Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida

13:52 02 Noyabr 2019 Hujjatlar
4879 0

Oʻzbekiston Respublikasining qonuni

Qonunchilik palatasi tomonidan 2019-yil 19-sentyabrda qabul qilingan

Senat tomonidan 2019-yil 11-oktyabrda maʼqullangan

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi toʻlovlar va toʻlov tizimlari sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. Ushbu Qonunning qoʻllanilish sohasi

Ushbu Qonunning amal qilishi toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchi va toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchi boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslar oʻrtasida toʻlovlarni amalga oshirish hamda toʻlov xizmatlari koʻrsatish chogʻida yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi.

Ushbu Qonunning amal qilishi kripto-aktivlarga doir operatsiyalarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

3-modda. Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari

Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.

4-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:

benefitsiar – pul mablagʻlarini oluvchi shaxs;

valyutalash sanasi – tashabbuskor tomonidan toʻlov hujjatida koʻrsatilgan, benefitsiarning bank hisobvaragʻiga pul mablagʻlari oʻtkazilishi kerak boʻlgan sana;

identifikatsiya vositasi – farmoyishni joʻnatuvchining elektron raqamli imzosi yoki harflar, raqamlar yoki ramzlar uygʻunligidan iborat noyob identifikator yoxud toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchi tomonidan toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchini identifikatsiyalash uchun belgilangan hamda u bilan kelishilgan boshqa identifikator (shaxsiy parol, bir martalik identifikatsiya kodi, biometrik identifikatsiyalash vositasi);

kliring – toʻlov tizimi ishtirokchilarining pulga doir oʻzaro talablari va majburiyatlarini yigʻish, taqqoslash hamda hisobga oʻtkazish jarayoni;

masofaviy xizmat koʻrsatish tizimi – elektron xizmatlardan foydalanish uchun toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchi va ushbu xizmatlarni yetkazib beruvchi oʻrtasidagi aloqani taʼminlaydigan telekommunikatsiya vositalari, raqamli va axborot texnologiyalari, dasturiy taʼminot va uskunalar majmui;

operatsiya kuni – farmoyishlarni qabul qilish va ularga ishlov berish amalga oshiriladigan vaqtning davri;

tashabbuskor – toʻlovni amalga oshirish uchun farmoyish bergan shaxs;

toʻlov – pul majburiyatini naqd pul mablagʻlari bilan bajarish yoxud pul mablagʻlarini toʻlov vositalaridan foydalangan holda oʻtkazish;

toʻlov agenti – bank yoki toʻlov tashkiloti bilan toʻlov xizmatlari koʻrsatish uchun agentlik shartnomasini tuzgan, bank hisoblanmaydigan yuridik shaxs;

toʻlov vositasi – toʻlovni amalga oshirish uchun asos boʻladigan yoki foydalaniladigan toʻlov hujjati yoki elektron toʻlov vositasi;

toʻlov subagenti – toʻlov agenti bilan toʻlov xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha subagentlik shartnomasini tuzgan, bank hisoblanmaydigan yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor;

toʻlov tashkiloti – bank hisoblanmaydigan, toʻlov xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha faoliyatni amalga oshirishga vakolatli boʻlgan yuridik shaxs;

toʻlovchi – toʻlov kimning hisobidan amalga oshirilayotgan boʻlsa, oʻsha shaxs;

toʻlov xizmati – toʻlov xizmatini yetkazib beruvchining toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchiga koʻrsatadigan xizmati;

toʻlov xizmatlari bozori – toʻlov xizmatlarini koʻrsatish va ulardan foydalanish, shuningdek toʻlov vositalarini chiqarish va ulardan foydalanish bilan bogʻliq munosabatlar majmui;

toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchi – toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchining toʻlov xizmatlaridan foydalanadigan jismoniy va yuridik shaxs;

farmoyish – toʻlov tashabbuskorining toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchiga toʻlovni amalga oshirish toʻgʻrisidagi koʻrsatmasi boʻlib, u elektron toʻlov vositasidan yoki masofaviy xizmat koʻrsatish tizimidan foydalanilganda toʻlov hujjatlari shaklida yoki toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchining roziligi koʻrinishida ifodalanadi;

elektron pullar – elektron pullar emitentining elektron shaklda saqlanadigan hamda elektron pullar tizimida toʻlov vositasi sifatida qabul qilinadigan shartsiz va chaqirib olinmaydigan pul majburiyatlari.

2-bob. Toʻlov tizimlari

5-modda. Toʻlov tizimi va toʻlov tizimining ishtirokchilari

Toʻlov tizimi toʻlovlarni toʻlov tizimining operatori, toʻlov tizimi ishtirokchilari va (yoki) toʻlov tashkilotlarining toʻlov tizimi operatori tomonidan belgilangan toʻlov tizimining tartib-taomillarini, infratuzilmasini va qoidalarini qoʻllash vositasida hamkorlik qilish yoʻli bilan amalga oshirishni taʼminlaydigan munosabatlar majmuidir.

Toʻlov tizimi operatori bilan hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi 
va toʻlov tizimida ishtirok etish toʻgʻrisida shartnoma tuzgan banklar toʻlov tizimining ishtirokchilari hisoblanadi.

6-modda. Toʻlov tizimlarining turlari, ularning muhimligini aniqlash mezonlari

Toʻlov tizimlari muhim toʻlov tizimlari va boshqa toʻlov tizimlariga boʻlinadi.

Agar toʻlov tizimining uzluksiz ishlashi Oʻzbekiston Respublikasi toʻlov xizmatlari bozorining barqaror faoliyat koʻrsatishiga yordam bersa, uning ishidagi toʻxtalishlar (uzilishlar) esa Oʻzbekiston Respublikasi toʻlov xizmatlari bozorida tavakkalchiliklarning paydo boʻlishiga olib kelishi mumkin boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki (bundan buyon matnda Markaziy bank deb yuritiladi) ushbu toʻlov tizimini muhim toʻlov tizimi jumlasiga kiritadi.

Agar toʻlov tizimi toʻlov xizmatlari bozorining Markaziy bank tomonidan mazkur bozor uchun belgilangan miqdordan koʻp ulushini egallagan boʻlsa va (yoki) toʻlovlar toʻlov tizimi orqali Oʻzbekiston Respublikasi hududida Markaziy bank tomonidan belgilanadigan koʻrsatkichlardan kam boʻlmagan hajmda bir yil davomida amalga oshirilsa, bu tizim muhim toʻlov tizimi jumlasiga kiradi.

Ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida keltirilgan toʻlov tizimlarining tavsiflariga mos kelmaydigan toʻlov tizimlari boshqa toʻlov tizimlari hisoblanadi. 

7-modda. Toʻlov tizimining operatori

Oʻzbekiston Respublikasi hududida toʻlov tizimining ishlashini taʼminlash boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxs toʻlov tizimining operatoridir.

Toʻlov tizimining operatori boʻlmagan yuridik shaxs oʻz nomida 
va (yoki) tovar belgisida “toʻlov tizimi” degan soʻzlarni hamda mazkur soʻzlardan hosil boʻlgan, toʻlov tizimining ishlashini taʼminlash boʻyicha faoliyatni ushbu yuridik shaxs amalga oshirayotganligini taxmin qilish imkonini beradigan soʻzlardan foydalanish huquqiga ega emas.

Toʻlov tizimining operatori:

toʻlov tizimining qoidalarini belgilaydi va toʻlov tizimining ishtirokchilari tomonidan ularga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;

toʻlov tizimi ishtirokchilarining (ishtirokchilariga) toʻlovga 
va axborotga doir xabarlariga ishlov berilishini hamda ushbu xabarlarning berilishini, farmoyishlarning yakka tartibda bajarilishini yoki kliringni amalga oshiradi;

toʻlov tizimining ishtirokchisi bilan toʻlov tizimida ishtirok etish toʻgʻrisida shartnoma tuzadi;

toʻlov tizimi infratuzilmasining ishlab turishini taʼminlaydi;

axborot xavfsizligi talablariga va toʻlov tizimining uzluksiz ishlash choralariga rioya qilinishini taʼminlaydi;

toʻlov tizimining ishtirokchilari oʻzlariga koʻrsatiladigan xizmatlardan teng va ochiq holda foydalanishini taʼminlaydi.

Toʻlov tizimining operatori toʻlov tizimi toʻgʻrisida axborot taqdim etganda toʻlov tizimining operatori faoliyatini amalga oshirishga doir oʻz litsenziyasi raqamini koʻrsatishi shart.

8-modda. Toʻlov tizimining qoidalari

Toʻlov tizimining qoidalari quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:

toʻlov tizimining ishlash tartib-taomillari, shu jumladan toʻlov tizimida toʻlovlarni amalga oshirish, toʻlov xabarnomalari formatlarining qoʻllanilish tartibi, toʻlov tizimining ish jadvali 
va toʻlov tizimidagi tavakkalchiliklarni boshqarish tizimi;

toʻlov tizimi operatori koʻrsatayotgan xizmatlarning va toʻlov tizimida amalga oshirilayotgan operatsiyalarning tavsifi;

toʻlov tizimida ishtirok etish shartlari;

toʻlov tizimi ishtirokchilarining toʻlov tizimi operatori bilan hamkorligi tartibi;

toʻlov boʻyicha farmoyishni chaqirib olish tartib-taomili;

toʻlov tizimi ishtirokchilarining toʻlovga qobiliyatsizligini 
hal etish tartibi;

axborot xavfsizligi talablariga rioya etish tartibi;

toʻlov tizimi qoidalarini buzganlik uchun toʻlov tizimi ishtirokchisiga nisbatan qoʻllaniladigan choralar.

Toʻlov tizimining qoidalariga ushbu toʻlov tizimi ishtirokchilarining boshqa toʻlov tizimlarida ishtirok etishini, shuningdek mazkur toʻlov tizimining infratuzilmasiga xizmat koʻrsatuvchi shaxslarning boshqa toʻlov tizimlariga xizmat koʻrsatishini (bundan ushbu toʻlov tizimi operatorining xodimlari boʻlgan shaxslar mustasno) cheklovchi shartlarni kiritish taqiqlanadi.

Toʻlov tizimining qoidalari, ushbu qoidalarga doir oʻzgartish 
va qoʻshimchalar, toʻlov tizimi operatorining tariflari (xizmatlari qiymati) hamda bu tariflarning (xizmatlar qiymatining) barcha oʻzgarishlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar toʻlov tizimi operatori tomonidan tasdiqlanganidan soʻng uch ish kuni mobaynida toʻlov tizimi operatorining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinishi lozim.

Toʻlov tizimining qoidalari, ushbu qoidalarga doir oʻzgartish 
va qoʻshimchalar, toʻlov tizimi operatorining tariflari (xizmatlari qiymati) hamda bu tariflarning (xizmatlar qiymatining) barcha oʻzgarishlari toʻlov tizimi operatorining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinganidan soʻng oʻn besh kun oʻtgach toʻlov tizimi operatori 
va ishtirokchilari tomonidan qoʻllaniladi.

Toʻlov tizimlarining operatorlari oʻz toʻlov tizimlarining hamkorligi toʻgʻrisidagi shartnomalarni, basharti toʻlov tizimlarining qoidalarida bunday hamkorlik tartibi aks ettirilgan boʻlsa, tuzishi mumkin.

Toʻlov tizimining operatori Markaziy bankka:

toʻlov tizimining qoidalariga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ushbu oʻzgartish hamda qoʻshimchalar amalga kiritiladigan sanaga qadar oʻn besh ish kunidan kechiktirmay;

toʻlov tizimi operatori tariflarining (xizmatlari qiymatining) oʻzgarishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ushbu oʻzgarishlar amalga kiritiladigan sanaga qadar oʻn besh ish kunidan kechiktirmay taqdim etadi.

9-modda. Toʻlov tizimidagi tavakkalchiliklarni boshqarish tizimi

Toʻlov tizimidagi tavakkalchiliklarni boshqarish tizimi tavakkalchiliklarni aniqlash, monitoring qilish va boshqarish, shuningdek toʻlov tizimining uzluksiz ishlashini taʼminlash tartib-taomillarini belgilaydi hamda toʻlov tizimi operatorining faoliyatini tiklash rejasini oʻz ichiga oladi.

Toʻlov tizimidagi tavakkalchiliklarni boshqarish usullari toʻlov tizimini tashkil etish xususiyatlari, tavakkalchiliklarni boshqarish modeli, toʻlov kliringiga va hisob-kitobga oid tartib-taomillar, pul mablagʻlari oʻtkazmalarining soni hamda ularning summalari, yakuniy hisob-kitob vaqti hisobga olingan holda toʻlov tizimi operatori tomonidan belgilanadi.

Toʻlov tizimidagi tavakkalchiliklarni boshqarish tizimi tavakkalchiliklarni boshqarishning quyidagi usullarini nazarda tutishi mumkin:

tavakkalchilik darajasi hisobga olingan holda toʻlov tizimi ishtirokchilari majburiyatlarining eng yuqori miqdorlarini (limitlarini) belgilash;

bankdagi alohida depozit hisobvaraqda toʻlov tizimining kafolatli jamgʻarmasini tashkil etish;

toʻlov tizimi ishtirokchilarining farmoyishlari navbatma-navbat bajarilishini boshqarish;

toʻlov tizimida hisob-kitobni ish kuni davomida amalga oshirish;

hisob-kitobni toʻlov tizimi ishtirokchilari taqdim etgan pul mablagʻlari doirasida amalga oshirish;

kredit berish imkoniyatini taʼminlash.

10-modda. Muhim toʻlov tizimi operatori

Muhim toʻlov tizimi operatori ushbu Qonunning 7-moddasida koʻrsatilgan shartlarga qoʻshimcha ravishda:

toʻlov tizimi ishtirokchilarining va toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchilarning ehtiyojlarini koʻrsatiladigan xizmatlar sifati ularni qanoatlantirishi nuqtayi nazaridan tahlil qiladi;

toʻlov tizimi ishtirokchilari va toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchilar bilan ikki tomonlama aloqa mexanizmining ishlashini taʼminlaydi;

toʻlov tizimi ishtirokchilarining va toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchilarning qanoatlanganligi nuqtayi nazaridan toʻlov tizimi faoliyatining samaradorligini hisobot yilida ikki tomonlama aloqa mexanizmi vositasida kelib tushgan murojaatlar va soʻrovlarni koʻrib chiqish natijalarini hisobga olgan holda tahlil qilish natijalarini 
oʻz rasmiy veb-saytida bir yilda bir marta, hisobot davridan keyingi birinchi chorakdan kechiktirmay eʼlon qiladi;

muhim toʻlov tizimining ishlashini oʻzini oʻzi baholashdan oʻtkazadi;

toʻlov tizimining tavakkalchiliklarni boshqarish organini tashkil etadi va tavakkalchiliklarni boshqarishning kamida ikki usulidan foydalanadi;

ichki hujjatlarida:

1) toʻlov tizimining tavakkalchiliklarini boshqarish organining ishlash reglamentini, shu jumladan uning vakolatlarini;

2) toʻlov tizimi ishtirokchilarining koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatiga boʻlgan ehtiyojlari qanoatlantirilishi baholanayotgan toʻlov tizimi ishining samaradorligini taʼminlash mezonlarini;

3) toʻlov tizimi ishtirokchilari bilan nizolarni sudgacha hal qilish tartibini belgilaydi.

Ushbu moddada koʻrsatilgan hujjatlar tasdiqlanganidan keyin uch ish kuni mobaynida muhim toʻlov tizimi operatori tomonidan oʻz rasmiy 
veb-saytida eʼlon qilinadi.

11-modda. Muhim toʻlov tizimining ishlashini oʻzini oʻzi baholashdan oʻtkazish

Muhim toʻlov tizimining operatori tomonidan mazkur toʻlov tizimining ushbu Qonun talablariga va xalqaro standartlarga muvofiqligini aniqlash maqsadida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar majmui muhim toʻlov tizimining ishlashini oʻzini oʻzi baholashdan oʻtkazish hisoblanadi.

Muhim toʻlov tizimining operatori toʻlov tizimining ishlashini uning xalqaro standartlarga muvofiqligi nuqtayi nazaridan uch yilda kamida bir marta oʻzini oʻzi baholashdan oʻtkazadi.

Muhim toʻlov tizimi operatori muhim toʻlov tizimining ishlashini oʻzini oʻzi baholashdan oʻtkazish natijalarini Markaziy bankka taqdim etadi va oʻzini oʻzi baholash tugallanganidan keyin uch ish kuni mobaynida oʻz rasmiy veb-saytida eʼlon qiladi.

12-modda. Toʻlov tizimidagi toʻlovlarning yakunlanganligi

Toʻlovlar pul mablagʻlari qaysi ishtirokchining foydasini koʻzlab amalga oshirilgan boʻlsa, oʻsha ishtirokchining hisobiga oʻtkazilgandan soʻng toʻlov tizimida yakunlangan deb hisoblanadi.

Toʻlov tizimining ishtirokchisi bank hisobvaragʻi boʻyicha xarajatlar operatsiyalarini toʻxtatib turish va (yoki) mijozning bank hisobvaragʻidagi pul mablagʻlarini xatlash toʻgʻrisidagi vakolatli davlat organlarining qarorlarini olguniga qadar ushbu ishtirokchi tomonidan toʻlov tizimiga yoʻnaltirilgan toʻlovlar chaqirib olinmaydigan va uzil-kesil toʻlovlardir. Mazkur toʻlovlar bajarilishi va yakuniga yetkazilishi lozim.

3-bob. Toʻlov xizmatlari bozori

13-modda. Toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchilar

Toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchilar quyidagilardan iborat:

Markaziy bank;

banklar;

toʻlov tashkilotlari;

toʻlov agentlari;

toʻlov subagentlari.

Ushbu Qonunda banklar toʻlov tashkilotlari, toʻlov agentlari va toʻlov subagentlari sifatida koʻrib chiqilmaydi.

14-modda. Toʻlov xizmatlarining turlari

Quyidagilar boʻyicha xizmatlar koʻrsatish toʻlov xizmatlari jumlasiga kiradi:

bank hisobvaragʻidan foydalangan holda toʻlovlarni qabul qilish 
va amalga oshirish;

naqd pul mablagʻlarini bank hisobvaraqlariga, shu jumladan uchinchi shaxslarning hisobvaraqlariga oʻtkazish uchun qabul qilish;

toʻlovchi tomonidan bank hisobvaragʻini ochmagan holda toʻlovni amalga oshirish uchun naqd pul mablagʻlarini qabul qilish;

elektron pullarni chiqarish va qoplash;

bank kartalarini chiqarish;

elektron pullarni va bank kartalarini realizatsiya qilish;

elektron pullardan foydalangan holda amalga oshiriladigan toʻlovlarni qabul qilish va bu toʻlovlarga ishlov berish;

elektron shakldagi toʻlovlarga ishlov berish va toʻlovni amalga oshirish uchun zarur axborotni bankka berish yoki mazkur toʻlovlar boʻyicha pul mablagʻlarini qabul qilish;

pul oʻtkazmalari tizimi orqali pul mablagʻlarini qabul qilish 
va amalga oshirish.

Quyidagilar boʻyicha xizmatlar koʻrsatish toʻlov xizmatlari jumlasiga kirmaydi:

toʻlovchi qaysi shaxs oldida toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchining ishtirokisiz amalga oshiriladigan majburiyatlarga ega boʻlsa, oʻsha shaxsga toʻlovni amalga oshiruvchi shaxs tomonidan naqd pul mablagʻlarini berish;

banknotlarni, tangalarni va qimmatliklarni inkassatsiya qilish;

bank hisobvaragʻini ochmagan holda naqd chet el valyutasi bilan ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish;

uchinchi shaxslar ishtirokisiz qabul qilingan toʻlovlar boʻyicha pul mablagʻlarini toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchi tomonidan benefitsiar foydasiga oʻtkazishni amalga oshirish chogʻida yuridik shaxs boʻlgan benefitsiar, yakka tartibdagi tadbirkor va toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchi oʻrtasidagi axborot-kommunikatsiyaga oid va texnologik hamkorlikni taʼminlash.

15-modda. Toʻlov xizmatlari koʻrsatish

Toʻlov xizmatlari:

Markaziy bank;

banklar;

toʻlov tashkiloti, bundan naqd pul mablagʻlarini bank hisobvaraqlariga oʻtkazish uchun qabul qilish, elektron pullarni va bank kartalarini chiqarish xizmatlari mustasno;

banklar va toʻlov tashkilotlari uchun ruxsat etilgan toʻlov xizmatlarining turlari doirasida toʻlov agenti hamda toʻlov subagenti tomonidan koʻrsatiladi.

Toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchi oʻz bank hisobvaragʻiga xizmat koʻrsatadigan toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchining masofaviy xizmat koʻrsatish tizimidan foydalanishga yoki boshqa toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchining xizmatlaridan foydalanishga, basharti toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchida bunday foydalanishning texnik imkoniyatlari mavjud boʻlsa, axborot xavfsizligi va toʻlov xizmatlaridan barcha yetkazib beruvchilar teng foydalanishini taʼminlashga doir talablarga rioya etgan holda haqli boʻladi.

Oʻzbekiston Respublikasi hududida toʻlov xizmatlarini Markaziy bankning tegishli litsenziyasisiz koʻrsatish taqiqlanadi. Ushbu talab toʻlov agentlarining va toʻlov subagentlarining faoliyatiga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Toʻlov tashkiloti toʻlov xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha agentlik shartnomasi asosida toʻlov agenti yoki toʻlov subagenti sifatida toʻlov xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha faoliyatni amalga oshirishga haqli.

Toʻlov tashkiloti oʻz faoliyati haqidagi axborotni taqdim etishda oʻzining litsenziya raqamini koʻrsatishi shart.

16-modda. Toʻlov xizmatlari koʻrsatishga doir shartnoma

Toʻlov xizmati toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchi va toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchi oʻrtasida tuzilgan shartnoma, shu jumladan ommaviy oferta tarzidagi shartnoma asosida koʻrsatiladi. Toʻlov xizmatlari koʻrsatishga doir shartnomada quyidagilar boʻlishi kerak:

koʻrsatiladigan toʻlov xizmatlarining turlari va umumiy xususiyati;

toʻlov xizmatlarini koʻrsatish tartibi va muddati;

undiriladigan yigʻimlarning va vositachilik haqlarining miqdorlari;

toʻlov xizmatlari haqidagi axborotni taqdim etish tartibi;

ruxsat etilmagan toʻlovlardan himoyalanish harakatlarining tartibi;

toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchining toʻlov xizmatlari koʻrsatishni rad etish huquqiga ega boʻlish shartlari;

ruxsat etilmagan toʻlovlar boʻyicha masalalarni hal etish tartibi;

toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchining shartnomani bekor qilish huquqi;

eʼtirozlar bildirish va nizolarni hal etish tartibi;

toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchining farmoyishlarini bajarishni asossiz ravishda rad etganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun zararning oʻrnini qoplash tartibi va zararning oʻrnini qoplash boʻyicha toʻlovlarning miqdori.

Toʻlov xizmatlari koʻrsatishga doir shartnomada toʻlov xizmatlari koʻrsatish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha shartlar nazarda tutilishi mumkin.

Toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchi oʻzi va toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchi oʻrtasida shartnoma tuzilgan sanada belgilangan koʻrsatiladigan toʻlov xizmatlari boʻyicha vositachilik haqi miqdorlarini bir tomonlama tartibda oshirish tomonga oʻzgartirishga haqli emas. Bundan xalqaro toʻlovlarni amalga oshirish chogʻida undiriladigan vositachilik haqlari mustasno boʻlib, bu haqlarning oʻzgarganligi toʻgʻrisida toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchi toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchini shartnomada nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda xabardor qiladi.

17-modda. Toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchiga qoʻyiladigan talablar

Toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchi toʻlov xizmatlarini faqat toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchining farmoyishida nazarda tutilgan shartlarga muvofiq koʻrsatadi.

Toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchining farmoyishi shartlari 
va rekvizitlarini toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchi tomonidan oʻzgartirish taqiqlanadi.

Toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchi toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchining farmoyishisiz toʻlovni boshlashga haqli emas.

Toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchi toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchiga vositachilik haqining miqdori haqida toʻlov xizmatlari koʻrsatilguniga qadar axborot taqdim etadi.

Toʻlov xizmatlari koʻrsatganlik uchun vositachilik haqini toʻlov summasidan undirish taqiqlanadi, bundan benefitsiar va benefitsiarning toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchisi oʻrtasidagi shartnomada toʻlov summasidan chegirib tashlash yoʻli bilan vositachilik haqini undirish sharti nazarda tutilgan hollar mustasno. Benefitsiarning toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchisi benefitsiarning talabiga koʻra uni qabul qilingan toʻlov summasi va undan amalga oshirilgan chegirmalar haqida xabardor qiladi.

Toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchi toʻlov xizmatlarini koʻrsatishda quyidagi shartlarga rioya etilishini taʼminlaydi:

jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchini lozim darajada tekshirishdan oʻtkazish va identifikatsiya qilish;

toʻlov hujjatida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida toʻlovchi va benefitsiar boʻyicha nazarda tutilgan rekvizitlarning mavjud boʻlishi, bundan toʻlov tashkilotining pul mablagʻlarini joʻnatuvchi tomonidan bank hisobvaragʻini ochmagan holda toʻlovlarni amalga oshirish uchun naqd pul mablagʻlarini qabul qilish boʻyicha xizmatlar koʻrsatishi mustasno;

toʻlovchini va (yoki) benefitsiarni identifikatsiya qilish imkonini beruvchi maʼlumotlar toʻlov xizmatlari koʻrsatilganidan keyin kamida besh yil davomida saqlanishini taʼminlash;

toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchining identifikatsiya vositalarini himoya qilish boʻyicha zarur huquqiy, tashkiliy va texnik choralar koʻrish.

Toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchi toʻlov xizmati koʻrsatilganidan soʻng toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchiga toʻlov xizmati koʻrsatilganligi faktini tasdiqlovchi hujjatni qogʻozda yoki elektron shaklda taqdim etadi. Toʻlov xizmatlari koʻrsatilganligini tasdiqlovchi hujjatning mazmuniga doir talablar Markaziy bank tomonidan belgilanadi.

Toʻlov xizmatlari operatorlari va toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchilar toʻlov xizmatlarini koʻrsatish chogʻida oʻzi olgan maʼlumotlar sir saqlanishini taʼminlaydi hamda ularning uchinchi shaxslarga oshkor etilishiga yoʻl qoʻymaydi, bundan “Bank siri toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan hollar mustasno.

18-modda. Toʻlov tashkilotining faoliyatiga doir cheklovlar

Toʻlov tashkilotlari toʻlov xizmatlari koʻrsatish bilan bogʻliq boʻlmagan faoliyat turlari bilan shugʻullanishga haqli emas.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan cheklov faoliyatning quyidagi turlariga nisbatan tatbiq etilmaydi:

reklama, marketing, maslahat va axborot xizmatlari;

dasturiy taʼminotni ishlab chiqish, moslashtirish, modifikatsiya qilish va texnik jihatdan qoʻllab-quvvatlash;

axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish bilan bogʻliq xizmatlar, shu jumladan axborot-texnik xizmatlar, maʼlumotlarga ishlov berish hamda ularni oʻtkazishga doir xizmatlar, maʼlumotlar bazalarini va axborot resurslarini yaratish va ulardan foydalanish;

axborot tizimlari va tarmoqlarini yaratish hamda ularning xavfsizligini taʼminlash;

axborotni kriptografik himoyalash vositalarini ishlab chiqish 
va realizatsiya qilish;

mikromoliyaviy xizmatlar.

Agar ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan faoliyat turlari amalga oshirilishi uchun litsenziya talab qilinadigan faoliyat turlarining roʻyxatiga kirsa, toʻlov tashkiloti bu faoliyat turlarini amalga oshirish huquqini beruvchi tegishli litsenziyani belgilangan tartibda olishi kerak.

19-modda. Toʻlov agentlari va toʻlov subagentlari orqali toʻlov xizmatlarini koʻrsatish

Banklar va toʻlov tashkilotlari toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchilarga toʻlov xizmatlarini toʻlov agenti va toʻlov subagenti orqali koʻrsatishga haqli.

Toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchiga toʻlov xizmati toʻlov agenti 
yoki toʻlov subagenti tomonidan quyidagi talablarga rioya etilgan holda koʻrsatiladi:

toʻlov xizmatini bankning yoki toʻlov tashkilotining nomidan koʻrsatish;

toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchiga toʻlov xizmati koʻrsatilganligi faktini tasdiqlovchi va zarur rekvizitlarni oʻz ichiga olgan hujjatni taqdim etish;

toʻlov agenti tomonidan bank yoki toʻlov tashkiloti bilan tuzilgan shartnoma shartlariga muvofiq, toʻlov subagenti tomonidan esa toʻlov agenti bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq haq undirish.

Toʻlov xizmatlari koʻrsatish boshlanguniga qadar toʻlov agenti 
yoki toʻlov subagenti tomonidan toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchiga quyidagi axborot taqdim etiladi:

toʻlov xizmatlarining nomi va ushbu xizmatlar koʻrsatiladigan joyning manzili;

soliq toʻlovchining nomi, identifikatsiya raqami, bankning, toʻlov tashkilotining va toʻlov agentining joylashgan yeri (pochta manzili), telefon raqami, toʻlov xizmatlari toʻlov subagenti tomonidan koʻrsatilgan taqdirda esa soliq toʻlovchining nomi yoki familiyasi, ismi, otasining ismi, identifikatsiya raqami, toʻlov subagentining joylashgan yeri (pochta manzili), telefon raqami;

bankning yoki toʻlov tashkilotining litsenziyasi raqami;

toʻlov xizmatlari koʻrsatilganda undiriladigan haqning miqdori.

Banklar va toʻlov tashkilotlari toʻlov agentlari hamda toʻlov subagentlarining reyestrlarini yuritadi. Toʻlov agenti jalb etilgan toʻlov subagentlarini mazkur reyestrga kiritish uchun ushbu subagentlar haqidagi axborotni bankka yoki toʻlov tashkilotiga taqdim etadi.

Banklar hamda toʻlov tashkilotlari toʻlov xizmatlari koʻrsatishga doir agentlik shartnomasi shartlariga toʻlov agenti tomonidan rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.

Toʻlov agenti toʻlov xizmatlari koʻrsatishga doir subagentlik shartnomasi shartlariga toʻlov subagenti tomonidan rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.

Toʻlov xizmatlari koʻrsatish boʻyicha toʻlov agenti bilan agentlik shartnomalarini tuzgan bank va toʻlov tashkiloti Markaziy bankka ushbu xizmatlar, shuningdek oʻzining toʻlov agentlari hamda toʻlov subagentlari haqidagi maʼlumotlarni taqdim etadi.

Bank va toʻlov tashkiloti toʻlov agenti hamda toʻlov subagentining majburiyatlari boʻyicha toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchilar oldida toʻlov xizmatlarini koʻrsatishga doir agentlik shartnomalarini tuzgan toʻlov agenti va toʻlov subagenti bilan solidar javobgar boʻladi.

4-bob. Toʻlov tizimlarini va toʻlov xizmatlari bozorini tartibga solish

20-modda. Toʻlovlar va toʻlov tizimlari sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari

Toʻlovlar va toʻlov tizimlari sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:

toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchilarning va toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchilarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash;

toʻlov xizmatlari tizimini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;

koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish;

naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimini rivojlantirishni qoʻllab- quvvatlash.

21-modda. Markaziy bankning vakolatlari

Markaziy bank toʻlov tizimlarining samarali, ishonchli va xavfsiz ishlashini taʼminlash maqsadida ularning Oʻzbekiston Respublikasi hududida ushbu Qonunga muvofiq tartibga solinishini amalga oshiradi.

Toʻlov tizimlarini tartibga solish maqsadida Markaziy bank:

toʻlov tizimlari operatorlarining faoliyatini va toʻlov tashkilotlarining faoliyatini litsenziyalashni amalga oshiradi;

Toʻlov tizimlari operatorlarining reyestrini va Toʻlov tashkilotlarining reyestrini yuritadi;

toʻlov tizimi qoidalarini va toʻlov tashkilotining toʻlov tizimi ishtirokchilari bilan hamkorligi tartibini kelishib olishni amalga oshiradi;

toʻlov tizimlarining muhimlik mezonlarini aniqlaydi;

toʻlov tizimlari ustidan nazoratni amalga oshiradi;

toʻlov tizimlari operatorlariga va toʻlov tashkilotlariga nisbatan ushbu Qonun talablarini buzganlik uchun choralar hamda sanksiyalar qoʻllaydi;

Oʻzbekiston Respublikasi hududida naqd pulsiz toʻlovlarning amalga oshirilishi tartibini belgilaydi;

Markaziy bankning banklararo toʻlov va kliring tizimlarining ishlashi qoidalarini belgilaydi;

bank hisobvaraqlarining ochilishi, yuritilishi va yopilishi tartibini belgilaydi;

toʻlov tizimlarining operatorlari va toʻlov tashkilotlari tomonidan Markaziy bankka toʻlovlarga taalluqli maʼlumotlarning taqdim etilishi tartibini belgilaydi;

Oʻzbekiston Respublikasi hududida bank kartalarining chiqarilishi va muomalada boʻlishi qoidalarini belgilaydi;

Oʻzbekiston Respublikasi hududida elektron pullarning chiqarilishi va muomalada boʻlishi qoidalarini belgilaydi;

Markaziy bankning banklararo toʻlov va kliring tizimlari bilan hamkorlikni taʼminlovchi dasturiy vositalarga, shu jumladan avtomatlashtirilgan bank tizimlariga, shuningdek toʻlov tizimlarida axborot xavfsizligi choralarini taʼminlashga nisbatan qoʻyiladigan talablarni belgilaydi;

toʻlov tizimlari operatorlari va toʻlov tashkilotlari ustav kapitalining eng kam miqdorini belgilaydi;

elektron pullar bilan toʻlovlar va pul oʻtkazmalariga doir operatsiyalar boʻyicha limitlarni belgilaydi;

toʻlov xizmatlari boʻyicha tariflar asossiz ravishda oshirilganda monopoliyaga qarshi kurashish organiga taklif kiritishga haqli;

ishtirokchilari oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi hududida amalga oshiradigan xalqaro toʻlov tizimlariga nisbatan nazorat faoliyati taʼsirchanligini oshirish maqsadida boshqa mamlakatlarning nazorat organlari va xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni amalga oshiradi.

22-modda. Toʻlov tizimlari operatorlarining faoliyatini litsenziyalash tartibi

Litsenziya daʼvogari sifatida banklar va bank hisoblanmagan yuridik shaxslar toʻlov tizimining operatori faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olish maqsadida Markaziy bank tomonidan belgilanadigan shakl boʻyicha Markaziy bankka litsenziya berish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qiladi.

Bankning litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizasiga quyidagilar ilova qilinadi:

bank boshqaruvining toʻlov tizimini tashkil etish haqidagi qarorining koʻchirma nusxasi;

yaqin ikki kalendar yil uchun toʻlov tizimini rivojlantirishga doir biznes-reja, unda toʻlov tizimini tashkil etishning maqsadlari va rejalashtirilayotgan natijalari, shu jumladan bozor va infratuzilma omillarining tahlili koʻrsatiladi;

Markaziy bank tomonidan litsenziya daʼvogarining arizasini koʻrib chiqqanlik uchun yigʻim kiritilganligini tasdiqlovchi hujjat;

toʻlov tizimining qoidalari.

Bank hisoblanmaydigan yuridik shaxsning litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizasiga quyidagilar ilova qilinadi:

yuridik shaxs vakolatli organining toʻlov tizimini tashkil etish toʻgʻrisidagi qarorining koʻchirma nusxasi;

yaqin ikki kalendar yil uchun toʻlov tizimini rivojlantirishga doir biznes-reja, unda toʻlov tizimini tashkil etishning maqsadlari va rejalashtirilayotgan natijalari, shu jumladan bozor va infratuzilma omillarining tahlili koʻrsatiladi;

toʻlov tizimining qoidalari;

bankning toʻlov tizimining hisob-kitob banki boʻlishga yozma roziligi, shu jumladan oʻzi bilan qaysi shaklda shartnoma tuzilgan boʻlsa, oʻsha shakldagi roziligi;

Markaziy bank tomonidan litsenziya daʼvogarining arizasini koʻrib chiqqanlik uchun yigʻim kiritilganligini tasdiqlovchi hujjat;

buxgalteriya balansi va oxirgi hisobot sanasiga doir moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobot;

muassislar (ishtirokchilar) haqidagi maʼlumotlar, shu jumladan ularning kapitaldagi ulushi miqdori;

ijro etuvchi organning rahbari va aʼzolari toʻgʻrisidagi, 
shu jumladan ularning maʼlumoti, ish joyi va egallab turgan lavozimi haqidagi axborotni oʻz ichiga olgan maʼlumotlar, bu maʼlumotlarga tasdiqlovchi hujjatlarning koʻchirma nusxalari ilova qilinadi;

tavakkalchiliklarni boshqarish tizimi toʻgʻrisidagi, shu jumladan toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchilarning pul mablagʻlari 
but saqlanishini taʼminlashga doir talablar haqidagi maʼlumotlar;

xavfsizlik tizimlari, nazorat mexanizmlari hamda tizimlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;

xavfsizlik siyosati haqidagi, shu jumladan tavakkalchiliklarni batafsil baholashni oʻz ichiga olgan hujjat, shuningdek axborot xavfsizligi va toʻlov xizmatidan foydalanuvchilarning himoya qilinishini taʼminlash uchun tavakkalchiliklarni, shu jumladan firibgarlik hamda maxfiy va shaxsga doir maʼlumotlardan qonunga zid ravishda foydalanish xavflarini kamaytirish boʻyicha koʻriladigan choralarning tavsifi;

jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablari bajarilishini taʼminlash choralarining tavsifi.

Litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizaning shakli va zarur hujjatlarning roʻyxati Markaziy bankning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.

Markaziy bank litsenziyani berish haqidagi yoki uni berishni rad etish toʻgʻrisidagi qarorni litsenziya daʼvogarining arizasi barcha zarur hujjatlar bilan birga olingan kundan eʼtiboran oʻttiz kun muddat mobaynida qabul qiladi.

Toʻlov tizimi qoidalarini kelishib olish litsenziya daʼvogarining arizasini va unga ilova qilingan hujjatlarni koʻrib chiqish bilan bir vaqtning oʻzida amalga oshiriladi.

Litsenziya berish toʻgʻrisidagi yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinganidan soʻng Markaziy bank litsenziya daʼvogariga uch ish kuni mobaynida qaror qabul qilinganligi haqida xabarnoma yuboradi.

Litsenziya berish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinganda Markaziy bank Toʻlov tizimlari operatorlari reyestriga toʻlov tizimi operatori haqida tegishli yozuvni kiritadi.

Litsenziya berish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinganligi haqidagi xabarnoma litsenziya daʼvogariga bank hisobvaragʻining rekvizitlari 
va davlat bojini toʻlash muddati koʻrsatilgan holda yozma shaklda yoki axborot tizimi orqali elektron shaklda yuboriladi (topshiriladi).

Toʻlov tizimi operatori oʻz faoliyatini litsenziyani olganidan 
va toʻlov tizimi qoidalarini kelishib olganidan keyin amalga oshiradi.

Markaziy bank litsenziya daʼvogariga quyidagi hollarda litsenziya berishni rad etadi:

litsenziya daʼvogari tomonidan tegishli tarzda rasmiylashtirilmagan hujjatlar taqdim etilganda;

litsenziya daʼvogari tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar mavjud boʻlganda;

litsenziya daʼvogari litsenziya talablariga va shartlariga muvofiq boʻlmaganda.

Litsenziya berish rad etilganligi toʻgʻrisidagi xabarnoma litsenziya daʼvogariga rad etish sabablari koʻrsatilgan holda yozma shaklda yoki axborot tizimi orqali elektron shaklda yuboriladi (topshiriladi). Litsenziya daʼvogari koʻrsatilgan sabablarni bartaraf etib, hujjatlarni takroran koʻrib chiqish uchun taqdim etishi mumkin boʻlgan muddat ikki oydan oshmasligi kerak.

Litsenziya daʼvogari litsenziya berishni rad etish uchun asos boʻlib xizmat qilgan sabablarni bartaraf etgan taqdirda, Markaziy bank hujjatlarni takroran koʻrib chiqishni litsenziya daʼvogarining arizasi barcha zarur hujjatlar bilan birga olingan kundan eʼtiboran oʻn kun muddat mobaynida amalga oshiradi. Litsenziya daʼvogarining arizasini takroran koʻrib chiqqanlik uchun yigʻim undirilmaydi.

Toʻlov tizimining operatori haqidagi maʼlumotlar oʻzgargan taqdirda, toʻlov tizimi operatori uch ish kuni mobaynida bu haqda Markaziy bankni yozma shaklda yoki axborot tizimi orqali elektron shaklda xabardor qilishi shart. Toʻlov tizimi operatoridan olingan xabarnoma asosida Markaziy bank Toʻlov tizimlari operatorlarining reyestriga uch ish kuni mobaynida tegishli oʻzgartishlar kiritadi.

Toʻlov tizimi operatori faoliyatni ikki va undan ortiq toʻlov tizimlarining operatori sifatida amalga oshirish uchun Markaziy bankka har bir toʻlov tizimining operatori sifatidagi faoliyatni amalga oshirishga doir litsenziya berish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qiladi, arizaga ushbu moddada koʻrsatilgan hujjatlarni ilova qiladi.

23-modda. Toʻlov tizimi operatori litsenziyasining amal qilishini tugatish

Markaziy bank quyidagi hollarda toʻlov tizimi operatori litsenziyasining amal qilishini tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi:

toʻlov tizimining operatori litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat etganda;

toʻlov tizimining operatori boʻlgan bankda bank operatsiyalarini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaning amal qilishi tugatilganda;

toʻlov tizimining operatori tugatilganda – tugatilish paytidan eʼtiboran yoki uning faoliyati qayta tashkil etilishi natijasida tugatilganda – qayta tashkil etilgan paytdan eʼtiboran, bundan uning oʻzgartirilishi, shuningdek qayta tashkil etilayotgan toʻlov tizimi operatorida yangitdan vujudga kelgan yuridik shaxsning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi sanasidagi faoliyatning litsenziyalanadigan ayni bir turini amalga oshirishga doir litsenziya mavjud boʻlganda qoʻshib yuborilishi mustasno;

toʻlov tizimining operatori litsenziya olingan kundan eʼtiboran 
bir yil davomida faoliyatni amalga oshirmaganda yoki toʻlov tizimi operatorining faoliyati olti oydan ortiq davrga toʻxtatib turilganda.

Litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilganda toʻlov tizimi operatori quyidagilarni taqdim etishi shart:

1) toʻlov tizimi operatori tugatiladigan taqdirda:

toʻlov tizimi operatorini tugatish toʻgʻrisida uning muassislari (ishtirokchilari) yoki taʼsis hujjatlarida shunga vakil qilingan yuridik shaxs organi tomonidan tugatish sabablari koʻrsatilgan holda qabul qilingan qaror;

toʻlov tizimi operatorining muassislari (ishtirokchilari) yoki taʼsis hujjatlarida shunga vakil qilingan yuridik shaxs organi tomonidan tasdiqlangan, tugatish jarayonini, toʻlov tizimi ishtirokchilari oldidagi majburiyatlarni bajarish hamda kreditorlarning daʼvolarini qanoatlantirish tartib-taomillari va muddatlarini oʻz ichiga olgan tugatish rejasi;

Markaziy bankka murojaat qilish paytidagi, daʼvo talablarini qanoatlantirish uchun mablagʻlar yetarli ekanligini tasdiqlovchi balans hisoboti;

tugatuvchi toʻgʻrisidagi yoki tugatish komissiyasining tarkibi haqidagi axborot va boshqa zarur maʼlumotlar;

2) boshqa hollarda – toʻlov tizimi ishtirokchilari oldidagi majburiyatlarni bajarish tartib-taomillari va muddatlari.

Toʻlov tizimi operatori litsenziyasining amal qilishini tugatish sud tartibida quyidagi hollarda amalga oshiriladi:

ushbu Qonunda nazarda tutilgan talablar toʻlov tizimining operatori tomonidan muntazam ravishda buzilganda yoki bir marta qoʻpol tarzda buzilganda;

toʻlov tizimining uzluksiz ishlashiga taʼsir koʻrsatuvchi qoidabuzarliklar Markaziy bankning birinchi koʻrsatmasi yuborilgan kundan eʼtiboran uch oy mobaynida toʻlov tizimining operatori tomonidan bartaraf etilmaganda;

Markaziy bankning litsenziya berish toʻgʻrisidagi qarorining qonunga zid ekanligi aniqlanganda.

Toʻlov tizimi operatori litsenziyasining amal qilishini ushbu moddada nazarda tutilmagan asoslar boʻyicha tugatishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Markaziy bankning litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qarori toʻlov tizimining operatoriga ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kundan kechiktirmay yozma shaklda yetkaziladi. Litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qaror toʻlov tizimining operatori tomonidan olingan kundan eʼtiboran oʻn kun mobaynida litsenziya Markaziy bankka qaytarilishi va yoʻq qilinishi lozim.

Toʻlov tizimi operatori litsenziyasining amal qilishi tugatilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot ommaviy axborot vositalarida, 
shu jumladan Markaziy bankning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinishi kerak. Toʻlov tizimi operatori litsenziyasining amal qilishi uning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran tugatiladi.

Markaziy bankning litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Sud litsenziyaning amal qilishini tugatishni asossiz deb topgan taqdirda Markaziy bank litsenziat oldida unga yetkazilgan zarar miqdorida javobgar boʻladi.

Toʻlov tizimi operatori litsenziyasining amal qilishi tugatilganda toʻlovlar va hisob-kitoblar boʻyicha operatsiyalarni yakunlash tartibi hamda muddatlari Markaziy bank tomonidan belgilanadi.

24-modda. Toʻlov tashkilotlarining faoliyatini litsenziyalash tartibi

Litsenziya daʼvogari sifatida yuridik shaxslar toʻlov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olish maqsadida Markaziy bank tomonidan belgilanadigan shakl boʻyicha Markaziy bankka litsenziya berish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qiladi.

Litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

toʻlov tashkilotining yaqin ikki kalendar yil uchun biznes-rejasi;

toʻlov tashkilotining arizasini Markaziy bank koʻrib chiqqanligi uchun yigʻim kiritilganligini tasdiqlovchi hujjat;

oxirgi hisobot sanasiga doir buxgalteriya balansi va moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobot;

toʻlov tashkilotining toʻlov tizimi operatori va toʻlov tizimi ishtirokchilari bilan hamkorligi tartibi;

muassislar (ishtirokchilar) haqidagi maʼlumotlar, shu jumladan ularning kapitaldagi ulushi miqdori;

ijro etuvchi organning rahbari va aʼzolari toʻgʻrisidagi, 
shu jumladan ularning maʼlumoti, ish joyi va lavozimi haqidagi axborotni oʻz ichiga olgan maʼlumotlar, unga tasdiqlovchi hujjatlarning koʻchirma nusxalari ilova qilinadi;

tavakkalchiliklarni boshqarish tizimi toʻgʻrisidagi, shu jumladan mijozlarning pul mablagʻlari but saqlanishini taʼminlashga doir talablar haqidagi maʼlumotlar;

xavfsizlik tizimlari, nazorat mexanizmlari hamda tizimlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;

xavfsizlik siyosati haqidagi, shu jumladan tavakkalchiliklarni batafsil baholashni oʻz ichiga olgan hujjat, shuningdek axborot xavfsizligi va toʻlov xizmatidan foydalanuvchilarning himoya qilinishini taʼminlash uchun tavakkalchiliklarni, shu jumladan firibgarlik hamda maxfiy va shaxsga doir maʼlumotlardan qonunga zid ravishda foydalanish xavflarini kamaytirish boʻyicha koʻriladigan choralarning tavsifi;

jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablari bajarilishini taʼminlash choralarining tavsifi.

Litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizaning shakli va zarur hujjatlar roʻyxati Markaziy bankning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.

Markaziy bank litsenziya berish haqida yoki uni berishni rad etish toʻgʻrisida toʻlov tashkilotining arizasi barcha zarur hujjatlar bilan birga olingan kundan eʼtiboran oʻttiz kun muddat mobaynida qaror qabul qiladi.

Toʻlov tashkilotining toʻlov tizimi ishtirokchilari bilan hamkorlik qilish tartibini kelishib olish toʻlov tashkilotining arizasini va unga ilova qilingan, litsenziyalash uchun zarur boʻlgan hujjatlarni koʻrib chiqish bilan bir vaqtda amalga oshiriladi. 

Litsenziya berish toʻgʻrisidagi yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinganidan soʻng Markaziy bank litsenziya daʼvogariga uch ish kuni mobaynida qaror qabul qilinganligi haqida xabarnoma yuboradi.

Litsenziya berish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinganda Markaziy bank Toʻlov tashkilotlari reyestriga toʻlov tashkiloti haqida tegishli yozuvni kiritadi.

Litsenziya berish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinganligi haqidagi xabarnoma litsenziya daʼvogariga bank hisobvaragʻining rekvizitlari 
va davlat bojini toʻlash muddati koʻrsatilgan holda yozma shaklda yoki axborot tizimi orqali elektron shaklda toʻlov tashkilotiga yuboriladi (topshiriladi).

Toʻlov tashkiloti toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchi sifatida 
oʻz faoliyatini litsenziya olganidan soʻng amalga oshirishi mumkin.

Markaziy bank toʻlov tashkilotiga litsenziya berishni quyidagi hollarda rad etadi: 

toʻlov tashkiloti tegishli tarzda rasmiylashtirilmagan hujjatlarni taqdim etganda; 

toʻlov tashkiloti tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar mavjud boʻlganda;

toʻlov tashkiloti litsenziya talablari va shartlariga muvofiq boʻlmaganda.

Litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi xabarnoma toʻlov tashkilotiga rad etish sabablari koʻrsatilgan holda yozma shaklda yoki axborot tizimi orqali elektron shaklda yuboriladi (topshiriladi). Toʻlov tashkiloti koʻrsatilgan sabablarni bartaraf etib, hujjatlarni takroran koʻrib chiqish uchun taqdim etishi mumkin boʻlgan muddat ikki oydan oshmasligi kerak.

Toʻlov tashkiloti litsenziya berishni rad etish uchun asos boʻlib xizmat qilgan sabablarni bartaraf etgan taqdirda hujjatlarni takroran koʻrib chiqish toʻlov tashkilotining arizasi barcha zarur hujjatlar bilan birga olingan kundan eʼtiboran oʻn kun muddat mobaynida Markaziy bank tomonidan amalga oshiriladi. Toʻlov tashkilotining arizasini takroran koʻrib chiqqanlik uchun yigʻim undirilmaydi.

Toʻlov tashkiloti toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oʻzgargan taqdirda toʻlov tashkiloti Markaziy bankni bu haqda uch ish kuni mobaynida yozma shaklda yoki axborot tizimi orqali elektron shaklda xabardor etishi shart. Markaziy bank toʻlov tashkilotidan olingan xabarnoma asosida Toʻlov tashkilotlarining reyestriga uch ish kuni mobaynida tegishli oʻzgartishlar kiritadi.

25-modda. Toʻlov tashkiloti litsenziyasining amal qilishini tugatish

Markaziy bank quyidagi hollarda toʻlov tashkiloti litsenziyasining amal qilishini tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi:

toʻlov tashkiloti litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat etganda;

toʻlov tashkiloti tugatilganda – tugatish paytidan eʼtiboran yoki uning faoliyati qayta tashkil etish natijasida tugatilganda – qayta tashkil etish paytidan eʼtiboran, bundan toʻlov tashkilotining oʻzgartirilishi, shuningdek qayta tashkil etilayotgan toʻlov tashkilotida yangitdan vujudga kelgan yuridik shaxsni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sanasida faoliyatning litsenziyalanadigan ayni bir turini amalga oshirishga doir litsenziya mavjud boʻlganda qoʻshib yuborilishi mustasno;

toʻlov tashkiloti faoliyatni litsenziya olingan kundan eʼtiboran bir yil davomida amalga oshirmaganda yoki toʻlov tashkilotining faoliyati olti oydan ortiq davrga toʻxtatib turilganda.

Toʻlov tashkiloti litsenziyasining amal qilishini tugatish sud tartibida quyidagi hollarda amalga oshiriladi:

ushbu Qonunda nazarda tutilgan talablar toʻlov tashkiloti tomonidan muntazam ravishda buzilganda yoki bir marta qoʻpol tarzda buzilganda;

Markaziy bankning litsenziya berish toʻgʻrisidagi qarorining qonunga zid ekanligi aniqlanganda.

Toʻlov tashkiloti litsenziyasining amal qilishini ushbu moddada nazarda tutilmagan asoslar boʻyicha tugatishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Markaziy bankning litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qarori toʻlov tashkilotiga ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kundan kechiktirmay yozma shaklda yetkaziladi. Litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qaror toʻlov tashkiloti tomonidan olingan kundan eʼtiboran oʻn kun mobaynida litsenziya Markaziy bankka qaytarilishi va yoʻq qilinishi lozim.

Toʻlov tashkiloti litsenziyasining amal qilishi tugatilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan Markaziy bankning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinishi lozim. Toʻlov tashkiloti litsenziyasining amal qilishi uning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran tugatiladi.

Toʻlov tashkiloti Markaziy bank tomonidan uning litsenziyasining amal qilishi tugatilganligi haqidagi xabarnoma olinganidan soʻng toʻlov xizmatlarini koʻrsatishi taqiqlanadi va u bir oy mobaynida oʻzining nomlanishidan “toʻlov tashkiloti” degan soʻzlarni chiqarib tashlashi kerak.

Markaziy bankning litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Sud litsenziyaning amal qilishini tugatishni asossiz deb topgan taqdirda Markaziy bank litsenziat oldida unga yetkazilgan zarar miqdorida javobgar boʻladi.

26-modda. Toʻlov tashkilotini qayta tashkil etish tartibi

Toʻlov tashkilotini qayta tashkil etish (qoʻshib yuborish, qoʻshib olish, boʻlish, ajratib chiqarish, oʻzgartirish) tashkilot muassislarining (ishtirokchilarining) qaroriga koʻra Markaziy bankni xabardor qilgan holda amalga oshirilishi mumkin.

Toʻlov tashkilotini qayta tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, Markaziy bankka maʼlumot uchun quyidagilar taqdim etiladi:

toʻlov tashkilotini qayta tashkil etish toʻgʻrisidagi qaror;

toʻlov tashkilotini qayta tashkil etish shartlari, shakllari, tartibi va muddatlari bayon etilgan hujjatlar;

toʻlov tashkilotini qayta tashkil etish oqibatlarining moliyaviy prognozi;

auditorlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq auditorlik hisoboti;

qayta tashkil etish natijasida tuziladigan toʻlov tashkilotining yaqin ikki kalendar yil uchun biznes-rejasi;

qayta tashkil etish natijasida tuziladigan toʻlov tashkilotining toʻlov tizimi ishtirokchilari bilan hamkorligi tartibi.

Markaziy bank toʻlov tashkiloti tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni ular taqdim etilgan kundan eʼtiboran oʻn besh ish kuni mobaynida koʻrib chiqish natijalari boʻyicha tavsiya berish huquqiga ega.

Qayta tashkil etilayotgan toʻlov tashkilotlari Markaziy bankka qayta tashkil etish toʻgʻrisida maʼlumot taqdim etgan kundan eʼtiboran oʻn besh kun mobaynida ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan oʻzining rasmiy veb-saytida amalga oshirilayotgan qayta tashkil etish toʻgʻrisidagi tegishli axborotni eʼlon qilishi shart.

Qayta tashkil etish natijasida tuzilgan toʻlov tashkilotini litsenziyalash ushbu Qonun talablariga muvofiq amalga oshiriladi.

27-modda. Toʻlov tizimi operatorining va toʻlov tashkilotining ijro etuvchi organlari rahbarlariga doir talablar

Toʻlov tizimi operatorining va toʻlov tashkilotining ijro etuvchi organlari rahbarlari oliy maʼlumotga hamda bank-moliya sohasida yoki axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kamida ikki yillik ish tajribasiga, shuningdek benuqson ishchanlik obroʻsiga, oʻz vakolatlari doirasida toʻlov tizimlari tavakkalchiliklarining samarali boshqarilishini taʼminlash, asosli qarorlar qabul qilish uchun zarur tajriba, bilim va koʻnikmalarga ega boʻlishi kerak.

Toʻlov tizimi operatorining va toʻlov tashkilotining ijro etuvchi organlari rahbarlari ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan talablarga muvofiq boʻlmagan taqdirda Markaziy bank toʻlov tizimi operatorining va toʻlov tashkilotining ijro etuvchi organlari rahbarlarini almashtirish haqida koʻrsatma berishga haqli. Ushbu koʻrsatma ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.

5-bob. Toʻlov tizimlarining ishlashi ustidan nazoratni va kuzatuvni amalga oshirish

28-modda. Toʻlov tizimlarining ishlashi ustidan nazoratni amalga oshirish

Markaziy bank toʻlov tizimlarining ishlashi ustidan nazoratni amalga oshirishda: 

toʻlov tizimlari operatorlaridan va toʻlov tashkilotlaridan toʻlov tizimlarining ishlashi bilan bogʻliq axborotni, shu jumladan shaxsga doir maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan axborotni soʻrab oladi;

toʻlov tizimlari operatorlari va toʻlov tashkilotlari tomonidan toʻlov tizimlarining ishlashi toʻgʻrisidagi hisobotlarni taqdim etish shakllari va muddatlarini, shuningdek hisobotlarni tuzish uslubiyotini belgilaydi;

toʻlov tizimlari operatorlari va toʻlov tashkilotlari tomonidan toʻlov tizimlarining ishlashi toʻgʻrisida taqdim etilgan axborotni tahlil qiladi;

toʻlov tizimlari operatorlarining va toʻlov tashkilotlarining faoliyatini inspeksiya tekshiruvlaridan oʻtkazadi;

toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablari buzilgan taqdirda toʻlov tizimlarining operatorlariga 
va toʻlov tashkilotlariga nisbatan choralar hamda sanksiyalar qoʻllaydi.

Toʻlov tizimlarining ishlashi ustidan nazoratni amalga oshirish tartibi Markaziy bank tomonidan belgilanadi.

29-modda. Inspeksiya tekshiruvlarini oʻtkazish tartibi

Markaziy bank toʻlov tizimlari operatorlarining va toʻlov tashkilotlarining faoliyatini bir yilda koʻpi bilan bir marta inspeksiya tekshiruvlaridan oʻtkazishga haqli.

Muhim toʻlov tizimining uzluksiz faoliyat koʻrsatishida buzilishlar boʻlgan taqdirda Markaziy bank navbatdan tashqari inspeksiya tekshiruvini oʻtkazishga haqli.

Inspeksiya tekshiruvlari toʻlov tizimlari operatorlari va toʻlov tashkilotlari faoliyatining ayrim masalalari boʻyicha oʻtkazilishi 
yoki kompleks tekshiruvlar boʻlishi mumkin.

Markaziy bankning vakolatli vakillari toʻlov tizimlari operatorlari va toʻlov tashkilotlari faoliyatini inspeksiya tekshiruvidan oʻtkazish chogʻida quyidagi huquqlarga ega:

hujjatlarni olish va tekshirish;

zarurat boʻlganda, tekshiruv materiallariga ilova qilish uchun hujjatlardan koʻchirma nusxalar olish;

faoliyatga doir masalalar boʻyicha ogʻzaki va yozma tushuntirishlar olish;

faoliyatni amalga oshirish joyiga kirish;

tashkilotning axborot tizimlariga kirish, shu jumladan axborotni elektron shaklda olish (elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturning boshlangʻich matnlaridan tashqari).

Inspeksiya tekshiruvi yakunlari boʻyicha Markaziy bankning vakolatli vakillari tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda, toʻlov tizimi operatori va toʻlov tashkiloti faoliyati toʻgʻrisidagi umumiy axborotni, tekshiruv jarayonida aniqlangan qoidabuzarliklar haqidagi axborotni oʻz ichiga olgan tekshiruv dalolatnomasini tuzadi.

Inspeksiya tekshiruvini oʻtkazish muddati oʻttiz kundan oshishi mumkin emas.

 

30-modda. Markaziy bank tomonidan qoʻllaniladigan choralar va sanksiyalar

Agar jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablarining hamda toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablarining toʻlov tizimi operatori va (yoki) toʻlov tashkiloti tomonidan yoʻl qoʻyilgan buzilishlari toʻlov tizimining uzluksiz ishlashiga bevosita taʼsir koʻrsatmasa, Markaziy bank:

toʻlov tizimi operatorining va (yoki) toʻlov tashkilotining boshqaruv organlarini aniqlangan qoidabuzarlik toʻgʻrisida yoʻl qoʻyilgan qoidabuzarlikni va u bartaraf etilishi kerak boʻlgan muddatni koʻrsatgan holda yozma shaklda xabardor qiladi, bunda mazkur muddat oʻn ish kunidan kam boʻlmasligi kerak;

toʻlov tizimi operatorining va (yoki) toʻlov tashkilotining boshqaruv organlariga aniqlangan qoidabuzarlikni bartaraf etish boʻyicha tavsiyalar yuboradi.

Agar toʻlov tizimi operatori va (yoki) toʻlov tashkiloti tomonidan yoʻl qoʻyilgan yuqorida koʻrsatilgan qonun hujjatlarining buzilishlari toʻlov tizimining uzluksiz ishlashiga salbiy taʼsir koʻrsatsa, Markaziy bank toʻlov tizimi operatorining va (yoki) toʻlov tashkilotining boshqaruv organlariga qoidabuzarlikning bartaraf etilishi toʻgʻrisida uni bartaraf etish muddatini koʻrsatgan holda koʻrsatma yuboradi, bu muddat oʻn ish kunidan kam boʻlmasligi kerak.

Toʻlov tizimi operatori va (yoki) toʻlov tashkiloti Markaziy bankning qoidabuzarlikni bartaraf etish toʻgʻrisidagi koʻrsatmasini bajarmagan taqdirda Markaziy bank qonun hujjatlariga muvofiq quyidagi sanksiyalardan birini qoʻllaydi:

bazaviy hisob-kitob miqdorining besh ming baravarigacha boʻlgan miqdorda jarima soladi;

toʻlov xizmatlarining va (yoki) operatsiyalarning ayrim turlarini amalga oshirishni olti oygacha boʻlgan muddatga cheklaydi;

litsenziyaning amal qilishini oʻn ish kunigacha boʻlgan muddatga toʻxtatib turadi.

31-modda. Toʻlov tizimlarining ishlashi ustidan kuzatuv

Toʻlov tizimlarining ishlashi ustidan kuzatuv amalga oshirilayotganda Markaziy bank toʻlov tizimlari toʻgʻrisidagi axborotni umumlashtiradi, tizimlashtiradi va tahlil qiladi.

Muhim toʻlov tizimlarining ishlashi ustidan kuzatuv amalga oshirilayotganda Markaziy bank:

muhim toʻlov tizimlarini ularning xalqaro standartlarga 
va Markaziy bank talablariga muvofiqligi yuzasidan baholashni oʻtkazadi;

muhim toʻlov tizimlari operatorlarining va toʻlov tashkilotlarining faoliyatini takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqadi.

Markaziy bank toʻlov tizimlarining ishlashi ustidan kuzatuv natijalarining sharhini bir yilda kamida bir marta eʼlon qiladi.

6-bob. Toʻlovlar

32-modda. Oʻzbekiston Respublikasi hududida toʻlovlarni amalga oshirish

Oʻzbekiston Respublikasi hududida toʻlovlar quyidagilar orqali amalga oshiriladi:

naqd pul mablagʻlarini oʻtkazish;

elektron pullarni oʻtkazish;

pul mablagʻlarini toʻlov vositalaridan foydalangan holda oʻtkazish;

pul majburiyatini yoki pul mablagʻlarini toʻlash toʻgʻrisidagi farmoyishni oʻz ichiga olgan toʻlov hujjatini berish;

elektron toʻlov vositalaridan foydalanish.

Toʻlovni boshlash quyidagi yoʻllar bilan amalga oshiriladi:

toʻlovchi tomonidan toʻlov hujjatini taqdim etish;

saqlovchi tomonidan elektron toʻlov vositasidan foydalanish;

toʻlovchi tomonidan naqd pul mablagʻlarini bank kassalari, elektron terminallar va boshqa qurilmalar orqali oʻtkazish uchun kiritish;

toʻlovchining toʻlovni masofaviy xizmat koʻrsatish tizimlaridan foydalangan holda amalga oshirishga boʻlgan roziligini yuborish.

33-modda. Toʻlov hujjatlari

Toʻlov hujjati qogʻozda tuzilgan yoki elektron shaklda shakllantirilgan hujjat boʻlib, toʻlov uning asosida yoki yordamida amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi hududida toʻlovlarni amalga oshirishda quyidagi toʻlov hujjatlaridan foydalaniladi:

toʻlov topshiriqnomasi;

toʻlov talabnomasi;

inkasso topshiriqnomasi;

memorial order;

akkreditivga ariza;

kirim va chiqim kassa toʻlov hujjatlari.

Toʻlov hujjatlarining shakllari, majburiy rekvizitlari 
va ularning mazmuniga doir boshqa talablar, elektron toʻlov vositalaridan foydalanishning oʻziga xos xususiyatlari Markaziy bank tomonidan belgilanadi.

34-modda. Elektron toʻlov vositalari

Axborotni oʻz ichiga olgan va toʻlovchiga toʻlovni amalga oshirish, shuningdek toʻlovchi bilan elektron toʻlov vositalarining emitenti oʻrtasida tuzilgan shartnomada nazarda tutilgan boshqa operatsiyalarni amalga oshirish imkonini beradigan bank kartasi yoki boshqa elektron jism elektron toʻlov vositalaridir.

Elektron toʻlov vositasini chiqarishni amalga oshiruvchi yuridik shaxs elektron toʻlov vositasining emitentidir.

Elektron toʻlov vositasining emitenti bilan tuzilgan shartnoma shartlariga muvofiq elektron toʻlov vositasidan foydalanuvchi yoki unga egalik qiluvchi jismoniy shaxs elektron toʻlov vositasini saqlovchidir.

Elektron toʻlov vositalaridan foydalanilgan holdagi toʻlovlar elektron toʻlov vositalarini saqlovchining identifikatsiya vositalari orqali tasdiqlangan roziligi asosida amalga oshiriladi.

Toʻlovni amalga oshirishda elektron toʻlov vositalarini saqlovchining roziligini taqdim etish hamda tasdiqlash tartibi va usuli elektron toʻlov vositasining emitenti va elektron toʻlov vositasini saqlovchi oʻrtasida tuziladigan shartnomada belgilanadi.

7-bob. Bank kartasi

35-modda. Bank kartasini chiqarish

Bank kartasi uni saqlovchiga elektron terminallar, aloqa kanallari orqali toʻlovlarni amalga oshirish yoki naqd pul mablagʻlarini olish yoxud valyuta ayirboshlashni amalga oshirish va bank kartasining emitenti tomonidan belgilangan boshqa operatsiyalarni bajarish imkonini beruvchi axborotni oʻz ichiga oladi. Bank kartasi debet, kredit kartasi, shu jumladan virtual (jismonan mavjud boʻlmagan) karta boʻlishi mumkin.

Bank kartalarini chiqarish va ulardan foydalanish bank kartasining emitenti hamda bank kartasini saqlovchi oʻrtasida tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Bank kartasining emitenti boshqa tashkilotlar bilan birgalikda bank kartalarini toʻlov xizmatlaridan va boshqa xizmat turlaridan foydalanuvchilarga ularning oʻrtasida tuzilgan shartnomalarda nazarda tutilgan tartibda hamda shartlarda berish uchun chiqarishga haqli.

Bank kartasining emitenti bank kartasini saqlovchi bilan shartnoma tuzilguniga qadar bank kartasini saqlovchini bank kartasidan foydalanish chogʻidagi xavfsizlik shartlari va choralari, eʼtirozlarni berish usullari va ularni koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisida xabardor qilishi shart.

Bank kartasining emitenti oʻz rasmiy veb-saytida bank kartalarining turlari va ularni berish shartlari, bank kartalaridan foydalanish chogʻidagi xavfsizlik choralari toʻgʻrisidagi axborotni joylashtiradi.

Bank kartasining emitenti bank kartasini saqlovchiga bank kartasiga xizmat koʻrsatish boʻyicha undiriladigan vositachilik haqining miqdori va uni undirish tartibi toʻgʻrisida, vositachilik haqi toʻlanmagan taqdirda qarzni hisoblash toʻgʻrisida xabardor qiladi, shuningdek bank kartasini saqlovchiga uning bank kartasiga ular oʻrtasida tuzilgan shartnomada nazarda tutilgan tartibda xizmat koʻrsatganlik uchun bank kartasini saqlovchi tomonidan vositachilik haqi toʻlanganligi faktining tasdiqnomasi taqdim etilishini taʼminlaydi.

36-modda. Bank kartasidan foydalanilgan holdagi toʻlovlar

Tovarlar va xizmatlarni chakana realizatsiya qilishni amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslar toʻlovlarning bank kartalaridan foydalangan holda qabul qilinishini taʼminlashi shart.

Toʻlov ishtirokchisining bank kartalaridan foydalanish bilan bogʻliq huquq va majburiyatlari bank kartasidan foydalangan holda amalga oshiriladigan toʻlov yakka tartibdagi tadbirkor yoki yuridik shaxs tomonidan qabul qilingan paytdan eʼtiboran yuzaga keladi.

Toʻlovlar bank kartasidan foydalangan holda amalga oshirilganda yakka tartibdagi tadbirkorda yoki yuridik shaxsda u bilan bank kartalariga xizmat koʻrsatish toʻgʻrisida shartnoma tuzgan bankka nisbatan yakka tartibdagi tadbirkor yoki yuridik shaxs tomonidan qabul qilingan toʻlov summasida pul talab qilish huquqi, bankda esa yakka tartibdagi tadbirkorning yoki yuridik shaxsning pulga doir talabini bajarish majburiyati yuzaga keladi.

Bank kartasining emitenti bank kartasidan foydalanib amalga oshirilgan operatsiyalar haqida bank kartasini saqlovchini ular oʻrtasida tuzilgan shartnomada nazarda tutilgan hollarda va tartibda xabardor qiladi. Bunday xabarnomani yuborish tartibi va uning davriyligi, shuningdek bank kartasini saqlovchini bank kartalaridan foydalanilgan holdagi operatsiyalar toʻgʻrisida xabardor qilganligi uchun bank kartasining emitenti tomonidan vositachilik haqini undirish miqdori va tartibi bank kartasi emitenti va bank kartasini saqlovchi oʻrtasidagi shartnomada belgilanadi.

Bank kartasining emitenti bank kartasini saqlovchining talabiga binoan uning bank kartasidan foydalanish bilan bogʻliq tegishli hujjatlarni va axborotni shartnomada belgilangan tartibda taqdim etishi shart.

Bank kartasining emitenti bank kartasini saqlovchiga yuborilgan 
va undan olingan xabarnomalarning ushbu xabarnomalar yuborilgan va olingan kundan eʼtiboran uch yildan kam boʻlmagan muddat mobaynida saqlanishini taʼminlaydi.

Bank kartasining emitenti bank kartasini saqlovchining arizasini ariza kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn besh kun mobaynida koʻrib chiqadi. Arizani koʻrib chiqish uchun tekshirish oʻtkazish, qoʻshimcha materiallarni soʻrab olish yoki boshqa choralar koʻrish zarur boʻlgan hollarda arizani koʻrib chiqish muddati koʻpi bilan oʻttiz kunga uzaytirilishi mumkin, bu haqda bank kartasini saqlovchiga xabar beriladi. Bank kartasidan Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida foydalanilgan taqdirda bank kartasini saqlovchining arizasi ariza kelib tushgan kundan eʼtiboran qirq besh kundan koʻp boʻlmagan muddatda koʻrib chiqiladi. Bank kartasini saqlovchiga arizani koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisida yozma yoki elektron shaklda axborot yuboriladi.

Bank kartasidan foydalanish bank kartasini saqlovchidan olingan xabarnomaga asosan bank kartasining emitenti tomonidan yoki bank kartasini saqlovchi bank kartasidan shartnomaga muvofiq foydalanish tartibini buzgan taqdirda bank kartasi emitentining tashabbusiga koʻra toʻxtatib turiladi yoki tugatiladi.

Bank kartasini saqlovchining bank kartasidan foydalanishini toʻxtatib turish yoki tugatish bank kartasini saqlovchining va bank kartasi emitentining ushbu kartadan foydalanishni toʻxtatib turish yoki tugatish paytiga qadar yuzaga kelgan majburiyatlarini tugatmaydi.

37-modda. Bank kartasidan ruxsatsiz foydalanish

Bank kartasining emitenti bank kartasini saqlovchini bank kartasi yoʻqolganligi va (yoki) bank kartasidan ruxsatsiz foydalanilganligi toʻgʻrisidagi xabarnomani tunu kun yuborish imkoniyati bilan taʼminlashi shart.

Bank kartasining yoʻqolganligi yoki undan ruxsatsiz foydalanilganligi fakti aniqlanganda bank kartasini saqlovchi bank kartasining emitentini bu haqda xabardor qiladi. Bank kartasining emitenti bank kartasi yoʻqolganligi yoki bank kartasidan ruxsatsiz foydalanilganligi toʻgʻrisida xabardor qilinmagan taqdirda barcha tavakkalchiliklar bank kartasini saqlovchining zimmasida boʻladi.

Bank kartasining emitenti bank kartasi yoʻqolganligi yoki bank kartasidan ruxsatsiz foydalanilganligi toʻgʻrisida xabarnoma olinganidan keyin bank kartasini darhol blokirovka qiladi. Bank kartasining emitenti bank kartasi yoʻqolganligi va (yoki) bank kartasidan ruxsatsiz foydalanilganligi toʻgʻrisida xabarnoma olinganidan keyin bank kartasidan ruxsatsiz foydalanganlik uchun javobgar boʻladi.

Bank kartasidan ruxsatsiz foydalanilgan taqdirda bank kartasini saqlovchi bank kartasining emitentiga bank kartasidan ruxsatsiz foydalanilganligi natijasida yoʻqotilgan pul mablagʻlari summalarining oʻrnini qoplash toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilishga haqli. Bank kartasini saqlovchining arizasi ushbu Qonun 36-moddasining yettinchi qismida nazarda tutilgan muddatlarda bank kartasining emitenti tomonidan koʻrib chiqiladi.

Bank kartasini saqlovchining arizasini koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha bank kartasining emitenti bank kartasidan ruxsatsiz foydalanilganligi natijasida yoʻqotilgan pul mablagʻlari summalarining oʻrnini qoplash haqida yoki qoplashni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

Bank kartasidan ruxsatsiz foydalanilganligi natijasida yoʻqotilgan pul mablagʻlari summalarining oʻrnini qoplash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda bank kartasining emitenti pul mablagʻlarini bank kartasini saqlovchiga qaror qabul qilinganidan keyin bir kundan kechiktirmay oʻtkazadi.

Bank kartasidan ruxsatsiz foydalanilganligi natijasida yoʻqotilgan pul mablagʻlari summalarining oʻrnini qoplashni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda bank kartasining emitenti bank kartasini saqlovchini qabul qilingan qaror haqida rad etish sabablarini koʻrsatgan holda xabardor qiladi. Bank kartasini saqlovchiga bank kartasidan ruxsatsiz foydalanilganligi natijasida yoʻqotilgan pul mablagʻlari summasining oʻrnini qoplashni rad etish uchun quyidagilar asos boʻladi:

bank kartasini saqlovchi tomonidan bank kartasidan foydalanishning shartnomada nazarda tutilgan xavfsizlik choralariga rioya etilmaganligi;

bank kartasini saqlovchining oʻz bank kartasidan foydalangan holda jinoyatlar sodir etishda ishtirok etganligi fakti aniqlanganligi.

38-modda. Bank kartalaridan foydalanilgan holda banklararo toʻlovlar boʻyicha operatsiyalarni amalga oshirishning oʻziga xos xususiyatlari

Oʻzbekiston Respublikasi banklari oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi hududida ular tomonidan chiqarilgan bank kartalaridan foydalanilgan holda amalga oshirilgan operatsiyalar boʻyicha toʻlovlarga ishlov berish hamda ularning kliringi Markaziy bank tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Markaziy bank Oʻzbekiston Respublikasi hududida Oʻzbekiston Respublikasining rezidenti boʻlgan banklar tomonidan muomalaga chiqarilgan bank kartalaridan foydalangan holda amalga oshirilgan banklararo toʻlovlar boʻyicha operatsiyalarga xizmat koʻrsatish tizimini ushbu tizimning ishlashini taʼminlash boʻyicha operatsiyalarga oid va texnologik vazifalarni muhim toʻlov tizimining operatori zimmasiga yuklatish yoki maxsus tashkilotni tuzish orqali tashkil etishga haqli.

Maxsus tashkilotning faoliyat koʻrsatish tartibi va bank kartalarining emitenti boʻlgan banklar bilan hamkorligi Markaziy bank tomonidan belgilanadi.

8-bob. Elektron pullar

39-modda. Elektron pullar tizimi

Elektron pullar tizimi operatorining elektron pullar emitenti 
va (yoki) elektron pullar egalari bilan hamkorligi orqali elektron pullardan foydalangan holda toʻlovlar va boshqa operatsiyalar amalga oshirilishini taʼminlovchi toʻlov tizimi elektron pullar tizimidir.

40-modda. Elektron pullarning emitentlari va egalari

Markaziy bank va banklar elektron pullarning emitentidir.

Oʻzbekiston Respublikasi hududida elektron pullar emitenti tomonidan chiqariladigan elektron pullar faqat milliy valyutada nominallashtirilgan boʻlishi kerak.

Elektron pullar emitenti tomonidan jismoniy shaxsga elektron pullarni ularning nominal qiymatiga teng boʻlgan pul mablagʻlari summasiga almashtirish yoʻli bilan toʻgʻridan-toʻgʻri va (yoki) elektron pullar tizimining operatori yoxud elektron pullar tizimining agenti orqali berilishini nazarda tutuvchi toʻlov xizmati elektron pullarni chiqarishdir.

Quyidagilar elektron pullarning egalari boʻlishi mumkin:

boshqa jismoniy shaxslardan, elektron pullarning emitentidan, elektron pullar tizimining operatoridan yoki elektron pullar tizimining agentidan elektron pullarni olgan jismoniy shaxslar;

elektron pullar tizimining agentlari – elektron pullar emitenti yoki elektron pullar tizimining operatori bilan tuzilgan shartnoma asosida elektron pullarni olish va jismoniy shaxslarga realizatsiya qilish operatsiyalarini amalga oshiruvchi banklar yoki toʻlov agentlari;

jismoniy shaxslardan elektron pullarni bitimlar boʻyicha toʻlov sifatida olgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslar.

Elektron pullar egasining huquqlari elektron pullarni olgan paytdan eʼtiboran yuzaga keladi.

41-modda. Elektron pullar tizimining operatori

Tegishli litsenziyaga ega boʻlgan va elektron pullar tizimining ishlashini taʼminlaydigan bank yoki boshqa yuridik shaxs elektron pullar tizimining operatoridir. Elektron pullar tizimining operatori elektron pullar emitenti bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq elektron pullar tizimining faoliyat koʻrsatish qoidalarini belgilaydi.

Elektron pullar emitenti va elektron pullar tizimining operatori oʻrtasidagi munosabatlar, agar operator elektron pullarning emitenti boʻlmasa, ushbu Qonun va ular oʻrtasida tuzilgan shartnoma bilan tartibga solinadi.

Elektron pullar tizimining operatori elektron pullar emitenti bilan tuzilgan shartnoma shartlariga muvofiq va elektron pullar emitenti tomonidan oʻziga berilgan vakolatlar asosida uning nomidan elektron pullar tizimida ishtirok etuvchi jismoniy shaxslar, elektron pullar tizimining agentlari, yakka tartibdagi tadbirkorlar 
va yuridik shaxslar bilan shartnomalar tuzishga haqlidir. Bunday holda elektron pullarning egasi tomonidan elektron pullar tizimining operatori bilan tuzilgan shartnomalar elektron pullar emitenti tomonidan chiqarilgan elektron pullardan bir tizim doirasida foydalanilganda elektron pullarning emitenti bilan tuzilgan shartnomalarga tenglashtiriladi.

Elektron pullar tizimining operatori elektron pullar tizimining ishlashini toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida belgilangan talablar va cheklovlarni hisobga olgan holda taʼminlashi shart.

Elektron pullar emitenti va elektron pullar tizimining operatori elektron pullarni chiqarish, ulardan foydalanish va ularni qoplash toʻgʻrisidagi shartnoma shartlariga muvofiq elektron pullarga ruxsatsiz ega boʻlish va (yoki) ulardan ruxsatsiz foydalanganlik, shuningdek elektron pullar emitentining dasturiy taʼminoti ishidagi yoxud elektron pullar tizimining faoliyat koʻrsatishidagi xatolar yoki uzilishlar oqibatida elektron pullar egasiga yetkazilgan zarar uchun elektron pullarning egasi oldida javobgar boʻladi.

42-modda. Elektron pullarni chiqarish va realizatsiya qilish

Elektron pullarning emitenti elektron pullarni chiqarishni jismoniy shaxslardan yoki elektron pullar tizimining agentlaridan 
oʻz zimmasiga oladigan majburiyatlarning nominal qiymatiga teng boʻlgan summadagi pul mablagʻlarini olganidan keyin amalga oshiradi.

Elektron pullar emitenti oʻzi chiqargan elektron pullarni ularning nominal qiymatiga muvofiq milliy valyutada qoplash boʻyicha soʻzsiz va chaqirib olinmaydigan pul majburiyatlarini oʻz zimmasiga oladi.

Elektron pullarning emitenti Markaziy bankni elektron pullarni chiqarish boʻyicha faoliyatni amalga oshirish boshlanganligi toʻgʻrisida xabardor qiladi.

Elektron pullarning emitenti tomonidan elektron pullar egasidan elektron pullarni chiqarganlik uchun, shuningdek elektron pullar emitenti tomonidan koʻrsatiladigan qoʻshimcha xizmatlar uchun vositachilik haqi undirish elektron pullarni chiqarish, ulardan foydalanish va ularni qoplash toʻgʻrisida tuzilgan shartnoma shartlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Elektron pullar emitenti va bu pullarning egasi boʻlgan jismoniy shaxs oʻrtasidagi munosabatlar ushbu Qonun va ular oʻrtasida tuzilgan elektron pullarni chiqarish, ulardan foydalanish va ularni qoplash toʻgʻrisidagi shartnoma bilan tartibga solinadi.

Elektron pullarni chiqarish, ulardan foydalanish va ularni qoplash toʻgʻrisidagi shartnoma tuzilguniga qadar elektron pullar emitenti yoki elektron pullar emitenti nomidan ish yurituvchi elektron pullar tizimining operatori elektron pullar tizimida ishtirok etmoqchi boʻlgan jismoniy shaxsga:

elektron pullar emitentining va elektron pullar tizimi operatorining nomi hamda joylashgan yeri (pochta manzili), shuningdek elektron pullar tizimining operatori bank hisoblanmagan hollarda 
esa uning litsenziyasi raqami toʻgʻrisida;

elektron pullardan foydalanish shartlari haqida;

elektron pullarni chiqarish, ulardan foydalanish va ularni qoplashda elektron pullar emitenti va (yoki) elektron pullar tizimining operatori tomonidan elektron pullar egasidan vositachilik haqini undirish tartibi va miqdori toʻgʻrisida;

eʼtirozlarni berish usullari va ularni koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisida, shu jumladan elektron pullar emitenti yoki elektron pullar tizimining operatori bilan bogʻlanish uchun axborot taqdim etishi shart.

Elektron pullarni chiqarish, ulardan foydalanish va ularni qoplash toʻgʻrisidagi shartnomada quyidagilar boʻlishi kerak:

elektron pullarni chiqarish (sotib olish) shartlari;

operatsiyalarni elektron pullardan foydalangan holda amalga oshirish shartlari, shu jumladan elektron pullardan foydalanish uchun belgilanadigan cheklovlar;

elektron pullar egasining elektron pullarga va ulardan foydalangan holda operatsiyalarni amalga oshirishga boʻlgan huquqlarini tasdiqlash tartibi;

elektron pullarni qoplashga taqdim etish tartibi va usullari, ularni qoplash tartibi;

elektron pullardan foydalanishda elektron pullar emitenti 
va ularning egasi oʻrtasida axborot almashish tartibi, shu jumladan elektron pullardan foydalanish nazorati yoʻqolganligi yoki bu pullardan ruxsatsiz foydalanilganligi toʻgʻrisida elektron pullar emitentiga xabar berish tartibi va muddatlari;

taraflarning oʻz majburiyatlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun javobgarligi.

Elektron pullarni jismoniy shaxslarga realizatsiya qilish 
yoki elektron pullarni jismoniy shaxslardan sotib olish elektron pullar emitenti yoki elektron pullar tizimining operatori bilan tuzilgan shartnoma asosida elektron pullar tizimining agenti tomonidan amalga oshiriladi, ushbu shartnomada taraflarning huquq va majburiyatlari, elektron pullarni realizatsiya qilish hamda sotib olish tartibi va shartlari belgilanadi.

43-modda. Elektron pullardan foydalanish

Elektron pullarning egasi boʻlgan jismoniy shaxs elektron pullardan toʻlovlarni va elektron pullar tizimining qoidalarida belgilangan hamda Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga zid boʻlmagan shartlar asosida egasidan elektron pullarni elektron pullar tizimining boshqa ishtirokchisiga oʻtkazish orqali boshqa operatsiyalarni amalga oshirish maqsadida foydalanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi hududida realizatsiya qilingan tovarlar, ishlar va xizmatlar uchun toʻlovlarni toʻlashda faqat Oʻzbekiston Respublikasi hududida chiqarilgan elektron pullar qabul qilinishi mumkin.

Yakka tartibdagi tadbirkor va (yoki) yuridik shaxs tomonidan elektron pullarni bitimlarni amalga oshirishda toʻlov sifatida qabul qilish elektron pullar emitenti yoxud elektron pullar tizimining ishtirokchisi boʻlgan boshqa bank bilan tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Bitimlarni tuzishda elektron pullar tizimidan elektron pullarni olgan yakka tartibdagi tadbirkor va (yoki) yuridik shaxsda elektron pullar emitentiga nisbatan qabul qilingan toʻlov summasidagi pulni talab qilish huquqi yuzaga keladi.

Elektron pullar emitenti va elektron pullar tizimining operatori elektron pullar tizimida firibgarlikni hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishni, terrorizmni moliyalashtirishni va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishni aniqlash, shuningdek ularning oldini olish maqsadida “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq tashkiliy hamda tartib-taomilga oid chora-tadbirlarni taʼminlash va joriy etish choralarini koʻradi.

Elektron pullar tizimining operatori “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablarining taʼsir doirasiga kiruvchi operatsiyalar haqidagi maʼlumotlarni jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha vakolatli organga taqdim etadi.

Elektron pullar emitenti jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha vakolatli organga bank hisoblanmagan elektron pullar tizimining operatorlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ular bilan tegishli shartnoma tuzilganidan keyin taqdim etadi.

Identifikatsiya qilingan elektron pullarning egasi boʻlgan jismoniy shaxs tomonidan amalga oshiriladigan bitta operatsiyaning eng koʻp summasi bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravariga teng boʻlgan summadan oshmasligi kerak.

Identifikatsiya qilinmagan elektron pullarning egasi boʻlgan jismoniy shaxs tomonidan amalga oshiriladigan bitta operatsiyaning eng koʻp summasi bazaviy hisoblash miqdoriga teng boʻlgan summadan oshmasligi kerak. Mazkur summa oshirilganda elektron pullar egasini identifikatsiya qilishni amalga oshirish zarur.

Elektron pullar egasini identifikatsiya qilish elektron pullar emitenti va (yoki) elektron pullar tizimining operatori tomonidan elektron pullar egasining shaxsan hozirligida va oʻz shaxsini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etganda yoxud qonun hujjatlari talablariga zid boʻlmagan boshqa usulda, shu jumladan masofaviy identifikatsiya qilish tizimlaridan foydalangan holda amalga oshiriladi.

Identifikatsiya qilinmagan elektron pullarning egasi boʻlgan jismoniy shaxsning bitta elektron qurilmasida saqlanadigan elektron pullarning eng koʻp summasi bazaviy hisoblash miqdorining 
besh baravariga teng boʻlgan summadan oshmasligi kerak.

44-modda. Elektron pullarni qoplash

Elektron pullar emitenti tomonidan oʻzi chiqargan, elektron pullar egasi taqdim etgan elektron pullarni ularning nominal qiymati boʻyicha teng pul mablagʻlari summasiga almashtirish amalga oshirilishini nazarda tutuvchi toʻlov xizmati elektron pullarni qoplashdir.

Agar elektron pullar emitenti va elektron pullarning egasi boʻlgan jismoniy shaxs oʻrtasida tuzilgan shartnomada elektron pullar emitentiga yoki elektron pullar tizimi operatoriga vositachilik haqi nazarda tutilmagan boʻlsa, elektron pullarni qoplash elektron pullar emitenti tomonidan elektron pullarning egasi boʻlgan jismoniy shaxsning bank hisobvaragʻiga ularning nominal qiymati boʻyicha teng boʻlgan pul mablagʻlari summasini oʻtkazish yoxud unga naqd pul mablagʻlarini berish orqali amalga oshiriladi.

Agar elektron pullar emitenti va yakka tartibdagi tadbirkor yoki yuridik shaxs oʻrtasida tuzilgan shartnomada boshqa muddat nazarda tutilmagan boʻlsa, elektron pullar emitenti yakka tartibdagi tadbirkor 
yoki yuridik shaxs tomonidan jismoniy shaxslardan bitim boʻyicha toʻlov chogʻida olingan elektron pullarni qoplashni elektron pullar kelib tushgan kun davomida amalga oshiradi.

Yakka tartibdagi tadbirkor yoki yuridik shaxs tomonidan olingan elektron pullar toʻlovchi boʻlgan jismoniy shaxsga pullarni oʻtkazishlar chogʻida qaytarish uchun ushbu Qonunda nazarda tutilgan asoslarga koʻra yoki bitim bekor qilingan taqdirda qoplanmaydi.

Agar elektron pullar emitenti yoki elektron pullar tizimining operatori va elektron pullar egasi oʻrtasida tuzilgan shartnomada elektron pullar emitentiga yoxud elektron pullar tizimining operatoriga vositachilik haqi nazarda tutilmagan boʻlsa, egalari yakka tartibdagi tadbirkorlar yoki yuridik shaxslar boʻlgan elektron pullarni qoplash ularning nominal qiymati boʻyicha teng pul mablagʻlari summasini yakka tartibdagi tadbirkorning yoki yuridik shaxsning bank hisobvaragʻiga oʻtkazish orqali amalga oshiriladi.

9-bob. Farmoyishni qabul qilish va bajarish

45-modda. Farmoyishni taqdim etish

Farmoyish topshiriqnoma yoki talabnoma shaklida (toʻlov topshiriqnomasi, toʻlov talabnomasi, inkasso topshiriqnomasi va akkreditivga ariza) qogʻozda yoki elektron tarzda taqdim etilishi mumkin.

Farmoyishni qabul qilish, shuningdek inkasso topshiriqnomasini chaqirib olish toʻlovchining banki tomonidan operatsiya kuni davomida amalga oshiriladi.

Agar farmoyish operatsiya kuni tugaganidan keyin olingan boʻlsa, bunday farmoyish toʻlovchining banki tomonidan keyingi operatsiya kuni boshlanganda olingan deb hisoblanadi.

Farmoyishni taqdim etish yoki uni chaqirib olish, shuningdek uning bajarilishini toʻxtatib turish:

tegishli elektron aloqa kanallaridan va telekommunikatsiya tarmoqlaridan foydalangan holda elektron shaklda oʻtkazish orqali;

elektron aloqa kanallaridan va telekommunikatsiya tarmoqlaridan foydalanish imkoniyati boʻlmaganda elektron jismda;

toʻlov hujjatining asl nusxasini, uni chaqirib olish yoki uning bajarilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi koʻrsatmani qogʻozda taqdim etish orqali amalga oshiriladi.

Farmoyishni elektron usulda yoki elektron jismda taqdim etishga yoki chaqirib olishga, shuningdek uning bajarilishini toʻxtatib turishga Markaziy bank tomonidan belgilangan talablarga rioya etilgan taqdirdagina yoʻl qoʻyiladi.

Agar tashabbuskor bankning mijozi boʻlsa, tashabbuskor tomonidan bankka farmoyishni taqdim etish usullari, tartibi va shartlari ular oʻrtasidagi shartnomada aks ettiriladi. Agar tashabbuskor bankning mijozi boʻlmasa, tashabbuskor tomonidan farmoyishni taqdim etish Markaziy bank tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

46-modda. Farmoyishni bajarish

Bank farmoyishni qabul qilayotganda uning shartnoma talablari 
va shartlariga muvofiqligini tekshirishi hamda uni bajarishi 
yoki bajarishni rad etishi shart.

Benefitsiarning banki rad etish sabablarini koʻrsatgan holda farmoyishni bajarishni rad etadi hamda bu haqda darhol toʻlovchiga xabar qiladi.

Agar toʻlovchi va toʻlovchining banki oʻrtasidagi shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, toʻlovchining banki tomonidan farmoyish bajarilishi uchun toʻlovchi farmoyishni bajarish uchun zarur boʻlgan pul mablagʻlarining summasini taʼminlashi shart.

Bank tomonidan farmoyishning bajarilishini rad etish quyidagi asoslarga koʻra amalga oshiriladi:

agar shartnomada toʻlovni amalga oshirish uchun toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchi tomonidan toʻlov xizmatidan foydalanuvchiga kredit ajratishga doir xizmat koʻrsatish nazarda tutilmagan boʻlsa, toʻlovni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan pul mablagʻlari summasining mavjud boʻlishini toʻlovchi taʼminlamaganda;

agar farmoyishda soxtalashtirish, tuzatish, toʻldirish va oʻchirish belgilari boʻlsa, shu jumladan farmoyish toʻlovchi va toʻlovchining banki oʻrtasidagi shartnomada belgilangan ruxsat etilmagan toʻlovlardan himoya qilish harakatlari tartibi buzilgan holda topshirilgan boʻlsa;

tashabbuskor tomonidan farmoyishni tuzish va taqdim etish tartibiga doir shartnoma shartlarida belgilangan talablarga rioya etilmaganda;

“Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida yoki Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan hollarda;

bank hisobvaragʻidan pul mablagʻlarini undirish toʻgʻrisidagi talabnoma qonun hujjatlariga muvofiq undiruv qaratilishi mumkin boʻlmagan bank hisobvaragʻiga taqdim etilgan hollarda;

ruxsat etilmagan toʻlov aniqlanganda, shuningdek benefitsiar foydasiga oʻtkaziladigan pul mablagʻlarini olishning qonunga zid faktlari aniqlangan va tasdiqlangan hollarda;

bank hisobvaragʻiga doir bajarilmagan talablar va (yoki) vakolatli davlat organlarining bank hisobvaragʻi boʻyicha xarajatlarga doir operatsiyalarni toʻxtatib turish va (yoki) bank hisobvaragʻidagi pul mablagʻlarini xatlash toʻgʻrisidagi qarorlari mavjud boʻlganda.

Farmoyishni bajarish:

agar bank benefitsiarga xizmat koʻrsatmasa, farmoyishni benefitsiarning bankiga berish;

agar toʻlovchining banki benefitsiarning banki boʻlsa, pul mablagʻlarini oʻtkazishni yakunlash;

agar bank toʻlovchiga xizmat koʻrsatsa, naqd pul mablagʻlarini toʻlash toʻgʻrisidagi farmoyishni taqdim etgan tashabbuskorga naqd pul mablagʻlarini berish orqali amalga oshiriladi.

47-modda. Farmoyishni bajarish muddati

Toʻlovchi tomonidan farmoyish taqdim etilgan operatsiya kunida bank farmoyishning bajarilishini taʼminlaydi.

Xalqaro toʻlovlar valyutani tartibga solish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida belgilangan talablarga rioya etilgan holda, farmoyish olingan paytdan eʼtiboran ikki operatsiya kunidan kechiktirmay bajariladi.

Pul mablagʻlarini benefitsiarning bank hisobvaragʻiga yoki pul mablagʻlari benefitsiarning foydasiga qabul qilinishini aks ettiruvchi boshqa hisobvaraqqa oʻtkazishga doir farmoyishni bajarish farmoyish olingan kundagi operatsiya kuni davomida benefitsiarning banki tomonidan amalga oshiriladi.

Ushbu moddaning birinchi – uchinchi qismlarida nazarda tutilgan normalar:

inkasso topshiriqnomasi, toʻlov talabnomasi yoki akkreditivga ariza orqali taqdim etilgan;

noaniq muddatlarda bajarilishi lozim boʻlgan;

kelgusidagi valyutalashtirish sanasiga ega boʻlgan;

chakana savdoda yoki elektron tijoratni amalga oshirishda tovarlar, ishlar va xizmatlarni olish uchun elektron toʻlov vositalaridan foydalanish chogʻida toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchining roziligi tarzida ifodalangan farmoyishning bajarilishiga nisbatan tatbiq etilmaydi.

48-modda. Valyutalashtirish sanasiga ega boʻlgan farmoyishni bajarish

Toʻlov hujjatida koʻrsatilgan valyutalashtirish sanasi toʻlov hujjati yozib berilgan sanadan eʼtiboran oʻn kundan oshishi mumkin emas.

Valyutalashtirish sanasiga ega boʻlgan farmoyishni bajarishda toʻlovchining pul mablagʻlari bank hisobvaragʻida zaxiraga qoʻyiladi yoki toʻlovchi bankining ichki balans hisobvaragʻiga (tranzit hisobvaragʻiga) oʻtkaziladi.

Zaxiraga qoʻyilgan pul mablagʻlarini oʻtkazish yoki toʻlovchi bankining maxsus tranzit hisobvaragʻidan pul mablagʻlarini oʻtkazish toʻlov hujjatida koʻrsatilgan valyutalashtirish sanasidan kechiktirmay, benefitsiarning banki tomonidan pul mablagʻlarini benefitsiarning bank hisobvaragʻiga oʻtkazish imkonini beradigan vaqt hisobga olingan holda, toʻlovchining banki tomonidan amalga oshiriladi.

Agar valyutalashtirish sanasi dam olish kuniga toʻgʻri keladigan boʻlsa, benefitsiarning banki valyutalashtirish sanasi deb belgilangan kundan keyingi birinchi ish kunida pul mablagʻlarini benefitsiarning bank hisobvaragʻiga oʻtkazadi.

Pul mablagʻlari toʻlov hujjatida koʻrsatilgan valyutalashtirish sanasiga muvofiq boʻlmagan operatsiya kunida benefitsiarning bank hisobvaragʻiga oʻtkazilgan taqdirda valyutalashtirish sanasiga ega boʻlgan farmoyish shartlarini buzgan bank bank hisobvaragʻi shartnomasida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.

49-modda. Toʻlovchida farmoyishni bajarish uchun zarur boʻlgan pul mablagʻlari summasi mavjud boʻlmaganda yoki yetarli boʻlmaganda farmoyishni bajarish

Toʻlovchida farmoyishni bajarish uchun zarur boʻlgan pul mablagʻlari summasi mavjud boʻlmaganda yoki yetarli boʻlmaganda farmoyishni bajarish qonunga muvofiq amalga oshiriladi.

10-bob. Toʻlovlarni yakunlash va qaytarish

50-modda. Toʻlovlarni yakunlash

Agar toʻlov naqd pul mablagʻlaridan foydalangan holda amalga oshirilsa, toʻlovni yakunlash benefitsiar yoki benefitsiar vakolatli etib belgilagan shaxs tomonidan pul mablagʻlari olingan paytda yuz beradi.

Agar toʻlov toʻlov hujjati asosida amalga oshirilsa, toʻlovni yakunlash benefitsiarning hisobvaragʻiga pul mablagʻlari kelib tushgan paytda yuz beradi.

Agar toʻlov pul mablagʻlarini oʻtkazish orqali amalga oshirilsa, toʻlovni yakunlash pul mablagʻlarini quyidagi yoʻllar bilan oʻtkazish yakunlangan paytda yuz beradi:

pul mablagʻlari kelib tushganda benefitsiarning bank hisobvaragʻi boʻyicha buxgalteriya yozuvini kiritishni amalga oshirish;

pulni oʻtkazish benefitsiar hisobvaragʻi ochilmasdan amalga oshirilganda benefitsiarning banki tomonidan benefitsiarga naqd pul mablagʻlarini haqiqatda berish;

boshqa hisobvaraq boʻyicha benefitsiar foydasiga pul mablagʻlarini qabul qilishni aks ettiradigan buxgalteriya yozuvini kiritishni amalga oshirish.

Agar toʻlov elektron pullarni oʻtkazish orqali amalga oshirilsa, toʻlovni yakunlash benefitsiar tomonidan elektron pullar olingan paytda yuz beradi. Qabul qilingan elektron pullar summasi toʻgʻrisidagi, ushbu pullar benefitsiar boʻlgan boshqa shaxs foydasiga kelib tushganligi haqida dalolat beruvchi axborotning elektron pullar tizimida aks ettirilishi elektron pullar olingan paytdir.

 

51-modda. Ruxsat etilgan va ruxsat etilmagan toʻlovlar

Agar toʻlov ushbu toʻlovni amalga oshirish vakolatiga ega boʻlgan shaxs tomonidan amalga oshirilgan boʻlsa va Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga zid boʻlmasa, ruxsat etilgan toʻlov boʻladi. Toʻlov pul oʻtkazish orqali amalga oshirilgan taqdirda, basharti farmoyish toʻlovchining banki tomonidan ruxsat etilmagan toʻlovlardan himoya qilish harakatlarining belgilangan tartibiga rioya etilgan holda qabul qilingan boʻlsa ham toʻlov ruxsat etilgan deb hisoblanadi.

Ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan talablarga rioya etilmagan holda amalga oshirilgan toʻlov ruxsat etilmagan toʻlov hisoblanadi. Qalbaki toʻlov vositalaridan foydalangan holda amalga oshirilgan toʻlov ham ruxsat etilmagan toʻlov hisoblanadi.

Bank va toʻlovchi elektron toʻlov vositalari yordamida toʻlovlarni amalga oshirish chogʻida ruxsat etilmagan toʻlovlardan xavfsizlikni taʼminlash tartib-taomillarining bajarilishini taʼminlaydi.

Ruxsat etilmagan toʻlovlardan xavfsizlikni taʼminlash tartib-taomillari toʻlovlar ishtirokchilari oʻrtasida tuzilgan shartnomalar 
va (yoki) elektron toʻlov hujjatlarini oʻtkazish amalga oshiriladigan toʻlov tizimining ishlash qoidalari bilan belgilanadi.

52-modda. Toʻlovlar boʻyicha pul mablagʻlarini qaytarish

Pul mablagʻlarini oʻtkazish chogʻida toʻlovlar boʻyicha pul mablagʻlarini qaytarish notoʻgʻri farmoyishni bajarish va pul mablagʻlarini oʻtkazish orqali amalga oshiriladigan ruxsat etilmagan toʻlov fakti aniqlangan hollarda amalga oshiriladi.

Tashabbuskor tomonidan yuborilgan farmoyish, agar unda oldingi joʻnatuvchidan olingan farmoyishning rekvizitlariga mos kelmaydigan rekvizitlar mavjud boʻlsa yoki u takroran berilgan boʻlsa, notoʻgʻri farmoyish boʻladi.

Notoʻgʻri farmoyish yoki ruxsat etilmagan toʻlov boʻyicha pul mablagʻlarini qaytarish benefitsiarning banki tomonidan benefitsiar roziligisiz mazkur pul mablagʻlari oʻtkazilgan benefitsiarning bank hisobvaragʻidagi pul mablagʻlarini olib qoʻyish orqali amalga oshiriladi.

Notoʻgʻri farmoyish yoki ruxsat etilmagan toʻlov boʻyicha pul mablagʻlarini qaytarish benefitsiarning banki tomonidan ushbu fakt aniqlangan kundan eʼtiboran keyingi operatsiya kunidan kechiktirmay, benefitsiarning bank hisobvaragʻida mavjud pul mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi, bundan bank hisobvaragʻiga doir bajarilmagan talablar va (yoki) vakolatli davlat organlarining bank hisobvaragʻi boʻyicha xarajatlar operatsiyalarini toʻxtatib turish va (yoki) bank hisobvaragʻidagi pul mablagʻlarini xatlash toʻgʻrisidagi qarorlari mavjud boʻlgan hollar mustasno.

Benefitsiarning bank hisobvaragʻida pul mablagʻlari yetarli boʻlmagan yoki mavjud boʻlmagan hollarda, notoʻgʻri farmoyish yoki ruxsat etilmagan toʻlov boʻyicha pul mablagʻlarini qaytarishni ushbu mablagʻlarni notoʻgʻri oʻtkazishga yoxud ruxsat etilmagan toʻlovga yoʻl qoʻygan shaxs ushbu fakt aniqlangan kundan eʼtiboran keyingi operatsiya kunidan kechiktirmay oʻz pul mablagʻlari hisobidan amalga oshiradi.

Pul mablagʻlari qaytarilgan taqdirda, pul mablagʻlarini oʻtkazishda ishtirok etadigan har bir joʻnatuvchi bunday pul mablagʻlarini oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan hamda pul mablagʻlarini qaytarish natijasida haqiqatda qilingan xarajatlarning oʻrni toʻlov tizimining (shu jumladan vositachi bankning) notoʻgʻri farmoyishga yoki ruxsat etilmagan toʻlovga yoʻl qoʻygan ishtirokchisining pul mablagʻlari hisobidan qoplanishi huquqiga ega boʻladi.

11-bob. Toʻlov tizimida axborotni va xavfsizlikni himoya qilishni taʼminlash

53-modda. Toʻlov tizimida axborotni himoya qilish talablari va tartibi

Toʻlov tizimida axborotni himoya qilish va uni himoya qilish vositalaridan foydalanish tartibi ushbu Qonun hamda toʻlov tizimlarining qoidalari bilan belgilanadi.

Toʻlov tizimlarining operatorlari va toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchilar:

toʻlovlar toʻgʻrisidagi axborotni shakllantirish, unga ishlov berish, uni uzatish va saqlashning barcha bosqichlarida ushbu axborotni uzluksiz himoya qilishni;

axborotning maxfiyligi va yaxlitligini, shu jumladan toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchining shaxsiga doir maʼlumotlarni himoya qilish uchun yetarli boʻlgan xavfsizlik rejimini;

axborot tizimlarida ishlash chogʻida, shu jumladan ishlab chiqish, sinovdan oʻtkazish muhiti va ish tizimida xodimlarning vakolatlarini chegaralashni;

axborot tarmoqlarini, shu jumladan Internet tarmogʻini, shuningdek serverlar va aloqa kanallarini ehtimol tutilgan hujumlardan himoya qilishni;

toʻlovlar boʻyicha maxfiy maʼlumotlardan va oʻta muhim mantiqiy hamda jismoniy resurslardan (axborot tarmoqlari, axborot tizimlari, maʼlumotlar bazalaridan, axborotni himoya qilish modullaridan) foydalanish monitoringini;

toʻlovlarni va pul mablagʻlarini oʻtkazishni amalga oshirish chogʻida axborotning himoya qilinishini taʼminlashga doir talablarning buzilishi bilan bogʻliq boʻlgan noxush hodisalarni aniqlash uchun moʻljallangan axborotni himoya qilishning tashkiliy choralari va texnik vositalari qoʻllanilishini;

axborotning himoya qilinishini taʼminlashga doir talablarning buzilishi bilan bogʻliq boʻlgan aniqlangan noxush hodisalarga nisbatan taʼsir choralari koʻrilishini;

axborotning himoya qilinishini taʼminlashga doir talablarning buzilishi bilan bogʻliq boʻlgan aniqlangan noxush hodisalar sabablarini tahlil qilishni, bunday noxush hodisalarga taʼsir koʻrsatish natijalarini baholashni taʼminlaydi.

Toʻlov tizimlari operatorlari va toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchilar:

farmoyish aloqa kanallari orqali joʻnatilganda toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchini koʻp omilli autentifikatsiya qilish tartib-taomilini qoʻllashi. Koʻp omilli autentifikatsiya mobil va aloqasiz toʻlovlarni amalga oshirish chogʻida qoʻllanilmaydi;

masofaviy xizmat koʻrsatish tizimlarida himoyalangan aloqa kanalini tashkil etishi;

hodisalarni qayd etishning tegishli daftarlarini yuritish, saqlash va tahlil qilish imkoniyatiga ega boʻlishi;

aloqa seansi doirasida Internet tarmogʻi orqali axborotni kriptografik himoya qilishning litsenziyalangan vositalaridan foydalangan holda shifrlangan shakldagi maxfiy maʼlumotlarni almashishni amalga oshirishi shart.

Toʻlov tizimlari operatorlari va toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchilar faqat toʻlov xizmatlarini koʻrsatish uchun zarur shaxsga doir maʼlumotlardan foydalanishi, ularga ishlov berishi va ularni saqlashi mumkin, bunda ular toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchidan xizmat koʻrsatish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlardan tashqari hech qanday maʼlumotlarni soʻrashga haqli emas.

54-modda. Toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchilarga doir talablar

Elektron toʻlov vositasi oʻziga taqdim etilgan toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchi elektron toʻlov vositasidan uni berish va undan foydalanish shartlariga muvofiq foydalanishi, shuningdek toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchini yoki u tomonidan koʻrsatilgan shaxsni toʻlov vositasi yoʻqolganligi, oʻgʻirlanganligi, oʻzlashtirilganligi yoki undan ruxsatsiz foydalanilganligi toʻgʻrisida darhol xabardor etishi shart.

55-modda. Xavfsizlikni taʼminlash bilan bogʻliq tavakkalchiliklar

Toʻlov tizimlari operatorlari va toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchilar operatsiyalarga doir tavakkalchiliklarni hamda toʻlov xizmatlarini koʻrsatish chogʻida xavfsizlikni taʼminlash bilan bogʻliq tavakkalchiliklarni kamaytirish va nazorat qilish choralari tizimini taʼminlashi shart. Toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchilar noxush hodisalarga taʼsir koʻrsatishning samarali tartib-taomillarini ishlab chiqishi va saqlab turishi shart.

Toʻlov tizimlari operatorlari va toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchilar har yili, kelgusi yilning birinchi aprelidan kechiktirmay Markaziy bankka xavfsizlikning taʼminlanish holati toʻgʻrisida hisobot taqdim etishi shart.

56-modda.Toʻlov tizimlari operatorlarining, toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchilarning va tashabbuskorning axborotni himoya qilishni taʼminlash boʻyicha javobgarligi

Toʻlov tizimlari operatorlari va toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchilar toʻlov tizimlari yordamida ishlov beriladigan axborotni himoya qilish yuzasidan qonun hujjatlarida va toʻlov tizimlari qoidalarida belgilangan talablarni bajarishi shart.

Agar ruxsat etilmagan toʻlovlar tashabbuskorning firibgarlik harakatlari natijasida yoki oʻzining identifikatsiyalash vositalari himoya qilinishini taʼminlash uchun choralar koʻrmaganligi oqibatida sodir etilgan boʻlsa, tashabbuskor ruxsat etilmagan toʻlovlar tufayli yetkazilgan zararlar uchun javobgar boʻladi.

57-modda. Axborot xavfsizligi sohasida toʻlov tizimlari operatorlari va toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchilar ustidan nazorat qilish

Axborot xavfsizligi sohasida toʻlov tizimlari operatorlari 
va toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchilar ustidan nazorat Markaziy bank tomonidan amalga oshiriladi.

Axborot xavfsizligi rejimi buzilgan taqdirda, toʻlov tizimlari operatorlari va toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchilar qoidabuzarlik aniqlanganidan keyin bu haqda hamda uning oqibatlarini kamaytirish uchun koʻrilayotgan choralar toʻgʻrisida Markaziy bankka tezkorlik bilan xabar berishi shart. Markaziy bank toʻlov tizimlarining axborot xavfsizligi rejimi buzilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirishni va yuritishni amalga oshiradi.

12-bob. Yakunlovchi qoidalar

58-modda. Toʻlovlar boʻyicha majburiyatlar bajarilishini taʼminlash

Toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchi tomonidan toʻlovlarni amalga oshirish muddatlari buzilgan taqdirda, u muddati oʻtkazib yuborilgan har bir kun uchun muddati oʻtgan toʻlov summasining 0,1 foizi miqdorida, biroq muddati oʻtgan toʻlov summasining 10 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda penya toʻlashi shart.

Toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchining aybi bilan toʻlov notoʻgʻri amalga oshirilgan taqdirda, u xato aniqlangan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay pul mablagʻlarini oluvchining hisobvaragʻiga oʻtkazishi shart. Aks holda, toʻlovchi qonunda belgilangan tartibda toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchidan mablagʻlarni qaytarishni, shuningdek muddati oʻtkazib yuborilgan har bir kun uchun notoʻgʻri amalga oshirilgan toʻlov summasining 0,1 foizi miqdorida, biroq notoʻgʻri amalga oshirilgan toʻlov summasining 10 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda penya toʻlashni talab qilish huquqiga ega.

59-modda. Nizolarni hal etish

Toʻlovlar va toʻlov tizimlari sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

60-modda. Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.

61-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati

va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash

Markaziy bank ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.

62-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.

Toʻlov tizimlari operatorlari va toʻlov tashkilotlari faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar ushbu Qonun kuchga kirgandan soʻng uch oy mobaynida oʻz faoliyatini mazkur Qonun talablariga muvofiqlashtirishi shart.

63-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti                             Sh. Mirziyoyev

Toshkent shahri,

2019-yil 1-noyabr

№ OʻRQ—578


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?