Toʻraqoʻrgʻon tumani Respublikada birinchi boʻlishi kerak — Senat Raisi

10:12 03 Oktyabr 2020 Siyosat
326 0

Avval xabar berilganidek, 2020-yil 2-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva Namangan viloyati Toʻraqurgʻon tumaniga tashrif buyurib, 2020-2022-yillarda Toʻraqoʻrgʻon tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambagʻallikni qisqartirish chora-tadbirlari ijrosini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati bilan tanishdi.

Shu jumladan, «Rubin BIA» korxonasida boʻldi. Zamonaviy temir beton va armo karkas qurilish materiallari ishlab chiqaradigan ushbu korxonada 15 ta ish oʻrni yaratilgan. Yiliga 35-40 ming dona mahsulot ishlab chiqariladi.

Senat Raisi mazkur muassasa faoliyati bilan tanishib, qurilish materiallarini sifatli ishlab chiqarishga jiddiy qarash zarurligini taʼkidladi. Qolaversa, tadbirkorning Yoqilgʻi quyish shoxobchasi tashkil qilishi uchun yer ajratish borasidagi murojaati ham koʻrib chiqilib, hal etish yuzasidan koʻrsatma berildi.

Bundan tashqari, T.Narbayeva Toʻraqoʻrgʻon tumani “Kalvak” MFYdagi “Abdusalom ravnaqi” MCHJ faoliyati bilan tanishdi.

Taʼkidlash joizki, “Abdusalom ravnaqi” MCHJ tomonidan chet eldan qaytgan va ishsiz yoshlarni ish bilan taʼminlash hamda mebel sanoati rivojlantirishdagi masalalariga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda.

Hozirda ushbu korxonada yogʻoch va NDF materiallaridan eshik va romlar, maktabgacha taʼlim muassasalari uchun shkaf, stol-stullar, tibbiyot muassasalari uchun mebel anjomlari tayyorlanyapti. Bugungi kunda 14 ta ish oʻrni yaratilgan.

Tadbirkor Muhammadsharif Qosimov hovlisida ish olib borayotgani va joy torligi uchun yer soʻragan edi. Tuman hokimligi tomonidan qoʻshimcha yer ajratilib, hozirda qurilish ishlari jadallik bilan davom etmoqda. Mebel fabrikasi kengaytirilishi natijasida yana 20-30 nafar kishi ish bilan taʼminlanishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, yoshlarga hunar oʻrgatish maqsadida tumandagi kasb-hunar kollejidan ham joy ajratish borasidagi taklifi Senat Raisi tomonidan qoʻllab-quvvatlandi va bu masalani hal qilish yuzasidan mutasaddilarga koʻrsatma berildi.

— Bu juda oʻrinli taklif, — dedi Senat Raisi T.Narbayeva. — Boisi, umumtaʼlim maktabi bitiruvchilari oliy taʼlimga oʻqishga kirgani nur ustiga aʼlo nur. Biroq talabalikka oʻtolmaganlar nima bilan mashgʻul boʻladi? Ayniqsa, oʻgʻil bolalarni kasb-hunarga oʻrgatish maqsadga muvofiq. Zotan, hunarli kishi xor boʻlmas. Yana bir jihat, ishlab chiqarish jarayonida chet el tajribasini oʻzlashtirish, raqobatbardosh, bozor jozibadorligini oshirishga eʼtibor qaratish ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Navbatdagi manzil – Toʻraqoʻrgʻon tumani “Xoʻjand” MFYdan oqib oʻtuvchi Janjalsoy koʻprigi. Senat Raisi Janjalsoy ustidan oʻtuvchi avtomobil koʻprigini kapital rekonstruksiya qilish loyihasini koʻzdan kechirdi.

Maʼlumki, Vazirlar Mahkamasining “Namangan viloyatining Toʻraqoʻrgʻon tumanini 2020-2022-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambagʻallikni qisqartish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori asosida maxsus Dastur qabul qilingan edi.

Mazkur dasturga koʻra tumandagi Janjalsoy koʻprigini rekonstruksiya qilish uchun jami 766 million soʻm mablagʻ ajratish koʻzda tutilgan. Hozirda rekonstruksiya ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Mutasaddilarga bu jarayonda sifat birinchi oʻrinda boʻlishi kerakligi, moliyalashtirish jarayonini tezlashtirish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

Shundan soʻng, Senat Raisi T.Narbayeva Toʻraqoʻrgʻon tumani “Uzumzor” mahallasiga tashrif buyurdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida “Sohilobod” QVP faoliyati tugatilgan. Hozirda mazkur QVP joylashgan “Uzumzor” va “Sohilobod” mahallalarida aholi sonining koʻpayishi natijasida tibbiyotga boʻlgan ehtiyoj va aholi tomonidan murojaatlarning ortishi sababli “Sohilobod” QVPning faoliyatini qayta tiklash va mukammal taʼmirlash yuzasidan Toʻraqoʻrgʻon tumani dasturining 2022-yilda bajarish qismiga kiritilgan. Shunga koʻra, faoliyati yoʻlga qoʻyiladigan “Sohilobod” QVPni hamda amalda faoliyat yuritib kelayotgan “Xoʻjand” QVPni mukammal taʼmirlash uchun ajratilgan mablagʻlarni 2021-yilga oʻtkazish masalalari muhokama qilindi.

Hozirda mahalliy aholi “Fayziobod” oilaviy poliklinikasiga qatnashiga toʻgʻri kelmoqda. Biroq bu tuman markazidan 18 kilometr, davlat tibbiyot muassasalaridan qariyb 5 kilometr uzoqlikda joylashgani sababli bir qancha muammolarni tugʻdirmoqda.

Senat Raisi mazkur masalani koʻrib chiqilishi, aholi salomatligini muhofaza qilish borasida ustuvor ahamiyat qaratish zarurligini taʼkidladi. Shuningdek, hududda bu borada qilishi kerak boʻlgan ishlarga urgʻu berdi.

— Pandemiya bu boshqa kasalliklar bilan kurashmaslik degani emas, – dedi Senat Raisi T.Narbayeva. — Ayniqsa, bugungi kunda dispanser nazoratida boʻlganlar, surunkali kasalliklari bor shaxslar bilan muntazam shugʻullanib borish kerak. Onalik va bolalikni muhofaza qilish, tugʻma nogironlik va erta tugʻruqning oldini olish, eng muhimi, bularning sababi bilan ishlash maqsadga muvofiq. Qolaversa, nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy koʻrikdan oʻtishi haqidagi meʼyoriy hujjat bugungi kun talablariga toʻliq javob beradimi, bu borada qanday ishlarni amalga oshirish kerakligi yuzasidan taklif va tavsiyalarni berish zarur. Yana bir jihat, ovqatlanish madaniyati, sogʻlom turmush tarziga rioya qilish zarurligiga eʼtibor qaratish kerak. Bu borada aholi orasida targʻibot ishlarini olib borish ham muhim ahamiyatga ega. “Reproduktiv salomatlik toʻgʻrisida”gi Qonunda maktab davridanoq jinsiy tarbiya toʻgʻrisida bilim berilishi haqida keltirilgan. Biroq bugun bu borada tegishli vazirliklar tomonidan hech qanday ishlar amalga oshirilmayapti. Milliy mintalitetdan kelib chiqqan holda qizlarga alohida, oʻgʻil bolalarga alohida bu borada darslar berish mumkin. Umuman, aholi salomatligini asrash, sogʻlom turmush tarzi boʻyicha Toʻraqoʻrgʻon tumani Respublikada birinchi boʻlishi kerak.

Shundan keyin T.Narbayeva tumandagi meva-sabzavot klasteri «Shoxidon Burguti» fermer xoʻjaligi tomonidan tashkil etilgan muzlatgichli ombor va eksportga ortishdagi jarayon bilan tanishdi.

Ushbu muassasada 5 ta har biri 100 tonnalik sigʻimga ega ombor mavjud. 100 ta mavsumiy, 30 ta doimiy ish oʻrni yaratilgan. Asosan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning vakillari ishga olingan.

Shuningdek, Senat Raisi tumandagi «Tursunboy Komilov» fermer xoʻjaligida boʻlib, paxta dalasida paxta terayotgan terimchilar bilan suhbatlashdi hamda ularga esdalik sovgʻalarini topshirdi. 132 gektar yer maydoniga paxta ekkan ushbu fermer xoʻjaligi joriy yilda 580 tonna paxta topshirishi kerak. Bugungi kunga qadar 540 tonna paxta terilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?