Tomorqalardan samarali foydalanishning holati oʻrganildi

13:31 20 Aprel 2020 Jamiyat
180 0

Illyustrativ foto

Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov boshchiligida ishchi guruh Jomboy tumanida tomorqa maydonlaridan unumli foydalanish hamda fermer va dehqon xoʻjaliklari tomonidan agrotexnik tadbirlarning olib borilishi bilan tanishdi.

Tuman hokimi Q.Sobirov hamda soha mutasaddilari ishtirokida kun davomida 14 ta mahalla fuqarolar yigʻinidagi holat oʻrganildi.

Soʻnggi vaqtlarda tomorqa maydonlaridan yuqori daromad olishga qaratilgan targʻibot ishlari keng koʻlamda olib borilayotgani bejiz emas. Butun dunyoni qamrab olgan pandemiya sharoiti har bir qarich yerda oziq-ovqat yetishtirishni taqozo etmoqda. Bu aholi daromadlarini oshirish yoʻlida muhim qadam boʻlishini davlatimiz rahbari ham alohida taʼkidladi. Afsuski, ayrim hududlardagi vaziyat kutilganidek emas.

Xususan, ishchi guruh oʻrganishi davomida Shirinkent mahallasidagi toʻrtta xonadon tomorqa maydoniga ertangi ekinlarni toʻliq ekmagani oydinlashdi. Shuningdek, Gʻazira mahallasida 5 ta, Katta qishloq, Xitoypoyon, Koʻkgumbaz mahallalarida 3 ta, Qoʻngʻirot mahallasida 6 ta oila tasarrufidagi unumdor yerlar oʻz holiga tashlab qoʻyilgan.

Viloyat mahalla va oilani qoʻllab quvvatlash boshqarmasi boshligʻi A.Umarov va tuman hokimi Q.Sobirov ishtirokida oʻrganilgan Dehqonobod, Saroy, Soʻxmon, Quduqli va Nayman hududlaridagi holatni ham qoniqarli, deb boʻlmaydi. Aksariyat maydonlar boʻsh, mavsum yumushlari oʻz vaqtida amalga oshirilmagan.

Aslida, dehqonchilik ajdodlarimizdan meros boʻlib kelayotgan qadriyat sanaladi. Bugungi kunda ham bir kaft yerdan yuqori daromad topib, roʻzgʻorini obod qilayotgan yurtdoshlarimiz koʻp. Ulardan oʻrnak olsak arziydi.

Sarichashma mahallasida istiqomat qiluvchi Davron Qurbonov ana shunday ishbilarmon tadbirkorlardan biri. U xonadonida 1800 ta bedana boqib, kuniga oʻrtacha 260 ming soʻm daromad olmoqda.

- Parrandachilik serdaromad soha, — deydi D.Qurbonov. — Har kuni mingga yaqin bedana tuxumlari yigʻib olamiz. Oilamiz asosan, shu sohada band. Koʻpincha, xaridorlarning oʻzlari izlab kelishadi. Ortganini ichki bozorga chiqaramiz. Mehnat qilgan odam hech qachon birovning qoʻliga qarab qolmaydi.

Sarichashmaliklardan yana biri Sanjar Saydullayev ham ishning koʻzini biladiganlardan. Aytishicha, uch sotix maydonda sabzi yetishtirib, 12 million soʻm daromad olibdi. Hovliga kirgan kishining bahri dili ochiladi. Xonadondan mehnat isi ufuradi.

Ishchi guruh oʻrganishi davomida aholini urugʻlik, koʻchat, oʻgʻit bilan taʼminlash masalalariga doir muammolar ham tahlil qilindi. Bu borada mutasaddilarga zarur koʻrsatma va topshiriqlar berildi.

Abdulaziz Yoʻldoshev,
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?