Talabalar anʼanaviy taʼlimga qaytishiga soʻrovnoma va OTM imkoniyatlaridan kelib chiqib ruxsat etiladi

12:37 18 Oktyabr 2020 Jamiyat
2217 0

2020-yil 17-oktyabr kuni Bosh vazir oʻrinbosari Behzod Musayev rahbarligida oliy taʼlim muassasalarida oʻquv jarayonlarni tashkil etish masalalari muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Yigʻilishda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri oʻrinbosari Uzoqboy Begimqulov bugungi kunda OTMlarda masofaviy taʼlimning olib borilishi monitoringi natijalari toʻgʻrisida, mavjud muammolar va ularning yechimlari borasida vazirlik tomonidan koʻrilayotgan choralar haqida maʼlumot berib oʻtdi.

Muhokamalarda oliy taʼlim muassasalarida anʼanaviy taʼlimga qaytish imkoniyatlari masalasi ham koʻrib chiqildi hamda OTM rektorlariga bu boʻyicha qator vazifalar belgilab berildi.

Jumladan, oliy taʼlim tizimida anʼanaviy darslarga qaytishda, avvalo, talabalar va ularning ota-onalari oʻrtasida soʻrovnomalar oʻtkaziladi. Shuningdek, OTM tomonidan muassasa imkoniyatlari tahlil qilinadi, sanitariya-epidemiologiya talablari asosida oʻquv jarayonlarini tashkil etish, talabalar salomatligini xavf ostiga qoʻymasdan talabalar turar joylari faoliyatini tiklash imkoniyatlari koʻrib chiqiladi.

Bu borada yakuniy qaror oliy taʼlim muassasalari kengashi tomonidan talabalar, ularning ota-onalari takliflarini inobatga olgan holda sanitariya-epidemiologiya xizmati tegishli xulosasi asosida qabul qilinadi.

Soʻrovnomalar natijalariga koʻra hamda OTM imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda respublikadagi oliy taʼlim muassasalarida anʼanaviy taʼlim shakliga ruxsat etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?