Tingla, dunyo!

16:51 23 Sentyabr 2020 Siyosat
987 0

Gapning ochigʻi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti haqida koʻp eshitganmanu, biroq sira ham mohiyatiga yetmagan ekanman. Balki bunga ehtiyoj boʻlmagandir. Yaqinda OAV orqali Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi ishtiroki va u yerda ilk bor oʻzbek tilida nutq soʻzlashidan xabardor boʻldim.

Bu xushxabarni eshitdimu, yuragimga olov kirdi. Nahotki, bir vaqtlar kamsitilgan, xoʻrlangan OʻZBEK TILIM dunyoning eng yuksak minbaridan yangrasa?! Nahotki, jahon xalqlari ona tilimning ovozini eshitsa, jaranggini tinglasa?! Nahotki...

BMT haqida maʼlumotlar izlab qoldim: Birlashgan Millatlar Tashkiloti qisqacha BMT 1945-yil 24-oktyabr kuni tashkil topgan ekan. Mazkur tashkilot dunyo tinchligi va xavfsizligini saqlash hamda millatlararo iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hamkorlikni yoʻlga qoʻyishni oʻz oldiga maqsad qilgan.

BMT oʻzini xalqaro maydonda butun davlatlarda adolat va xavfsizlikni, iqtisodiy rivojlanish va ijtimoiy tenglikni taʼminlashni reja qilgan tashkilot deb baholanadi. Uning shartnomasi xalqaro kuch ishlatishni man qilgan dastlabki bitim hisoblanadi. Tashkilot AQSHning Nyu-York shahrida joylashgan va aʼzo davlatlar bilan har yili muntazam ravishda yigʻilishlar oʻtkazilib boriladi. Tuzilish jihatidan Umumiy Kengash, Xavfsizlik Kengashi, Iqtisodiy va ijtimoiy Kengash, Bosh kotiblik va Xalqaro Adolat Devonidan iboratdir.

BMT tuzish fikri dastlab, Ikkinchi jahon urushi tugagandan soʻng, urushda gʻolib boʻlgan davlatlar tomonidan, davlatlararo kelishmovchiliklarni bartaraf etib, kelgusida yuz beradigan va xavfsizlikka raxna soladigan urushning oldini olish maqsadi dunyoga kelgan.

Mana, BMT mana shunday tashkilot ekan va u yer sharimizdagi aʼzo davlatlarning xolidan xabardor boʻlguvchi, nazorat qilguvchi kuch sifatida faoliyat olib bormoqda.

Balki, oddiy odam uchun BMT haqida bundan ortigʻini bilish kerak ham emasdir. Shuning uchun qisqa va loʻnda qilib, oʻzim anglaganlarimni sizlarga ham ilindim.

Toʻgʻri, oʻtgan gal ham bu minbardan turib birinchi marta Muhtaram Prezidentimiz nutq soʻzlaganlaridagi quvonchimiz hamon yodimizda. Oʻshanda tashkilot peshtoqida koʻplab mamlakatlarning bayroqlari qatori bizning ham bayroq hilpirab turganini koʻrib, gʻurur va hayajonga tushganmiz. Bejizga Davlat gerbi, Davlat bayrogʻi kabilarni tashkil qilinmaganiga amin boʻlasan. Qiziq, har qadamda uchratadigan bayrogʻingning qadrini chetga chiqqaningda, dunyo millatlari orasiga tushganingdagina bilasan. Uning hilpirashi joningni hilpiratadi, uning viqori qaddingni togʻ qiladi.

Va nihoyat, bugun birinchi marta jahon minbaridan Oʻzbek tilim, Ona tilim jaranglaydi!

Bu juda katta bayram! Yer yuzida yashayotgan barcha oʻzbeklarning bayrami bu!

Bu sharaf bayrami, iftixor tantanasi!

Ey, dunyo, eshit, ming yillar nur sochgan Yusuf Xos Hojibning ovozini tingla! Yassaviy hikmatlari, Najmiddin Kubro hayratlari, Ibn Sino shifolari, Navoiyning navolari bor unda! Imom Buxoriy hadislari, Naqshbandiy tariqatiyu Ulugʻbekning samolari bor unda!

Ey, dunyo, eshit! Jahonga har qishlogʻidan olim, shoir, avliyo, valiy bergan saxiy yurtning ovozi bu!

Tingla, bugun YURT BOSHIM soʻylamoqda! U Mashrab tilida, Zavqiy, Muqimiy, Furqat, Uvaysiy, Nodirabegimlarning nazm tilida soʻylamoqda!

Tingla, u , Qodiriy, Fitrat, Choʻlpon, Usmon Nosir, Avloniy hasratlari, orzulari tilida soʻylamoqda!

Tingla, Oʻzbek degan tanti millatning, mard oʻgʻloni soʻylamoqda. U onasi, ayoli, singlisi, qizining allalari kabi mayin, Alpomish, Amir Temur, Manguberdilar tilidek keskir va salobatlidir!

Unda bulbullar xonishi, shamollar shiddati, yomgʻirlar shiviriyu rayhonlar ifori bor!

Oʻz ona tili boʻlmish OʻZBEK tilida Oʻz yurtining BEGI – Prezidenti soʻylamoqda!

Tingla, dunyo, tingla, koinot!

Farida BOʻTAYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?