“Tank biatloni” musobaqasining yakka poygadagi sharti boʻyicha eng yaxshi ekipaj aʼzolari taqdirlandi

09:59 15 Avgust 2019 Jamiyat
33 0

Kecha Moskva viloyatining “Patriot” parkida “Tank biatloni” musobaqasining yakka poygadagi eng yaxshi ekipaj aʼzolari taqdirlandi. Quvonarlisi, mukofotlanganlar ichida mazkur musobaqada ilk bor ishtirok etayotgan Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi jamoasining bir guruh vakillari ham bor. Bu haqda vazirlik Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Maʼlumki, “Tank biatloni” musobaqasining birinchi bosqichida 3 ta ekipajning har biri alohida-alohida gʻoliblik sari kurash olib borgan edi. Oʻsha bahslarda oʻz mahoratini sinovdan oʻtkazib, hakamlar hayʼati va muxlislar olqishiga sazovor boʻlgan harbiy xizmatchilar bugun munosib baholandi.

Oʻzbekistonlik harbiy xizmatchilar “Yakka poygadagi eng yaxshi ekipaj aʼzolari” yoʻnalishi boʻyicha biratoʻla ikkita oʻrinni band etishdi. Shuningdek, mexanik-haydovchilarning mahorati ham alohida eʼtirof etilib, nominatsiya sohibi boʻldi.

Eslatib oʻtamiz, bugun, 15-avgust kuni, Moskva vaqti bilan 11:00 da yurtdoshlarimiz ishtirokidagi “Tank biatloni” musobaqasining final bahsi boʻlib oʻtadi. Ishonamizki, ushbu hal qiluvchi bahsda ham vakillarimiz bildirilgan ishonchni oqlab, yurtimizga yorugʻ yuz bilan kirib borishadi.

Saytimizni kuzatib boring, biz final bahsining tafsilotlarini onlayn xabar tarzida yoritib boramiz.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?