Terrorchilik tashkilotiga qoʻshilgan, xorijda yetti farzandi boʻlgan 36 yoshli ayolning achchiq qismati. Sud unga qanday jazo berdi?

15:13 25 May 2020 Jamiyat
525 0

...Hammasi Manzuraning xorijiy davlatga ishlayotgan onasining yoniga borganidan boshlandi. Qiz bu yerda onasining istagiga koʻra, moʻmin- qobil koʻringan, asli qoʻshni davlatlik Qulmuhammad ismli yigitga turmushga chiqdi. Shaʼriy nikohdan oʻtishdi.

Keyin esa Qulmuhammad Manzurani namoz oʻqishga oʻrgatdi. Roʻmol oʻrab yurishi kerakligini aytdi. Oʻzicha diniy bilimlarni qulogʻiga quyishga kirishdi. Farovon turmushga qanday erishish mumkinligi haqidagi safsatalarni miyasiga singdirdi. Yosh, gʻoʻr, hayotning past-balandini bilmagan Manzura shu tariqa yot gʻoyalar taʼsiriga tushib qoldi.

Bu orada turmush oʻrtogʻining yurtiga kelishdi. Farzandli boʻlishdi. Keyin esa Qulmuhammadning xohishiga koʻra, Manzura xorijga chiqishga oid zarur hujjatlarni tayyorlab, Ozarbayjonga yoʻl oldi. Er-xotin Boku orqali Turkiyaga, undan Eron Islom Respublikasiga oʻtishdi. Oʻzlariga oʻxshagan bir guruh xom sut emgan bandalar bilan jinoiy til biriktirib, Pokiston hamda Afgʻoniston Islom Respublikasi hududidagi taqiqlangan “Turkiston Islom Harakati” terrorchilik tashkilotiga borib qoʻshildilar.

Bu orada Manzura birin-ketin farzandli boʻldi. Turmush oʻrtogʻi esa terrorchilar bilan ketar, togʻli mintaqalarda jangovar taʼlim olar, qaytib kelganida esa “hijrat” qilish kerakligini aytardi. Bir gal Manzura unga “Turkiyaga ishlash uchun olib kelgan edingiz, ammo Turkiyadan Eronga, Erondan esa endi Pokistonga ketamiz deyapsiz, men u yerlarga bormayman” deganida turmush oʻrtogʻi “Farzandlaringni menga tashlab, oʻzing yashash joyingga qaytib ketaver” dedi. ”Bolalarim uchun u yerda qolishga majbur boʻldim”, deydi u keyinchalik sudda bergan koʻrsatmasida.

Har qanday ishning ham nihoyasi bor. Qulmuhammad qora niyatli sheriklari bilan ketganicha qaytib kelmadi. Maʼlum boʻlishicha, hukumat qoʻshinlari bilan jangda u halok boʻlgan. Shundan soʻng Manzura maʼlum bir muddat oʻtgach, terrorchi guruh aʼzolaridan biriga turmushga chiqdi. Yana farzand koʻrdi. Hali 36 yoshga kirmay turib, jami yetti farzandning onasi boʻldi. Uning begona yurtlarda qanaqangi kunlarni boshidan kechirganini eshitgan kishi “Ey, banda, “Oʻzga yurtda shoh boʻlguncha oʻz yurtingda gado boʻl”, degan naql bor. Senga shu koʻrguliklar zarurmidi?Nahotki, kelajagingni, yaqinlaringni, senga oq sut berib katta qilgan, “bolam” deb asrab-avaylagan ona-yurtingni oʻylamading?” degan savollarni berishi tayin.

Qarangki, xalqimiz, davlatimiz kechirimli. Bagʻrikeng. Gʻamxoʻr. Adashgan, aldangan, yot ellarda ne-ne kechmishlarga duchor boʻlgan bir guruh ayollarni farzandlari bilan Vatanga qaytardi. Ular orasida biz ayrim mulohazalarga koʻra ismi-sharifini Manzura, deb oʻzgartirganimiz ayol ham bor. Tabiiyki, Manzura Gʻafforova ham oʻz qilmishi uchun sud oldida javob berdi. Jinoyat ishlari boʻyicha Gʻijduvon tuman sudi sudyasi B.Achilov raisligida oʻtgan majlisda u Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 2442-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi va unga shu modda bilan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 57-moddasi qoʻllanilib, 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Istam IBROHIMOV,

”Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?