“The Independent” O‘zbekistonga kelishning 8 sababini keltirdi

18:58 22 May 2018 Welcome to uzbekistan
366 0

Buyuk Britaniyaning dunyoga mashhur “The Independent” gazetasida sayohatchi jurnalist Kler Vutning O‘zbekistonda boshdan kechirgan ajoyib sarguzashtlari haqidagi maqolasi chop etildi. 

“Mamlakat nihoyatda go‘zal va ko‘p qirraliki, uni anglab yetish qiyin”, - deb yozadi muallif. Materialda O‘zbekistonga tashrif buyurishning sakkizta sababi keltirib o‘tilgan. 
Quyida shular bilan tanishtirib o‘tamiz.

Samarqandning ajoyib yodgorliklari

Foto: fotohram.ru

Kler Vutning so‘zlariga ko‘ra, XV asrdayoq qurilgan Amir Temur maqbarasi asrlar davomida turli davlatlardan kelgan me’morlarni ilhomlantirib kelayotgan noyob arxitekturaga ega.
“Binoning ichki devorlari o‘zida tebranib turgan doiraviy naqshlarni yaratib, oltin va asl moviy ranglarda nur sochib turibdi”, deb yozadi u.

Naqshinkor plitkalar Yevropadagi eng yaxshi binolar bilan raqobatlashishga qodir

O‘z navbatida muallif shu kabi murakkab va nafis sopol plitkalarni yasay olgan ajdodlarimiz mahoratiga yuqori baho bergan.

Foto: fotohram.ru

“Ular turli shakllarga ega: qadama kvadratlar, geometrik yoki rangli bezaklar, ularning tusi esa to‘q ko‘kdan yorqin moviygacha almashib tura oladi”, - deb yozadi jurnalist.

Bu yerda (hozircha) turistlar u qadar ko‘p emas

Foto: sputniknews-uz.com

“Oxirgi paytlarda O‘zbekiston tashqi olamga ochilayapti, ko‘plab davlatlar fuqarolari uchun soddalashtirilgan viza tizimini tatbiq etmoqda, yirik shaharlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslarni yo‘lga qo‘yailayotir. Shunday ekan yaqin kunlar ichida respublika dunyoning turli burchaklaridan kelgan turistlarga to‘lib ketadi. Binobarin, O‘zbekiston tomon uning go‘zalligidan to‘liq lazzat olish maqsadida shoshilganingiz ma’qul”, - deb qayd etadi Kler Vut.

Meva va sabzavotlarning qiyosi yo‘q ta’mi

U o‘zbek zaminida yetishtirilgan mevalar haqida to‘lqinlanib so‘zlaydi. Shu munosabat bilan turistlarga bu diyorga deyarli barcha mevalar g‘arq pishadigan va ularning super mazasidan tatib ko‘rish imkoniyati bo‘ladigan yoz faslida borishni tavsiya etadi.

Foto: FoodandHealth

Qalam ustasi o‘zbek milliy taomlariga ham yuqori baho bergan. Milliy dasturxonimiz qiroli – palovni achchiq-chuchuk va shirmoy non bilan tortilishini alohida ta’kidlaydi.

Toshkent metrosining noyob go‘zalligi

“Poytaxtning yerosti go‘zallik dunyosi” deya Toshkent metropoliteniga qiyos beradi britaniyalik muxbir. “Barcha bekatlar nozik did bilan bezatilgan, noyob dizaynga ega va bular insonni ilhomlantiradi”, deydi u. Va davom etadi:

Foto: mytashkent.uz


“Hatto “Mustaqillik” stansiyasidagi ar-deko uslubidagi oltinrang silindr shaklidagi chiroqlar ham o‘zicha san’at namunasidir. Yerostida suratga olish hozircha taqiqlangan, lekin hech qayerga ketmayotgan bo‘lsangiz ham, u joyni ko‘rsangiz arziydi”

Toshkent arxitekturasi

“Megapolisning katta qismi 1966 yilgi dahshatli zilziladan so‘ng vayronaga aylangan edi”, - deb yozadi muallif. - Shundan so‘ng shahar tiklandi va bugun bu yerda mumtoz yevropacha usul bilan an’anaviy sharqona me’morchilik uyg‘unlashganini ko‘rish mumkin. Ko‘m-ko‘k bog‘larga burkangan O‘zbekiston poytaxti bulvar va xiyobonlarga boy”.

Foto: kitv.livejournal.com

Toshkent aholisi va mehmonlarining sevimli xordiq chiqarish maskanlaridan biri sanalgan “Mustaqillik” maydoni latofatiga alohida urg‘u berilgan maqolada.

Tegilmagan tabiat

“Shahardan chiqar ekansiz, adog‘i yo‘q kengliklar qatori tog‘ manzaralari guvohiga aylanasiz. Toza ko‘llar va plyajlar, qadimgi yodgorliklar xarobalari, tuyada, katerda sayr qilish – bularning barchasi bir mamlakatda mujassamlangan”, deydi muallif.

Foto: National Geographic

Sarguzasht imkoniyatlari

Materialda O‘zbekistonga sayohat qilish arzonga tushishiga to‘xtalib o‘tilgan. Masalan, muallifning hisob-kitobiga ko‘ra Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xivaga sakkiz kunlik tur bir nafar britaniyalik turistga 1390 funtdan tushadi. Xalqaro reyslardan tashqari mazkur narx o‘z ichiga yashash, ovqatlanish, ichki transport, gidlar xizmatidan foydalanish va barcha tarixiy yodgorliklarga borish imkoniyatini qamrab oladi.

Foto: uzairways.com

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?