 103,4 foizga oʻsishi kutilmoqda. 8 ta korxonani eksport faoliyatiga yoʻnaltirish natijasida 47 mln 416 ming AQSH dollari miqdoridagi mahsulotni eksport qilishi rejalashtirilgan. Investitsiya kiritish masalasida 2020-yil yakuni bilan 28 mlrd 426 mln soʻmlik investitsiyalar oʻzlashtirilib, 27 mlrd 800 mln soʻmlik toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalar jalb etilishi kutilmoqda.

— Tumanda aholini rozi qilish, yangi ish oʻrinlarini yaratish, xotin-qizlar va yoshlar bandligini taʼminlash, ijtimoiy himoya qilish kabi sohalarda bir qancha ijobiy ishlar amalga oshirilgan,  —deydi sessiyada soʻz olgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva. — Biroq bu baliqchiliklar ehtiyojini taʼminlash, ularni hayotdan mamnun boʻlib yashashlari, har tomonlama qoʻllab-quvvatlanishi uchun kamlik qiladi. Toʻrttala sektor tomonidan yoʻl qoʻyilgan xatolar belgilangan fursat ichida toʻgʻrilanmas ekan xalq bizni kechirmaydi.

Sessiya davomida sektor rahbarlari tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reyting koʻrsatkichlarida ”Qoniqarsiz” hududlar roʻyxatiga kiritilishida oʻzlarini aybdor deb bilishlarini, faoliyatini tashkil etishdagi xatoliklar tufayli Baliqchi “Qizil” hududga kiritilganligini bildirishib, kechirim soʻradilar. Oʻz maʼruzalarida ushbu xatoliklarni toʻgʻrilash yuzasidan amalga oshirish muhim boʻlgan jihatlarga toʻxtalishib, tumanni qoloqlikdan olib chiqish uchun barcha choralarni koʻrishga soʻz berdilar.

Senat raisi tumanga tashrifi davomida, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambagʻallikni qisqartirish chora-tadbirlari ijrosini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Xususan, «Tojimahal Xakan savdo» va «Skorton Tekstil» MCHJlarida boʻlib, ishlab chiqarish jarayonini koʻzdan kechirdi. Pandemiya sharoitida aholining turmush sharoitini oʻrganish maqsadida mahallalarga tashrif buyurar ekan, bevosita aholi xonadonlariga kirib, uy sohiblari bilan yuzma-yuz muloqotda boʻldi.

Senat raisining Baliqchi tumaniga tashrifi davomida hududni kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari ishlab chiqildi.

Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?