Teran tomirlar

16:44 20 Sentyabr 2019 Madaniyat
206 0

Dunyoda tillar koʻp. Shu qatorda tillarning “oilasi” ham bor. Boshqacha aytganda, muayyan tillarni umumlashtiruvchi, birlashtiruvchi, oʻzaro bogʻlovchi jihatlari boʻladi. Bunga misol tariqasida turkiy tillar oilasini keltirish mumkin. Bu oilaga oʻzbek, turk, ozarboyjon, qozoq, qirgʻiz, turkman va yana bir qancha tillar mansubdir. Olimlarning tadqiqotiga koʻra, “turk” atamasi paydo boʻlganiga 3 ming yildan oshgan. Turkiy tilli xalqlarning tarixi undan-da qadimiyroqdir.

Ana shu qadim xalqlar orasida oʻzbek millati alohida oʻrin tutadi. Zero, turkiy xalqlar madaniyati, tili rivojlanishida bizning buyuk ajdodlarimizning xizmatlari beqiyos. Quvonarlisi shundaki, ulugʻ bobolarimiz yaratgan bebaho asarlar, noyob kashfiyotlar nafaqat turkiy tilli xalqlar, balki jahon sivilizatsiyasiga salmoqli hissa boʻlib qoʻshilgan va ular hozirgacha oʻz ahamiyatini, qimmatini yoʻqotmagan. Mahmud Qoshgʻariyning “Devonu lugʻatit turk” asari, Muhammad Xorazmiyning oʻnlik sanoq tizimi, zamonaviy algoritm va algebra borasidagi tadqiqoti, Ahmad Fargʻoniy yaratgan miqyosi Nil uskunasi, Mirzo Ulugʻbekning “Ziji Kurogoniy” asari shular jumlasidandir.

Bular haqida fikr yuritar ekanmiz, buyuk bobomiz Amir Temurning “Biz turkning bosh boʻgʻinimiz” degan gapi esga kelaveradi. Binobarin, Sohibqiron hukmronligi davrida turkiy xalqlar, birinchi navbatda, oʻzbek millatining shon-shuhrati olamga yoyildi. Amir Temur xalqimizning asriy anʼanalarini rivojlantirdi, boyitdi, dunyoga yoydi. Davlatining poytaxti boʻlgan Samarqandda va oʻz qoʻl ostidagi boshqa shaharlarda nodir yodgorliklar bunyod etdi. Shahrisabzda barpo etgan Oqsaroyga “Bizning qudratimizga shubha qilsangiz biz qurgan imoratlarni koʻring”, deb yozdirdi. Koʻryapsizmi, Sohibqiron bobomiz oʻz qudratini qilich, qurol bilan emas, bunyodkorlik ishlari bilan namoyon etgan. Bu bilan qudratli davlat boqiy inshootlar quradi, degan fikrni ilgari surgan.

Millatimizning urf-odatlari, anʼanalari tarixi ham gʻoyat qadimdan boshlangan. Bular qatoriga baxshichilik, maqom sanʼatimiz, tasviriy sanʼatimizni ham qoʻshish mumkin. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Shahrisabzda xalqaro maqom festivali, Termizda xalqaro baxshilar festivali, Qoʻqonda xalqaro hunarmandlik festivali oʻtkazilgani bu sanʼat turlari yurtimizda azal-azaldan, necha ming yillar ilgari mavjud boʻlganidan dalolat beradi. Buni ushbu festivallarda ishtirok etgan, turli mamlakatlardan kelgan musiqashunoslar, ijrochilar, ekspertlar alohida qayd etdi. “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida turkiy tilli davlatlar vakillari faol ishtirok etib kelayotir va sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritayotir.

Xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirishda, bir-birini yaqinroq tushunishida adabiyot va sanʼatning oʻrni va ahamiyati juda katta. Azal-azaldan turkiy tilli xalqlar ijodkorlari biri biriga ustoz, biri biriga shogird boʻlib kelgan. Alisher Navoiy ozarboyjon adabiyotining ulkan vakili Nizomiy Ganjaviyni ustoz bilgan, shu adabiyotning boshqa bir namoyandasi Muhammad Fuzuliy esa Alisher Navoiyni ustoz sifatida eʼtirof etgan. Bu anʼana zamonaviy adabiyotlarimizda ham davom etgan va davom etmoqda. Gʻafur Gʻulom va Samad Vurgʻun, ulardan keyingi avlod shoir va yozuvchilarining hamkorligi buning yorqin misolidir. Oʻzbekiston Qahramoni, atoqli shoirimiz Abdulla Oripov bu doʻstlikni shunday taʼriflagan.

Oʻzbekman, anglamay qayoqqa bordim,

Shu inja ozariy tilni, zabonni.

 

Asli Muqannaga qiyos etgulik,

Bobakning qalbidan toshgan tugʻyonni.

 

Nizomiy bolidan halvo pishurmish,

Navoiy zabt etib turkiy jahonni.

 

Bir lahza qoʻlidan qoʻyganmi oʻzbek,

Oʻzing ayt, Fuzuliy bitgan devonni.

 

Azizim, dilimda asrab yuribman

Nasimiy qoldirgan sobit imonni.

 

Vurgʻunning sheʼri deb jon cheksa oʻzbek,

Ozar ham ayarmi Gʻafurdan jonni.

Turkiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston shoir va yozuvchilarining asarlari ham oʻzbek kitobxonlarining sevimli asarlaridir. Rashod Nuri Guntekin, Aziz Nesin, Urxon Pamuk, Abay, Sobit Muqonov, Muxtor Avezov, Chingiz Aytmatov asarlarini oʻqimagan yoki ularning kitoblari asosida ishlangan film va spektakllarni koʻrmagan oʻzbek oʻquvchisi kam topilsa kerak. Ayni vaqtda Alisher Navoiy, Bobur, Ogahiy, Furqat, Muqimiy, Choʻlpon, Abdulla Qodiriy, Fitrat, Usmon Nosir, Hamza, Oybek, Gʻafur Gʻulom, Hamid Olimjon, Asqad Muxtor, Odil Yoqubov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, boshqa koʻplab oʻzbek shoir va yozuvchilarining asarlari barcha turkiy tilli davlatlarda nashr etilgan, oʻsha mamlakatlar kitobxonlarining sevimli asarlari qatoridan joy olgan.

Ijodiy hamkorlik, ustoz-shogirdlik anʼanalari musiqa, tasviriy sanʼat, amaliy sanʼat, qoʻshiqchilik sanʼati vakillari oʻrtasida ham mavjud boʻlgan. Davlatimiz rahbarining tashabbusiga binoan qoʻshni mamlakatlar bilan hamkorlik koʻlami kengaydi. Bu ijod ahlini ham mamnun etdi va ijodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi.

Aslida bir vaqtlar barcha turkiy tilli xalqlar oʻzaro tilmochsiz gaplashgan, asarlarini tarjimasiz oʻqigan. Afsuski, shunday zamonlar boʻldiki, ana shu bir tilli millatlar bir-biri bilan oʻzga til orqali gaplashishga, asarlarini boshqa til orqali tarjima qilib oʻqishga majbur boʻldi. Bu hol, tabiiyki, asarlarning mazmuniga, uning shirasiga salbiy taʼsir etdi.

Ana shularni oʻylaganda Oʻzbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashidagi oʻz oʻrnini qayta tiklayotgani barchamizni quvontiradi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bu tashabbusi har qancha tahsinga loyiq. Binobarin, mustaqil davlat degani oʻz qobigʻiga oʻralib yashash degani emas. Birlashgan oʻzar, degan naql bor xalqimizda. Uning maʼno-mazmuni juda teran. Hatto bir oila ham qoʻni-qoʻshnilarsiz, mahalla-kuy, oshna-ogʻayni, doʻstu birodarlarsiz hayot kechirishi mahol. Chunki inson bolasining yaxshi-yomon kunlari boʻlishi tabiiy. Shunday kunlarda ana shular madad boʻladi, kuniga yaraydi.

Davlat ham shunday. Bu dunyoda yakka-yolgʻiz, hech kim bilan bordi-keldi qilmay umrguzaronlik qilayotgan davlat yoʻq. Xususan, bir oilaga mansub tilda soʻzlashuvchi davlatlarning hamkorligi juda katta ahamiyatga ega. Bu hamkorlik biz uchun ham, qardosh davlatlar xalqlari uchun ham nihoyatda muhim. Chunki bebaho, benazir boy merosimizni ularga, ular orqali jahonga namoyish etish imkoni tugʻiladi. Ayni chogʻda xalqimiz qardoshlarimizning tarixi, merosi bilan tanishadi. Eng muhimi, hamkorlik, bordi-keldilar izchillik kasb etsa oʻzbek, ozarboyjon, turk, qozoq, qirgʻiz va boshqa turkiy tilli millatlar oʻzaro bevosita, tilmochsiz muloqot qilish imkoniyatiga ega boʻladi. Suhbatu muloqotlar bardavom boʻlsa deyarli esimizdan chiqayozgan aslida tilimizning bir shevasi kabi yaqin boʻlgan tillar qulogʻimizga, ongimizga singadi, talaffuzi sal boshqacharoq, biroq oʻzagi bir tillarni bemalol tushunamiz va shu tillarda gaplasha olamiz. Zero, turkiy tilli millatlarning tomiri, ildizi tutash, ular bir-biridan quvvat oladi, bir-birini toʻldiradi. Bu tomirlar juda chuqur ketgan. Bugungi eʼtibor tufayli ana shu teran tomirlarga yangi quvvat indi. Bu ularni yanada baquvvat, yana ham mustahkam qiladi.

 

Mamatqul HAZRATQULOV (“Xalq soʻzi“).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?