“The Forbes”: Oʻzbekiston Buyuk ipak yoʻlining markazi sifatidagi tarixiy roliga qaytmoqda

09:40 03 Oktyabr 2020 Siyosat
671 0

Amerikaning nufuzli “The Forbes” nashrida “Biz Markaziy Osiyoda barqarorlikni taʼminlashda katta umid boʻlgan Oʻzbekistonga eʼtibor qaratishimiz kerak” sarlavhali maqola chop etildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Materialda Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar tahlil qilingan.

Xususan, davlatimizning paxta dalalarida majburiy mehnatni bekor qilish, gender tengligi va qonun ustuvorligini taʼminlash, demokratik islohotlar oʻtkazish, korrupsiyaga qarshi kurashish, yoshlar bandligiga erishish kabi masalalardagi sezilarli yutuqlari, shuningdek, Afgʻonistonda barqarorlikka erishish jarayonidagi faol ishtiroki alohida qayd etilgan. “Oʻzbekiston qisqa muddat ichida, kutilmaganda, goʻyoki uzoq vaqtlik uyqusidan uygʻonib, atrofdagi davlatlarga yangi davrga qanday oʻtish mumkinligi boʻyicha oʻrnak boʻldi. Mamlakat koʻp jihatdan Buyuk ipak yoʻlining markazi sifatidagi tarixiy roliga qaytmoqda",  — deb yozadi mustaqil jurnalist Melik Kaylan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasidagi “taʼsirchan nutqi”ni tahlil qilar ekan, maqola muallifi mamlakatimiz rahbarining mavjud kamchiliklarni aniq va xolis belgilashdagi qatiyatini taʼkidlagan. Davlat rahbari bunday saʼy-harakatlarga haqli ekanin qayd etarkan, jurnalist avval oldga qoʻyilgan maqsadlarga erishishda katta yutuqlar qoʻlga kiritilganini eʼtirof etadi: “milliy parlament tarkibidagi xotin-qizlar safi ikki baravarga kengaydi, qoʻshni davlatlar bilan savdo-sotiq hajmi besh baravarga oshdi».

Nashr Oʻzbekistonga tarixiy nuqtayi nazardan nigoh tashlab, quyidagi satrlarni bitgan: «Ipak yoʻli sivilizatsiya tarixida global qutblar, asosan Gʻarb va Sharq oʻrtasida quruqlik orqali turli mahsulotlar, gʻoyalar, texnologiyalar, tillar va, eng avvalo, madaniyatlar almashinuvini amalga oshirish uchun hayot chizigʻi vazifasini oʻtagan. Asrlar, hatto ming yillar davomida u dunyoning markaziy qon tomiri boʻlgan. Ipak yoʻli asosini hozirgi Oʻzbekiston hududi, uning shahar va vohalari tashkil qilgan. Sharqdan yoki gʻarbdan choʻllar orqali karvonlarda harakatlanayotgan, horigan sayohatchilar va savdogarlar ufqda qandaydir sarob koʻtarilishi, miltillab koʻzga tashlanayotgan istehkomlarni qamrab olgan yashillik, koʻngilga yoqadigan xush havo, mevali daraxtlar va gullab-yashnayotgan oʻsimliklar haqida orzu qilgan. Afsonaviy Buxoro, Xiva va Samarqand nomlari hashamatli boylik va qadimiy urf-odatlarni oʻzida mujassam etgan. Tut, ipak va anor. Yer yuzidagi eng lazzatli qovunlar. Betakror matolar. Bozorlardagi qimmatbaho toshlar va nafis taqinchoqlar. Falsafa, musiqa, matematika, nafis miniatyura sanʼati. Oʻzbekiston asrlar davomida dunyo ongida oʻzgarmas oʻrinni egallab kelgan. Mamlakat ushbu oʻziga xoslikni yana qaytarishi mumkin».

Prezident Shavkat Mirziyoyevning keng koʻlamli islohotlari haqida hikoya qilar ekan, muallif quyidagilarni yozadi: “U shunchalik ulkan, oʻta radikal oʻzgarishlarni boshladiki, ularni "oʻzbek bahori” deb atash mumkin. 2019-yil iyul oyida mamlakat qanday qilib kutilmaganda va ishonchli tarzda biznes uchun ochilgani haqida yozgan edim. Men oʻshanda kapital bozorlariga bagʻishlangan seminarda qatnashgandim. Unda oʻzbekistonlik (asosan yosh) bankirlar va sanoatchilar Uoll-strit idoralari vakillariga yangi sharoitda erta investitsiyalar kiritish afzalliklari toʻgʻrisida maʼlumot berishardi. Men Kapital bozorini rivojlantirish agentligining (CMDA, AQSH Qimmatli qogʻozlar va birjalar boʻyicha komissiyasining Oʻzbekistondagi oʻxshash tashkiloti) yosh, Amerikada taʼlim olgan direktori Otabek Nazirov bilan suhbatlashdim. Meni uning samimiyligi va masalaga real nigoh bilan qarashi taʼsirlantirdi. Vazir darajasidagi amaldorning bu yangi xususiyati Oʻzbekistonda boshqaruv tizimida sezilarli inqilob roʻy berganidan dalolat edi».

Maqolada, shuningdek, oʻtgan yili “The Economist” jurnali Oʻzbekistonni “Yil mamlakati”, deb eʼlon qilgani esga olinadi va bunday eʼtirofga majburiy mehnat muammosi hal etilgani, amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar va demokratlashtirish jarayoni sababli erishilgani taʼkidlangan.

“2019-yil dekabr oyida «The Economist” jurnali Oʻzbekistonni yil mamlakati, deb atadi. Mamlakat islohotlar koʻlami va barcha yoʻnalishlardagi ijobiy oʻzgarishlarda hammadan oʻzib ketdi, - deb yozadi “The Forbes” muallifi. – Bu, albatta, sodir boʻldi. Avvallari inson huquqlari himoyachilarini jiddiy tashvishga solgan bolalar mehnati deyarli bekor qilindi. Oʻnlab siyosiy mahbuslar ozod qilindi - bu bir muncha vaqt Shimoliy Koreya bilan taqqoslangan joy uchun moʻjiza edi. Qoʻshni Afgʻonistonni iqtisodiy munosabatlar, savdo-sotiq orqali barqarorlashtirishga qaratilgan saʼy-harakatlar kuchaytirildi, shu jumladan afgʻon chegarasi yaqinida yirik erkin savdo markazi tashkil etildi. Hukumat tarkibida ishlash uchun butun dunyodan koʻplab isteʼdodli shaxslar jalb qilindi».

“The Forbes” maqolasida Oʻzbekistonda olib borilayotgan iqtisodiy siyosat, jumladan, pandemiya sharoitida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar tahlil qilingan. Bu haqda, xususan, shunday deyilgan: “Birinchidan, iqtisodiyot tez oʻsdi. Oʻzbekiston dunyodagi eng yirik oltin eksport qiluvchi davlatga aylandi. Bu holat, shuningdek, soʻnggi paytlarda Covid-19 tufayli global talabning oshishi sababli metall narxining koʻtarilishi iqtisodiy salomatlikning ajoyib koʻrsatkichiga olib keldi: Oʻzbekiston Covid-19 inqirozi davrida retsessiyaga tushmagan noyob mamlakatga aylandi. Ammo mamlakat asl maqsad - iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, yaʼni xomashyo eksportidan mahsulot ishlab chiqarishga oʻtish va yuqori texnologiyali sektorni ishga tushirish sari odimlamoqda”.

Maqola muallifi iqtisodiy mavzuni davom ettirar ekan, biznes yuritishni qoʻllab-quvvatlovchi xorijiy va mahalliy mablagʻlar oqimini saqlab qolish, xususiy sektor ishtirokini oshirish uchun shaffoflik, mahsuldorlik va davlat tasarrufidagi sanoat tarmoqlarini xususiylashtirish kabi standart shartlar qoʻllanilayotgani haqida hikoya qiladi. “Shu maqsadda mamlakat «FTSE” (The Financial Times Stock Exchange – Financial Times fond birjasi) va MSCI (bosh qarorgohi Nyu-Yorkda joylashgan Amerika moliya kompaniyasi) kabi umum eʼtirof etilgan indekslarga qoʻshila olish uchun yetakchi xalqaro tashkilotlar bilan eng ilgʻor universal standartlarga muvofiq qonunlar va boshqa normativ hujjatlar yaratish ustida ishlamoqda», - deyiladi maqolada.

“The Forbes” Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi amalga oshirilayotgan choralarga ham alohida eʼtibor qaratgan. «Hukumat korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha agentlik tashkil qildi, - deb yozadi Melik Kaylan. – Kampaniya shu qadar faol tus oldiki, unda Oʻzbekiston fuqarolari ishtirok etib, ijtimoiy tarmoqlarda korrupsiya mojarolariga oid dalillarni eʼlon qilmoqda va jinoyatchilarni fosh etmoqda. Tanqidlardan xoli, tizimli pora uchun avtomatik ravishda jazo olinmagan kunlar ortda qoldi».

Maqola xulosasida Oʻzbekiston oʻz rivojlanish modelini ishlab chiqqani, bunda siyosat va iqtisodiyot oʻrtasida muvozanat iqtisodiyotga koʻproq yon bosish orqali erishilayotgani taʼkidlangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?