Tarixiy Toshkent kinofestivali qayta tiklanishi mumkin

10:34 26 Sentyabr 2019 Madaniyat
355 0

Bu haqda “Oʻzbek kinosi: kecha va bugun, muammolar va istiqbol” mavzusidagi forumda takliflar bildirildi.

Yaqinda “Oʻzbekkino” Milliy agentligi, Oʻzbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari Milliy assotsiatsiyasi hamkorligida “Oʻzbek kinosi kecha va bugun: muammolar va istiqbol” mavzusida kinoijodkorlar forumi boʻlib oʻtdi. Unda tegishli vazirliklar va idoralar mutasaddilari, kinoshunoslar, davlat va xususiy kinostudiyalar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Ushbu ijodiy konferensiya ochiq muloqot tarzida tashkil etildi. Unda kinoijodkorlar milliy kino sohasida keyingi yillarda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar, qoʻlga kiritilayotgan yutuqlar, yechimini kutayotgan muammolar xususida oʻz fikr-mulohazalarini bildirishdi.

“Kino sanʼatning eng ommabop va taʼsirchan turi ekanini barchamiz yaxshi bilamiz, - deydi “Oʻzbekkino” Milliy agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov. – Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev oʻzbek kinosini zamonaviy talablar nuqtayi nazaridan taraqqiy ettirish, mavjud muammolarni bartaraf etish, bu borada jahon kinematografiyasining ilgʻor yutuqlarini oʻrganish va joriy etishni kinoijodkorlar oldiga muhim vazifa qilib qoʻymoqda. Bugungi yigʻilishdan maqsad taniqli kino arboblari bilan birgalikda sohaning bugungi holatini xolisona tahlil qilish, mavjud kamchiliklarga birgalikda yechim topish, jahon talablariga mos ekran asarlarini yaratish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solish yuzasidan taklif va mulohazalarni oʻrganishdan iborat.

Tadbirda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston xalq artistlari Baxtiyor Ixtiyorov, Xayrulla Saʼdullayev, Gulchehra Jamilova, Rajab Adashev, Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi Zulfiqor Musoqov, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Saida Rametova, “Oʻzbekkino” Milliy agentligi bosh direktorining birinchi oʻrinbosari Shuhrat Rizayev, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi raisining oʻrinbosari Gʻayrat Majid va boshqalar oʻzbek kinosidagi bugungi kamchiliklar va ularning yechimi yuzasidan oʻz takliflarini bildirishdi.

Taʼkidlanganidek, bugungi kun talablariga mos kinoasarlar yaratish eng avvalo katta moliyaviy mablagʻni, shuningdek, professional yondashuvni, puxta yozilgan ssenariy, rejissyor va aktyorlarning mashaqqatli va mahoratli mehnatini talab qiladi. Afsuski, juda koʻp filmlar juda qisqa fursatda, oz miqdordagi moliyaviy mablagʻ evaziga suratga tushirilmoqda. Bu esa, albatta film sifatiga taʼsir koʻrsatadi. Qolaversa, koʻp muammolar kadrlarning malakasi, tajribasiga borib taqaladi. Shu bois kino sohasidagi taʼlim tizimini qayta koʻrib chiqish, malakali mutaxassislar tayyorlaydigan xorijiy oʻquv yurtlari bilan hamkorlikni rivojlantirish lozim. Shuningdek, yangi suratga olinayotgan filmlar targʻiboti ham bugungi kun talablariga toʻgʻri kelmaydi.

Kelgusida mavjud muammolarni hal qilish uchun kinostudiyalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, yoshlarimizni xorijiy oʻquv yurtlari, xususan Butunrossiya davlat kinematografiya institutiga yuborish, milliy kino mahsulotlarining xorijiy kinofestivallardagi ishtirokini taʼminlash yuzasidan takliflar oʻrganib chiqilmoqda. Yaqinda dunyoga mashhur Oskar mukofoti uchun milliy filmlarimizni yoʻnaltirishga qaratilgan, taniqli sanʼat arboblarini oʻz ichiga olgan “Oskar” qoʻmitasi tashkil qilindi.

Maʼlumki 1968-1988-yillarda poytaxtimizda Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlari kinofestivali oʻtkazilgan. 20 yil davomida har ikki yilda marotaba oʻtkazib kelingan ushbu sanʼat bayramida oʻnlab mamlakatdan yuzlab kinoijodkorlar oʻz ijod namunalari bilan ishtirok etishgan. Anjumanda mazkur kinofestival tarixiga bagʻishlangan videorolik namoyish qilindi. Anjuman ishtirokchilari mazkur kinofestivalni qayta tiklash yuzasidan ham taklif bildirishdi.

Forumda oʻzbek kinosining oʻtmishi va bugungi kunda erishayotgan yutuqlarini aks ettirgan videoroliklar namoyish qilindi. Xususan, oʻzbek kinosining asoschisi Xudoyberganov Devonov tomonidan oʻtgan asrning boshlarida Xiva xonligida suratga olingan tarixiy videolavhalar, “Nasriddin Buxoroda”, “Alisher Navoiy”, “Tohir va Zuhra”, “Sen yetim emassan”, “Maftuningman”, “Yettinchi oʻq”, “41-yil olmalari”, “Sevishganlar”, “Suyunchi”, “Shum bola”, “Yor-yor”, “Mahallada duv-duv gap” singari filmlardan lavhalar koʻrsatildi.

Shuningdek, forum doirasida yaqinda Rossiyaning “Kinoshok” festivalida gran-pri mukofotga sazovor boʻlgan “Issiq non” filmi ijodkorlarini taqdirlash marosimi ham oʻtkazildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?