Teatrlar qishki taʼtil vaqtida qanday spektakllarni namoyish etmoqchi?

16:21 23 Dekabr 2019 Madaniyat
283 0

Yangi yil yaqin. Hademay oʻquvchilarning qishki taʼtili boshlanadi. Kimdir ota-onasi bilan birga mehmondorchilikka bormoqchi, yana kimdir vaqtini doʻstlari davrasida oʻtkazish niyatida. Boshqa birov shahar markazida bezatilgan Yangi yil archasini koʻrishga, qorbobo va qorqizning sovgʻalaridan bahramand boʻlishga otlanadi.

Shu kunlarda yurtimiz teatrlarida namoyish etilayotgan spektakllar ham yigit-qizlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishda alohida ahamiyat kasb etmoqda. Chunonchi, Oʻzbek Milliy akademik drama teatrida yosh tomoshabinlar eʼtiboriga havola etilayotgan “12 oy” nomli spektakl koʻpchilikda qiziqish uygʻotmoqda.

— Mazkur repertuarimiz orqali, avvalo, vaqtni maqsadli sarflash, doʻstlikni ulugʻlash hamda ezgulikning hamisha yovuzlik ustidan gʻalaba qozonishini oddiy va hayotiy misollar yordamida ifodalashga harakat qildik, — deydi spektakl rejissyori Nodira Mahmudova. — Samuil Marshakning ertak-dramasi asosida tayyorlangan bu sahna asari nafaqat mazmuni, balki aktyorlarning mahoratli ijrosi, sahna bezaklari va liboslardagi koʻrkamlik bilan ham tomoshabinlarga bayramona kayfiyat ulashadi.

Madaniyat vazirligi maʼlumotlariga koʻra, bunday spektakllar mamlakatimizning barcha hududidagi teatrlarda namoyish qilinmoqda. Xususan, Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatrida “Sehrli oʻrmondagi Yangi yil”, Andijon viloyatidagi yoshlar teatrida “Sahrodagi qor”, Qashqadaryo viloyatidagi musiqali drama teatrida “Qoʻngʻiroqli aldoqchi”, Jizzax viloyati qoʻgʻirchoq teatrida “Asl qorbobo yoki yoʻqotilgan vaqt”, Buxoro viloyati musiqali drama teatrida “Qorqizning oʻgʻirlanishi”, Samarqand viloyati qoʻgʻirchoq teatrida “Qorbobo Marsga boradi”, Fargʻona viloyati rus drama teatrida “Novogodneye predstavleniye” nomli asarlar yosh tomoshabinlarga taqdim etilyapti.

Bunday spektakllar 10-yanvarga qadar oʻtkaziladi.

Muhammadjon AHMADJONOV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?