Tolimarjon gaz koni dastlabki mahsulotini bera boshladi

15:36 19 Mart 2019 Jamiyat
416 0

Keyingi oʻn yillardan buyon ishlatilmay kelayotgan Tolimarjon gaz konidagi quduqlar qayta tiklanishi natijasida mahsulot qatlami ochildi va yuqori bosimdagi dastlabki “zangori olov” chiqa boshladi.

Ushbu loyiha Amerika Qoʻshma ShtatlariningEpsilon Development LLC kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda.

Kompaniya matbuot xizmatining ”Xalq soʻzi”ga xabar berishicha Epsilon Development kompaniyasi tomonidan davlat xususiy sherikchilik asosidagi kelishuvga koʻra mamlakatimizdagi Kultogʻ-Qamashi, Muborak, Surxon, Ashibuloq, Koʻshquduq va Gʻarbiy-Fargʻona investitsiya bloklarida geologiya qidiruv ishlari olib boriladi. Ushbu bloklarga yoʻnaltiriladigan umumiy investitsiya hajmi 5,2 mlrd. dollarni tashkil qiladi.

Kultogʻ-Qamashi investitsiya blokiga kiradigan Tolimarjon koni quduqlarining dastlabkisidan olinayotgan gaz hajmi bir kecha kunduzda 250 ming kubometrni tashkil etmoqda. Ushbu natijaga quduqlarning qayta tozalanib, ishga tushirilishi evaziga erishildi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha mahsulot qatlamiga qayta ishlov berish (tozalash) hisobiga keyingi quduqlar mahsuldorligini bir kecha kunduzda 350 ming kubometrga yetkazish mumkin.

- Tolimarjon konidagi ikkita quduqdan ochilgan tabiiy gazni Shoʻrtan gazni qayta ishlash korxonalariga uzatish uchun tayyorgarlik koʻrilmoqda, -deydi kompaniya bosh geologi Oʻlmaskamol Abdaliyev. – Kondan quvurlar tortilib, gaz qayta ishlash korxonalariga yuboriladi va tozalangan gaz birinchi navbatda aholi hamda ishlab chiqarish korxonalari ehtiyojlari uchun ichki bozorga yetkazib beriladi.

Mazkur investitsiya blokida aniqlangan gaz zaxirasi 69,3 milliard kubometrni tashkil etadi. Loyiha boʻyicha ushbu blokda 1000 kvadrat kilometr maydonda 3D va4D uslubidagi seysmoqidiruv ishlarini amalga oshirib, 22 ta qidiruv, 66 ta razvedka va 45 ta foydalanish uchun quduqlar qazish moʻljallanmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?