Taniqli olim, Nobel mukofoti sovrindori oʻzbekistonlik talabalarga maʼruza oʻtadi

13:38 10 Oktyabr 2018 Jamiyat
528 0
Foto: ari24.com

Oʻzbekiston milliy universiteti rahbariyatining rasmiy taklifiga binoan Shimoliy Karolina universiteti (AQSH) Biokimyo va biofizika professori, 2015 yil Nobel mukofoti sovrindori Aziz Sanjar 2018 yilning 15-22 oktyabr kunlari Oʻzbekiston tashrif buyuradi.

Tashrif doirasida Oʻzbekiston oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri, Turkiya Respublikasining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi, OʻzMU rektori, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari bilan uchrashuv hamda Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) Toshkent vakolatxonasiga tashrif rejalashtirilgan.

Tashrifning ikkinchi kuni OʻzMUda “Aziz Sanjar: sarhadsiz bilim ichra kechgan hayot” deb nomlangan xalqaro ilmi anjuman oʻtkazilishi rejalashtirilgan boʻlib, unda respublika hamda xorijiy davlatlardan yetakchi olimlar, Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi, vazirliklar va elchixonalar vakillari ishtirok etadi.

Konferensiya doirasida professor Aziz Sanjar OʻzMU Faxriy doktori unvoni taqdim etilishi koʻzda tutilgan. Mazkur konferensiya olimning hayoti va ijodiga bagʻishlanadi.

Tashrif davomida professor Aziz Sanjar bakalavriat, magistratura, doktorantura tahsil oluvchilari va tadqiqotchilarga “DNKning tiklanishi, saraton va kimyoviy davolash” mavzusida onlayn maʼruza oʻtadi. Mazkur maʼruza respublikaning barcha OTMlari videokonferensiya studiyalarida translyatsiya qilinadi.

Shuningdek, professor Aziz Sanjarning “Fan va milliy taraqqiyot” mavzusida Oʻzbekiston yosh olimlariga murojaati rejalashtirilgan.

Bundan tashqari? olim OʻzMUning Tarmoqlararo molekulyar biologiya laboratoriyasining ochilish marosimida ishtirok etadi.

Shuningdek, Aziz Sanjar Urganch, Xiva, Buxoro va Samarqand shaharlarining tarixiy meʼmoriy obidalarini ziyorat qiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?